An’anaga aylangan turnir yosh iqtidor egalarini kashf etdi

Bugungi yoshlarga havas qilsa arziydi. Yurtimizning eng olis shaharu qishloqlarida zamon talablari asosida barpo etilgan va jihozlangan sport inshootlari ko‘zni quvontiradi.

Bu mamlakatimizda yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, aholining farovon turmush tarzi, munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.

Quvonarlisi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan ham bu borada qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fond tomonidan tashkillashtirilayotgan turli sport va san’at festivalari yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ular salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida “Sog‘lom avlod uchun” fondi kubogi uchun” XIV respublika turnirining o‘tkazilishi ushbu ezgu ananalarning mantiqiy davomi deyish mumkin. Ushbu musobaqa mana bir necha yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda stol tennisi federatsiyasi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

– Bu galgi bellashuvlarning quyi bosqichlari barcha ta’lim muassasalarida yuqori saviyada tashkil etilib, har bir bosqichda eng kuchli va mahoratli sportchilar aniqlandi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tashkiliy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i Firdavs Xoliqov. – An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqaning joriy yilgi respublika bosqichida 56 nafar o‘g‘il-qiz g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi.

Muhammadamin ABDURASULOV,

musobaqa g‘olibi, Buxoro viloyati:

Bugun yurtimizda biz yoshlarning ta’lim olishimiz, sport bilan muntazam shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu g‘amxo‘rliklarga javoban sport, ta’lim sohasida qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqdamiz.

Mazkur musobaqada g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Turnir kelgusida xalqaro sport anjumanlarida ham munosib qatnashishimiz uchun poydevor vazifasini o‘taydi, deb o‘ylayman.

Robiya MAHMUDOVA,

“Eng yosh o‘yinchi” nominatsiyasi g‘olibi, Toshkent shahri:

Stol tennisi bilan shug‘ullanayotganimga bir yil bo‘ldi. Darsdan so‘ng tengdoshlarim bilan Uchtepa tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabining stol tennisi to‘garagiga qatnaymiz. Sentyabr oyida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdim. Bugungi natijamdan xursandman. Murabbiyimning ishtirokimdan ko‘ngli to‘lganini ko‘rib, quvonchim ichimga sig‘mayapti. Kelgusida qit’a va jahon chempionati, yozgi Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lishni niyat qilganman.

Yana o‘qing:  SIZ TARIXNI BILASIZMI?..

Nursaid NURULLAYEV,

“Eng tezkor o‘yinchi” nominatsiyasi g‘olibi, Sirdaryo viloyati

Viloyat birinchiliklarida muvaffaqiyatli qatnashgan bo‘lsamda, tengdoshlarim o‘rtasidagi bunday yirik musobaqada ilk bor ishtirok etmoqdaman. Shuning uchun murabbiyimiz bilan bahslarga puxta tayyorgarlik ko‘rdim, mashg‘ulotlarda mahoratimni oshirdim.

Aytish mumkinki, bellashuvlar keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Musabaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yangi do‘stlar orttirganimdan xursandman.

Komronbek ShOMURATOV, Xorazm viloyati

Yurtimizda barcha sport turlari qatori stol tennisi ham jadallik bilan rivojlanmoqda. Sportchi aka-opalarimizning xalqaro turnirlarda qayd etayotgan natijalari ham yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Jumladan, 2014 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida mahoratli atletimiz Zohil Kenjayevning ishtiroki muxlisu mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi.

Men ham xuddi bu iqtidorli sportchiga o‘xshab kelajakda yirik xalqaro musobqalarda ona Vatanim sharafini munosib himoya qilishni maqsad qilganman. Bu yo‘lda bugungi musobaqa muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: