EPLI QIZNING SEPI – HUNAR

Rango-rang qatim ipaklar ignalarning nozik ko‘ziga o‘tkazilgan. Ular kishi ko‘zini quvnatuvchi kichkina to‘rtburchak shaklda chetlariga piston qadalib tayyorlangan yostiqchaga bir tekisda qadalgan. Ra’noning nigohi tizzasi ustidagi shohi matoda. Xuddi buvijonisi o‘rgatganidek chaqqon qo‘llari bilan rangiga qarab basma-basiga yostiqchadagi ignalarni olib did bilan kashta tikishga kirishadi.

Zardo‘zlik avlodlarining qon-qoniga singib ketgan emasmi, u ham xuddi opalari singari mohir chevar bo‘lishga astoydil bel bog‘lagan. Katta opasi Surayyoxon kelin bo‘lib tushganida chevarligi sabab yetti mahallaga dovrug‘i doston bo‘lgan edi. O‘sha payt onasining bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shilib ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘lgani Ra’noning ko‘z o‘ngida. Bo‘lmasamchi axir quda-andalar, — “Onasi epli bo‘lmaganida kelinimiz bunchalik sepli bo‘lmasdi”, — deyishganini o‘z quloqlari bilan eshitgan qiz o‘z-o‘ziga albatta men ham Surayyo opam singari nomimga olqish olaman deya so‘z bergandi. U ko‘pincha mehr bilan kamalak misoli rangin iplarni tanlar ekan, ish boshlamasidan hayolan allaqachon mo‘jizalar yaratib bo‘lardi. Dastlabki paytlar to‘rt-besh martalab qo‘llariga igna kirib og‘riqdan ko‘zidan yosh chiqib ketgan paytlari ham bo‘lgan. Iplarini salqi qilib tikkani bois kashta gullarini bir-necha bor so‘tib tashlab qaytadan tikib chiqqan paytlari ham, gulini-guliga to‘g‘ri keltirolmay xunob bo‘lgani ham rost. Ammo chevar bo‘lishni orzulagan qiz aslo ortga chekinmadi. Bora-bora Ra’no o‘ngida ham mo‘jizalar yarata boshladi. Butun qishloq, qo‘ni-qo‘shni qizlari Ra’noning sehrli kashtalariga havasi kelib undan kashtaning sir-asrorlarini o‘rganishga bel bog‘ladi. Uning sehrliligi shundaki, bu kashtalar qalb-qo‘ridan otilib chiqqan ulkan mehr ila yaralgan. Bugun Ra’no Xoliqulovaning naqshinkor so‘zanalariga, kashtali yostiqlari-yu guldor palaklariga ko‘pchilikning havasi keladi. Navoiy shahridagi Pedagogika oliygohini muvaffaqiyatli tamomlagan bu qiz bugun o‘quvchilarga bilim berish bilan birga qo‘shni qizlarga chevarlik sirlarini ham o‘rgatmoqda. Bu gulgun qizlar jam bo‘lishib, birgalikda hamisha go‘zallikni yaratishadi. Ularning barchasi ustozlaridan ibrat olishga intilishadi. Axir epli qiz ekan,— degan so‘zni eshitish har bir qizning orzusi-da.

M.QUTLIYEVA,

Buxoro Iqtisodiyot va bank kolleji o‘qituvchisi

Yana o‘qing:  JAJJI MUZAFFARLAR

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: