Yurt istiqboli, el iqboli – baxtli yashash kafolati

Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Asosiy qonunimiz fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalarning shakllanishi, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi, saylov tizimining asosiy tamoyil va qoidalarini mustahkamladi. Bosh Qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalishiga, hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan samarali islohotlarga asos bo‘ldi. Fuqarolarimiz huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning siyosiy faolligini oshirishda ham Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidlash joiz.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita ishtirokida tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o‘z maqomi, tuzilishi, yo‘nalishi hamda asosiy tamoyillari, yaxlit mundarijasi, ya’ni muqaddimasidan boshlab so‘nggi moddasiga qadar mustaqillik va istiqlol ruhi, demokratik tamaddun mazmuni bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, demokratik huquqiy davlat qurish hamda jamiyatni umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etishda, shubhasiz, Konstitutsiyaning tutgan o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanligini e’tibordan qoldirmaslik zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi dunyoning 100 dan ortiq konstitutsiyalarini o‘rganish asosida va ularning eng ilg‘or tajribalarini hisobga olib, umuminsoniy nuqtai nazardan e’tirof etilgan xalqaro huquq normalariga asosan, shuningdek, xalqimizning boy o‘tmishi va tarixini e’tiborga olgan holda azaliy urf-odatlarimiz va an’analarimizdan kelib chiqib qabul qilingan va u xorijiy mutaxassislar tomonidan dunyoning eng demokratik konstitutsiyalaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning o‘zaro siyosiy-huquqiy mas’ulligi prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan bo‘lib, unda ilk bor inson huquqlari kategoriyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan.

Inson huquqlarining yangi konsepsiyasi konstitutsiyaviy qonunchiligimizda o‘z yuridik tasdig‘ini topgan bo‘lib, ular O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi sifatida muayyan prinsiplarga tayanadi.

Shuningdek, Konstitutsiyada demokratik huquq va erkinliklar davlat tomonidan muhofaza qilinishi alohida e’tirof etilgan. 13-moddaning 2-qismida demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, 19-moddada fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi qonuniy mustahkamlangan.

Yana o‘qing:  Mehr ifori

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaning 13-moddasida ko‘rsatib o‘tilganday “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi. Ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. Bosh Qomusimizning 19-moddasida esa fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi ta’kidlangan.

Konstitutsiyamizning 24-moddasida esa “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, deyilgan. Haqiqatdan ham hayot insonga ato etilgan eng buyuk ne’matdir. Undan mahrum etish esa insonparvarlikka ziddir. Jinoiy jazoni liberallashtirish borasidagi muhim yutuqlarimizdan biri mamlakatimizda 2008 yilning 1 yanvaridan jinoiy jazo sifatida o‘lim jazosi bekor qilindi. Uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi insonning yashash huquqini e’lon qiluvchi umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar va me’yorlardan kelib chiqqan.

Ma’lumki, konstitutsiyaviy huquq maqomi tizimida so‘z va e’tiqod erkinligi muhim o‘rin tutadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini liberallashtirishga, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Lekin, har qanday demokratik jamiyatda demokratiyaning bu shartlari amaldagi qonunlarga asosan, o‘z chegara me’yor va mezonlariga egadir.

Konstitutsiyaning muhim jihatlaridan yana biri, fuqarolarga berilgan ijtimoiy huquqlarning qonuniy mustahkamlanganligidir. Asosiy Qonunimizning 39-moddasida “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan.

Asosiy Qonunimizda bilim olish huquqi masalalariga alohida e’tibor berilib: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”, deyilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Bosh Qomusimizning muqaddimasidan oxirgi moddasigacha mustaqillik, demokratiya, inson huquqlari va Vatan ravnaqi g‘oyalari mustahkam o‘rin olgan.

Muxtasar qilib aytganda, Konstitutsiyamiz mustaqil davlatimizning buyuk kelajak sari intilishining huquqiy poydevori va inson huquqlarini himoya qilish hamda samarali ta’minlashning huquqiy kafolati hisoblanadi.

Vohidjon TOPILDIYEV,

yuridik fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: