Kichkintoylarning katta musobaqasi
Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha an’anaviy «Kichkintoy» xalqaro bolalar musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sportni ommalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda sportning qizlarga xos nafis turi – badiiy gimnastika jadal rivojlanmoqda. Bundan o‘n yil oldin badiiy gimnastika bilan 1600 nafar qiz shug‘ullangan bo‘lsa, hozirda ularning safi 35 ming nafardan oshdi.
«Kichkintoy» xalqaro bolalar musobaqasi badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish, qizlarni bolaligidan sportga oshno etish maqsadida tashkil qilindi. Unda 350 nafardan ziyod gimnastikachi qiz yakkalik, juftlik, trio, kvartet va guruh bahslarida o‘z mahoratini namoyish etdi. Musobaqada ishtirokchilarga gimnastika anjomlari, musiqa va libos tanlashda erkinlik berilgani bois kompozitsiya va dasturlar g‘oyat rang-barang bo‘ldi. Yosh gimnastikachilar o‘zlari sevgan ertak va multfilmlar qahramonlari timsollarini gimnastikaning jozibador va murakkab elementlari orqali ifoda etdi.
Yakkaliklar bahsida poytaxtlik Zulfiya Isroilova, Adelina Omarova, Oysha Bobomatova, Valeriya Shumilina, Toshkent viloyatidan Mohina Abduxalilova, buxorolik Madina Shirinova, navoiylik Mehribonu Shonazarova, sirdaryolik Gulsanam Musurmonqulova, samarqandlik Dinora Sattorova, qashqadaryolik Sevinch Choriyeva singari iqtidorli gimnastikachilar g‘olib bo‘ldi.
Gimnastikachi qizlar ijro etgan yigirmadan ziyod kompozitsiya, ayniqsa, poytaxtlik qizlarning «Quvnoq orkestr», «Poppuri», bekobodliklarning «Sirk, sirk, sirk», qarshiliklarning «Qo‘g‘irchoq», buxoroliklarning «To‘rt go‘zal», karmanaliklarning «Jo‘jalar», navoiyliklarning «Choyxona», nukusliklarning «Nafosat» singari dasturlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Mamlakatimizning barcha hududida qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng sharoit yaratilgani «Kichkintoy» kabi musobaqalar saviyasining yanada oshishiga, qizlar o‘rtasida badiiy gimnastikani ommalashtirishga xizmat qilmoqda, – deydi musobaqa bosh hakami Yekaterina Safronova. – Mazkur xalqaro musobaqa ko‘plab iste’dodli qizlarni kashf etgani kelgusi musobaqalarda mamlakatimiz terma jamoasi safini salohiyatli gimnastikachi qizlar bilan kengaytirish imkonini beradi.
Gimnastika bayrami ishtirokchilari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zA.