Kapalakning taqdiri
Quyosh tikkaga kelguncha dalada mehnat qilgan dehqon tolning huzurbaxsh soyasida tushlik qilayotib chayla devoridagi kapalak pillasiga ko‘zi tushib qoldi.
“Bu dunyoda o‘zgarishdan bo‘lak go‘zallik yo‘qligiga ishonadigan yagona jonzot kapalak bo‘lsa kerak”, deb xayolidan o‘tkazdi dehqon. Pilladan ko‘z uzmay uni kuzatar ekan, u mo‘jazgina borliqning harakatlanayotganini payqab qoldi.
Kapalak shabada o‘ynayotgan nafis pillasining uchidagi yirtiqdan tashqariga chiqishga urinar edi. Dehqon bu nochor xilqatning harakatini tomosha qilar ekan, nozikkina jussasini yorug‘ olamga olib o‘tishga urinayotgan kapalakka rahmi keldi. Kapalak esa tinmay g‘imirlar edi. Oxiri toqati toq bo‘lgan oqko‘ngil kishi pillani qadoq bosgan qo‘liga olib undagi kichkina teshikni ehtiyotkorlik bilan kattalashtirdi.
Shunda kapalak pillaning ichidan osonlik bilan chiqib keldi. Biroq, uning nimjon qanotlari hanuz qovjiragan, burishgan holatda bo‘lgani bois parvoz qila olmadi. Havo malikasiga yordami tekkan dehqon nihoyatda xursand, u bejirim qanotchalarning tezroq uchishini istar edi. Biroq, bunday bo‘lmadi.
Garchi, yaxshilik sog‘ingan bo‘lsa ham, bu inson tabiat kapalakka ravo ko‘rgan bir qonuniyatni bilmas edi: kapalak azobdek tuyilgan mashaqqatda qanotlarini chiniqtirishi uchun ham tabiat uni pillaning mitti teshigidan chiqishga majburlaydi. Odamning yordami sababli kapalak endi bor umrini qanotlarini sudrab o‘tkazishga mahkum bo‘lgan edi.
Qissadan hissa shuki, hayot mashaqqatlari aslida bizning imkoniyatimiz, iqtidorimiz yuzaga chiqishiga, kuchli bo‘lib ulg‘ayishimizga xizmat qiladi. Ko‘pincha odamlar ham bir-birlariga bilib-bilmay, rahmlari kelib yordam berib, ularni bir umrga majruh qilib qo‘yadilar.
Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi