Protein moddalar xatari
Insonlar o‘z salomatliklarini asrash, kasalliklarning oldini olish yo‘lida ko‘z ko‘rib-quloq eshitmagan tadbirlarni qo‘llashadi-yu, ammo kishi sog‘lig‘i uchun asosiy xatar va zarba qaysi tomondan kelishi haqida uncha bosh qotirmaydi. “Inson o‘z salomatligining dushmanidir”, degan gap bejiz aytilmagan.
Afsuski, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan protein moddalari, dastavval, 1934-yilda amerikalik olim K. Rendir tomonidan sport tibbiyotiga olib kirilgan edi. Bu moddani kashf etishdan ko‘zlangan maqsad sportning eng og‘ir turlari bilan shug‘ullanuvchilarga kuchni qayta tiklovchi maxsus vaksina sifatida qo‘llanilgan. Biroq vaqt o‘tib, protein moddalari takomillashib, sportchi va turli yoshdagi aholi o‘rtasida keng tarqala bordi. Aslida protein kukunlari inson organizmi uchun oqsil komponentini o‘tab beruvchi dori turi hisoblanadi. Ammo bunday moddalarni shifokor yoki mutaxassis tavsiyasisiz me’yordan oshiq qabul qilish jiddiy oqibatlarga olib keladi.
– Protein moddalari, dastavval, jigar va buyraklarda moddalar almashinuviga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yosh qizlarning erta balog‘atga yetishi va boshqa ko‘pgina kasalliklarning kelib chiqishiga olib keladi, – deydi professor Murodali To‘ychiboyev.
– Protein moddalari muntazam ishlatilishi erta qarishga olib keladi. Bunga sabab, tashqaridan moddalar kirib kelishi natijasida organizmdagi zarur gormonal statusning pasayib ketishidir. Shuning uchun ham teri va quloqlar osilib, yog‘ bosib, harakat cheklanib qoladi, – deydi urolog Qo‘chqor Dehqonov.
– To‘g‘ri, protein moddalari terini taranglashtiradi. Natijada teri to‘qimalari orasi ochilish holati kuzatiladi. Struktura buziladi. Bunda teri orasida oq-oq chiziqlar hosil bo‘ladi (bu holat tibbiyotda striya deyiladi). Ikkinchi salbiy tomoni, allergik reaksiyalar paydo bo‘lishi va natijada terida qaytmas allergik reaksiyalar, har xil shishlar paydo bo‘lishi kuzatiladi, – deydi endokrinolog Feruza Mirhaydarova.
Bugun yoshlarimiz sportning Bodibilding turi bilan shug‘ullanishlari yaxshi, ham salomat, ham alpqomat bo‘ladi. Ammo devqomatlikka qiziqib, mushaklarni kengaytirish va taranglashtirish maqsadida har xil bo‘tqa hamda protein dori vositalaridan foydalanish salomatlik uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
– O‘zim bunga qarshiman. Undan foydalanadigan tanishlarim bor. Iste’mol qilgandan keyin shishib ketishadi. Bora-bora teri osilib qoladi, – deydi talaba Akmal Umarov.
– Mening nazarimda bu foydali. Chunki protein kukunlarini qabul qilgandan keyin qomat o‘zgaradi. O‘rtoqlarim doimiy ravishda qabul qilishadi, – dedi talaba Muxsinjon Azimov.
Sport do‘konlarida sotilayotgan bu turdagi preparat va tabletkalar hamda ko‘rinishi bug‘doy uni sifat kreatin kukunlarini inson salomatligiga hech qanday xavf tug‘dirmaydi deb, kim kafolat bera oladi? Afsuski, bu kabi moddalarni iste’mol qilgandan so‘ng yosh organizm ruhiyatidagina emas, balki yurak, qon-tomiri va oshqozon-ichak tizimida ham jiddiy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Shuningdek, oshqozon-ichak tizimida ham turli o‘zgarishlar seziladi. Muqovasiga turli xil devqomat odamlarning surati tushirilgan bu kabi kukunlar yoshlarning ishtiyoqini hamda qiziqishini orttirishi bilan bir qatorda, ularda boshqalarga nisbatan zo‘rlik qilish, janjalkashlik xislatlarini ham keltirib chiqaradi.
– Buning eng yomon tomon, o‘zlari bilib-bilmay ichgandan keyin ularda tabiiy qon qaynaydi, jismoniy harakatlarning ortishiga sabab bo‘ladi. Natijada, tengdoshlaridan o‘zlarini ustun qo‘yish kabi illatlar kelib chiqadi. Bora-bora bu holat qandaydir jinoyatlarga olib keladi, – deydi urolog Qo‘chqor Dehqonov.
Achinarlisi, bu xildagi soxta quvvat dorilaridan foyladanish tobora ommalashib borayotgani sari jiddiy muammolar ham yuzaga kelmoqda. Afsuski, buni me’yoridan ortiq qabul qilish organizmdagi ba’zi jinsiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Bu esa jinsiy gormonlarning keskin pasayishiga, bora-bora bepushtlikka olib keladi. Endi tasavvur qiling, har qanday millatning kelajagi yoshlar. O‘z salomatligimizga chang solayotgan g‘ayritabiiy quvvat dorilardan foydalanishning oxir-oqibati nafaqat yigitlikning jismoniy holatiga, shu bilan birga, butun bir millat genofondiga zarar yetkazishini inobatga oladigan bo‘lsak, masala nechog‘lik jiddiy ekani o‘z-o‘zidan oydinlashadi.
– Kukunlardan foydalanish, dastlab, oz-ozdan boshlanadi, keyin organizm o‘zi ko‘proq talab qila boshlaydi. Dastavval, bitta kukun, so‘ngra ikkita va undan ko‘proq xarid qiladi. Tabiiy, protein kukunlarini me’yoridan oshiq qabul qilib borgani sari siydikchil kislotasi ajralishi kamayib boradi. Bu esa badanda qichish, terilarning yorilishi, yaralarning paydo bo‘lishi, oxir-oqibat insonning nogiron bo‘lib qolishiga olib keladi, – deydi urolog Qo‘chqor Dehqonov.
Shu o‘rinda bir mulohaza: balog‘at yoshidagi o‘spirin atrofdagi ayrim “devqomat” kishilar yoxud fitnes zallari kirish eshiklaridagi yasama polvonlar suratini ko‘rib havas qilishi, ularga taqlid qilish hollari ko‘p uchramoqda. To‘g‘ri, qomati kelishganlarga taqlid qilish juda yaxshi, lekin har xil dori vositalari yordamida emas, albatta. Yoshlarimiz ba’zi hollarda bilib-bilmasdan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazibgina qolmay, atrofidagi yaqinlarini ham tashvishga qo‘ymoqda.
– Afsuski, gapingizda jon bor. Protein moddalarini iste’mol qilayotgan yoshlarda, birinchi navbatd, me’da-ichak trakti, jigar, oshqozon osti bezi zararlanadi. Achinarlisi, ularda bu holat qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi, qon ivish tizimida ham muammo paydo qiladi, – deydi endokrinolog Feruza Mirhaydarova.
Shuni alohida qayd etish kerakki, ushbu modda qat’iy taqiqlagan. Bugungi kunda jahon sporti arenalarida ko‘plab sportchilarning taqiqlangan moddalarni yashirincha iste’mol qilishi oqibatida sport arenalaridan chetlatilgani haqidagi ma’lumotlar matbuotda bot-bot yangramoqda.
– Bu holat nafaqat bizni, shu bilan bir qatorda, butun dunyoni tashvishga solib kelayotgan eng jiddiy muammolardan biri sanaladi. Protein moddalarni qabul qilayotgan ko‘pchilik sportchilar 35-40 yoshida nogiron bo‘lib qolayotgani tajribamizda kuzatilmoqda. Umuman, mana shu holat sport etikasiga, sportdagi axloqiy me’yorlarning buzilishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmayapti, – deydi murabbiy Nurjon Tastanov.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi sportchi yoshlarning tobora e’tiborini tortayotgan bu kabi soxta quvvat vositalari nafaqat ularning jahon arenalarida tutgan o‘rniga, shuningdek, sog‘lig‘iga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi. Psixologlarning ma’lumotiga ko‘ra, ko‘pchilik mashhur sportchilar bu yasama kukun vositalarining o‘tkinchi quvvatini bir marta his qilganidan so‘ng bora-bora bu vosita asiriga aylanar ekan. Misol uchun, Italiya dopingga qarshi kurash tribunali 28 yoshli velopoygachi Rikardo Rikkoni 12 yilga chetlashtirishga qaror chiqardi. Ushbu sportchi 2011-yilning fevral oyida ham ana shunday taqiqlangan kukunni iste’mol qilgan. Oqibatda ahvoli og‘irlashgandi. Mazkur voqeadan so‘ng Vacansoleil-DCM jamoasi u bilan amaldagi shartnomani bekor qilgan. Go‘yoki kimyoviy moddalar bilan yetishtirilgan meva-sabzavotlar singari tarang va ko‘rkam qomatlarga ega bo‘lgan ayrim yasama polvonlar undan foydalanishayotganda mazkur moddalarning tarkibi hamda sog‘liq uchun zararli ekani haqida o‘ylamagan edi.
– Protein moddalaridan foydalangan kishilarni ko‘rganman. Ular faqat tashqi ko‘rinishi uchun intilishadi, bu orqali nafaqat o‘z sog‘lig‘ini, balki farzandlari salomatligini ham tahlikaga qo‘yadi, – deydi sport ustasi Shukurjon Gayziyev.
Tibbiyot mutaxassislarining fikricha, protein moddalar nafaqat inson ichki organizmiga, balki teri, soch, tirnoq faoliyatiga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi. To‘g‘ri, bu jarayon bir yoki bir
necha oyda emas, yillar mobaynida sodir bo‘ladi. Natijada soch to‘kilishi, tirnoqlarning ko‘chishi, terida esa turli dog‘larning paydo bo‘lishiga olib keladi. Qolaversa, endigina ulg‘ayib kelayotgan bolalarda bo‘y o‘smay qolish holati ham ko‘p kuzatilmoqda. Boisi protein kukunlari suyaklardagi o‘sish zonalarini tezlashtirib yuboradi va suyaklar kattarib, bo‘yi kichik bo‘lib qoladi. Shuningdek, yosh o‘smir yigitlar protein moddalarini iste’mol qilganidan so‘ng organizmda jinsiy o‘zgarishlar sodir bo‘lib, ularda ayollik gormoni oshib ketadi. Buning oqibatida esa o‘z-o‘zidan erkaklik gormoni pasayib ketadi va bepushtlik yuzaga keladi.
RASTADAGI XATAR
Ilm-fan rivojlangani sayin dori ishlab chiqarish (farmatsevtika) sanoati ham taraqqiy etmoqdaki, odamlar sog‘lig‘i evaziga mo‘may daromad topayotgan kompaniyalar o‘zlari
to‘xtovsiz chiqarayotgan dorilarini kimga sotishni bilolmay hayron. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda 300 ming xildagi turli dori-darmon va
malhamlar ishlab chiqarilmoqda. Biroq ularning hammasini ham sog‘liqqa foydali, kasallikni
tuzatadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Zamonaviy dori-darmonlarning 40 foizi depressiya bilan
kasallanganlarda, 70 foizi turli yaralarda, 75 foizi bronx astmasi va qandli diabetda, 60
foizi kuchli bosh og‘rig‘i (migren)da, 50 foizi artrozda umuman foyda bermaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, protein moddalari ham shu kabi ta’sirsiz, oqibati zarar bilan yakunlanuvchi dori vositasi sifatida tilga olingan. Mutaxassislar e’tiroficha, keyingi paytlarda bunday dorilarning turi besh mingdan ortgan. Afsuski, ayrim vatandoshlarimiz protein kukunlarini shifokor maslahatisiz qabul qilgani bois bugungi kunda jabrini chekmoqda.
– Murabbiy mashg‘ulotga qatnab yurgan shogirdiga proteinli kokteyl tavsiya qilgan. Bu bolani oilaviy byudjeti yaxshi bo‘lgani va ota-onasi uni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlagani uchun bu kokteylni hech qanday to‘siqsiz qabul qilib yurgan. Ma’lum vaqt o‘tgach, proteinli kokteylni sotib olish imkoni bo‘lmay qoladi. Bu esa unda buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqargan. Natijada unda qattiq shish holati yuzaga keldi. Bu vaqtda na zamonaviy texnologiya, na dori-darmon unga yordam bera olgan, – deydi endokrinolog Feruza Mirhaydarova.
Bu kabi holat nafaqat inson sog‘lig‘iga, balki oilaviy byudjetga ham o‘z ta’sirini
ko‘rsatmasdan qolmaydi.e’tibor berib qaralsa, bunday kukunlar bugungi kunda ayrim
toifa kishilarning mo‘may daromad manbasiga aylanib qolganini ko‘rish mumkin. Afsuski, buni istagancha sotib olayotgan mijozlar ham yo‘q emas. Bu turdagi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxona yoki firmalar bugungi kunda o‘z mahsulotini sotish maqsadida internet tarmoqlaridan, turli reklama bannerlaridan unumli foydalanishmoqda.
So‘zimiz avvalida protein moddalari ta’siridan sport olami vakillari ko‘proq aziyat chekkani haqida fikr yuritdik. Biroq shuni ta’kidlash joizki, bugun protein moddalaridan
foydalanuvchilarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi. Taassufki, bu o‘smirlar soxta quvvat vositalaridan biror-bir sportda muvaffaqiyat qozonish uchun emas, balki atrofidagi tengdoshlari oldida o‘z qomati, mushaklarini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida qabul qilyapti, xolos. Afsuski, bunday holatga ba’zi ota-onalarning o‘zlari imkon berayotgani yoki befarq munosabatda bo‘layotganini qanday izohlash mumkin?
Mehnat insonni ulug‘laydi. Ulug‘ insonlar esa doimo xalq, millat kelajagini qurishni
birlamchi vazifa deb bilgan. Shunday ekan, avvalo yoshlarimizning barcha jabhalarda hammadan kuchli, bilimli va sog‘lom bo‘lishi uchun biz kattalar mas’ulmiz. Sportdami yoki boshqa turdagi faoliyatda yosh avlod vakillari aqliy va jismoniy mehnatni chin dildan bajarishsa, ularda ko‘rkamlik ham, ma’naviy yetuklik ham o‘z-o‘zidan yuksalib boraveradi.
Mirjamol HOTAMOV
“Sog‘lom avlod uchun” jurnali saytidan olindi.