Bolasini bag‘riga bosgan onadan baxtiyor inson yo‘q

Har qanday davlatning poydevorini Konstitutsiya va unga tenglashtirilgan huquqiy hujjatlar tashkil etadi. Unda xalq manfaati, farovon hayoti, yorug‘ kelajagi, huquq va imkoniyatlari aks etadi. Bilim olish, erkin ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish, el-yurt ravnaqi yo‘lida mehnat qilish, o‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini yuksaltirish uchun barcha shart-sharoitlar kafolatlanadi.

Xususan, 25 yildirki, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning farovon turmushini Bosh qomusimizdan ayri tasavvur etolmaymiz. Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tushunchalari, o‘zaro insonparvarlik, bolaparvarlik va vatanparvarlik xislatlari Asosiy qonunimiz sabab shakllangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, Konstitutsiyamiz qamrovi shu darajada kengki, unda biror soha yoki fuqarolarni mushkul vaziyatga solib qo‘yadigan holat huquqiy himoyaga olingan. Inson huquq va erkinliklari kafolati moddama modda belgilangan.

Shu yilning 7 dekabr kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi tantanalariga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, “Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir”.

Darhaqiqat, ushbu nutqda Prezidentimiz bir yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zladi. Shuningdek, mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz tinchligi, turmushimiz farovonligi yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan dolzarb ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Qonun ustuvorligini qat’iy ta’minlash, adolatli jamiyatni barpo etish, yoshlarning ta’lim olishi, kelajakda ma’nan va jismonan sog‘lom avlod bo‘lib voyaga yetishi xususida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida qimmatli maslahatlarni berdi. Shuningdek, xalq bilan muloqot qilish, ularning og‘irini yengil qilishdek ezgu va mas’uliyatli ish yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi. Ayniqsa, Prezidentimizning “Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur” degan da’vati xalqimizning ko‘nglidagi orzu-umidlarining tarannumiday yangradi.

Mazkur ma’ruza o‘zining xalqchil, kishilarning orzu-maqsadlari bilan uyg‘un ekani bilan yanada ahamiyatlidir. Biz ham ushbu ma’ruzadan kelib chiqib, o‘z oldimizga mas’uliyatli vazifalarni belgilab oldik.

Xalqimiz buguniga shukur qilib, ertasiga umid bilan boqadi. Bu bizga ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan o‘lmas an’anaga aylangan. Har bir o‘zbek borki, bolalarim sog‘-salomat bo‘lsa, ular bizdan-da kuchli, bizdanda bilimli, bizdan-da baxtli bo‘lsa, degan orzu-o‘y bilan yashaydi. Shu yo‘lda tinim bilmay mehnat qiladi. Xalqimiz istaklarini inobatga olib, biz ham ularga ezgu yo‘lida ko‘makchi bo‘lishga tayyormiz. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi 2018 yilda o‘z maqsad va vazifalarini yangi bosqichga olib chiqishga tayyor.

Yana o‘qing:  Farzand – qutlug‘ ne’mat

O‘z bolasini sog‘-salomat bag‘riga bosib turgan onadan baxtiyorroq inson yo‘q. Bolasining kamolidan sevinmaydigan otani esa topish juda mushkul. Darhaqiqat, o‘zbek xalqi bolam deb yashaydi. O‘zining kelajagini bolasi siymosida gavdalantiradi. Buni dildan his qilgan Prezidentimiz mamlakatimizda ona va bola salomatligini asrash, jajji avlodning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi. Ta’lim sifati oshdi. Insonlar salomatligini asrash maqsadida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi. Ammo bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali talaygina ekanini zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga ko‘tarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz bo‘lib qoladi. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish bo‘yicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur”.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi har yili insonlar salomatligini saqlash, kam ta’minlagan, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni zaruriy dori-darmon vositalari bilan ta’minlab kelmoqda. Mamlakatimizning chekka va ekologik noqulay hududlarida istiqomat qiluvchi aholini ijtimoiy muhofazaga olish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik poyezdi” ham har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Navoiy viloyatlarida bo‘lib, olis va yashash noqulay hududlar aholisini nogironlik aravachalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kerakli tibbiyot vositalari bilan ta’minlamoqda. “Mehribonlik” uylari bilan doimiy hamkorlikda tasviriy san’at, sport va san’at yo‘nalishlarida turli ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, iqtidorli bolalar rag‘batlantirilmoqda.

Shuningdek, fond xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni ham yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Xususan, tug‘ma yurak nuqsoni, kuyishdan qolgan asorati bor bolalarni chet elda davolash ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xorijning rivojlangan tibbiyot muassasalarida jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan ko‘plab yurtimiz bolalari bugun sog‘-salomat ta’lim olmoqda, sport bilan shug‘ulanmoqda. Erkin ijodiy faoliyat yuritib, el-yurt manfaati yo‘lida kamarbastalik qilib kelmoqda.

Ushbu ezgu ishlarni 2018 yilda ham davom ettirib xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholining ijtimoiy muhofazasini mustahkamlashdek mas’uliyatli va amaliy ishlar yo‘lini davom ettiramiz. Zero, el-yurt manfaati, ularning salomatligi, yurt tinchligi va istiqbolidan ortiq baxt yo‘q, dunyoda.

Yana o‘qing:  Musiqa yaratuvchi “sun’iy aql”

Bunga esa faqat va faqat xalq bilan yelkama yelka turib, ularning dardu tashvishlariga quloq tutib, og‘irini yengil qilib erishish mumkin. Ana o‘shanda har bir fuqaro farzandlari taqdiri, kelajak rejalari, oilasi farovonligi haqida atroflicha o‘ylashga, mushohada yuritishga vaqt topadi. O‘ziga bo‘lgan mas’ullik hissi ortadi. Buning uchun esa ruh va tan sog‘lom bo‘lmog‘i lozim.

Shunday ekan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz uchun eng katta boylik bo‘lgan aholi salomatligini saqlashga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanishi lozim.

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: