Uyquchilar “nishonda”
Ko‘pchiligimiz uchun tongda uyg‘onish qiyin ish. Ixtirochilar esa har doim izlanishda. Ular bu safar «Nishonli soat»ni o‘ylab topishdi.
Bu soatlar yordamida uyg‘onish rostdan ham qiziqarli bo‘lsa kerak. Chunki uyqudan turishdek qiyin ish o‘yin bilan boshlanadi.
Yangilikning «nishonli» deb nomlanishiga sabab, unga lazerli to‘pponcha yordamida o‘q uzish mumkin, soatning tepa qismiga esa nishon ham o‘rnatilgan. Lazer nurini nishonga to‘g‘ri yo‘naltira olsangiz, soatning ovozi ham o‘chadi, qulog‘ingiz ham tinchiydi. Lekin, bu ishni bir martada bajarish o‘ta mushkul ish.
Agar, nishonni to‘g‘ri ko‘zlay olmasangiz, uzoqdagi soatni uning oldiga borib o‘chirishga majbur bo‘lasiz. Biroq, har ikkala holatda ham uyqudan uyg‘onishingiz kafolatlangan…
Shu bilan birga, bu soatdan o‘yin sifatida foydalanib, nishonga olish qobiliyatingizni ham oshirishingiz mumkin.