Zarrasi zurriyodga zarba

Giyohvand moddalarning zarari va ularni iste’mol qilish natijasida bu moddalarga jismoniy hamda ruhiy tobe bo‘lish giyohvand deyiladi. Ammo xulq-atvorida ushbu salbiy illatga moyilligi bor shaxslardan yoshlarni asrash uchun har birimiz qanday ishlarni amalga oshirayapmiz? Nafaqat ota-onalar, balki keng jamoatchilik, maktab va mahalla-ko‘y, qolaversa, har bir ziyoli va ongli insonlar kelajak avlodni giyohvandlik balosidan ogoh etishni o‘zlarining burchi va mas’uliyati deb biladilar. Zero, oila va jamiyat rivoji, qolaversa, ona Vatanimizning gullab-yashnashiga, ravnaqiga faqatgina jismonan hamda ma’nan barkamol avlodgina o‘z hissasini qo‘sha oladi. Shunday ekan ayrim narkotik moddalar va ularning salbiy xususiyatlari hamda giyohvand moddalarning shaxs fe’l-atvoriga ta’siri xususida ommaga qisqacha ma’lumot berishni lozim topdik.

Tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan o‘simlik – nasha Osiyo, Shimoliy Afrika, Amerika, Pokiston, Marokash, Meksika kabi mamlakatlarda yovvoyi tarzda buta holida o‘sadi. Nasha tamaki bilan yoki o‘zi alohida chekiladi. Shuningdek, uni xomligicha hamda ovqatga qo‘shib ham iste’mol qilishadi. Giyohvandlar undan ichimlik ham tayyorlashadi. Bu narkotikning ta’siri turlicha bo‘lib, dastlab giyohvand­larning a’zoi-badanini bo‘shashtirib, ularga xush yoqadi. Tevarak-atrofdan turli tovushlar yanada jarangdorroq eshitiladi. Vaqtincha rang ajratish hamda ta’m bilish sezgisi kuchayadi. Nasha chekadigan giyohvand shaxslar juda so‘zamol bo‘lib qolishadi. Bo‘lar bo‘lmasga xursand bo‘lib kulaveradi. Shuningdek, ularning harakatlarida faollik kuzatiladi. Ular tez-tez och qolishadi. Yana besaranjom bo‘lib qolishadi. Ularning xotirasi susayib, parishonxotirlik kuzatiladi. Tomir urishi tezlashib, ularning xatti-harakatlarida salbiy o‘zgarishlar seziladi. Giyohvand shaxsning ko‘z qorachiqlari kengayib ketadi. O‘pkasi zararlanadi.

– Geroin ko‘knori o‘simligidan olinadigan opiy moddasi. Eramizdan 6000 yil avvalgi qo‘lyozmalarda ham ko‘knoridan olingan opiy moddasi xalq tabobatida og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida qo‘llanilgani xususida yozib qoldirilgan. Geroin moddasi morfiyga nisbatan xavfsizroq o‘rinbosar sifatida ishlab chiqilgan. Afg‘oniston, Pokiston, Birma, Tailand va Eronda ko‘p miqdorda ko‘knori yetishtiriladi. Geroin in’yeksiya hamda og‘iz orqali qabul qilinadi, shuningdek uning kukuni giyohvand shaxslar tomonidan burunga tortiladi. Ushbu narkotik modda asab tizimi faolligini susaytiradi. Yo‘tal tutishiga sabab bo‘ladi. Yurak urishini tezlashtiradi. Qabziyatni keltirib chiqaradi. Ko‘z qorachiqlarining torayishi, qo‘l va oyoqlardagi in’yeksiya belgilari bemorning geroin qabul qilishini bildiradi. Yana uning dozasini tasodifan oshirib yuborish natijasida giyohvand shaxs to‘satdan vafot etishi mumkin. Bitta shprits ignasidan bir necha giyohvandning foydalanishi natijasida esa OIV hamda gepatitning V va S turini yuqtirib olishi mumkin. Bemorlarda qonning zaharlanishi kuzatiladi. Giyohvandlarda absess (qon tomirlarining yiringli yallig‘lanishi) va immunitet pasayib ketishi sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralar kuzatiladi.

Yana o‘qing:  Kasallangan tishlar saraton rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin

Giyohvand modda odam tafakkurini zanjirband etadi. Ongni o‘tmaslovchi zaharli va zararli giyohvand moddalarni muntazam iste’mol qilish shaxsni jar yoqasiga olib boradi. Bu moddalarni iste’mol qilishga moyillik va giyohvand shaxs organizmida narkotik iste’mol qilmagan payti og‘ir jismoniy va ruhiy o‘zgarishlar, tushkunlik kuzatilishi shaxsga giyohvand deb tashxis qo‘yishga asos bo‘ladi. Ushbu ijtimoiy illatning rivojlanishiga shaxsning noto‘g‘ri tarbiya topganligi, uning ota-ona va o‘qituvchilar tomonidan nazoratsiz qoldirilganligi, shuningdek, turli nobop, sayoq shaxslar bilan hamtovoq bo‘lganligi sabab bo‘ladi. Ota-onaning oilada o‘zaro kelishmovchiligi hamda shaxsning konstitutsional moyilligi, psixologik holatlar (qiziquvchanlik, kayfu safoga intilish, qiyinchiliklardan qochish, dangasalik), giyohvand moddani iste’mol qilishga majbur etuvchi ba’zi ichki kasalliklar ham giyohvandlik rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

Giyohvandlik uch bosqichga bo‘linadi. Narkotik moddaga ruhiy moyillikning paydo bo‘lishi, organizmning himoya jarayonlarining yo‘qolishi, giyohvand moddalarga chidamlilikning oshishi va ularning fiziologik ta’siri saqlangan holda muntazam qabul qilinishi kuzatiladi. Narkotik moddaga jismoniy moyillik paydo bo‘lishi, giyohvand moddaga yengib bo‘lmas darajada qaram bo‘lish, unga chidamlilikning yuqori darajaga yetishi (giyohvand modda organizmga zaharli ta’sir etgani bois dastlab uni iste’mol etgan shaxsda ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanishi kabi organizmning himoya reaksiyalari kuzatiladi) shaxsning fe’l-atvorida salbiy tomonga o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Keyinchalik giyohvand moddaga chidamlilik pasa­yib, bu moddaning ta’siri giyohvand shaxsni vaqtincha tetiklantiradi. Giyohvand shaxs­lar narkotik moddalarsiz hayotini tasavvur eta olmaydi.

Abstinent sindromi (xumor qilish sindromi) og‘irlashib, cho‘zilib bora boshlaydi. Ruhiy va somatik (ichki) a’zolar kasalliklarining ortib borishi, og‘ir ijtimoiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Bosh miyada endorfin moddasi ishlab chiqariladi. Bu modda ruhiy zo‘riqish(stress)larda, turli shikastlanishlarda paydo bo‘ladigan kuchli og‘riqlardan bosh miya­ni himoya qiladi. Endorfin moddasi insonning ish qobiliyatini kuchaytiradi. Kayfiyatini ko‘taradi. Organizmga ijobiy kuch-quvvat ato etadi. Narkotik modda iste’mol qiluvchi shaxslarda endorfin moddasi chiqarilishi to‘xtaydi. Bu holga sabab tashqaridan og‘riqsizlantiruvchi giyohvand modda kirganligi uchun bosh miya tabiiy og‘riqsizlantiruvchi, orombaxsh moddani ishlab chiqarmaydi. Organizmga kirayotgan narkotik moddalar almashinuvida ishtirok etishi sababli organizmning har bir hujayrasiga kirib boradi. Ushbu jarayon tufayli organizm bora-bora giyohvand moddaga moslashadi. Natijada giyohvand shaxs narkotik moddani qabul qilmasa a’zoi-badanida kuchli, chidab bo‘lmas og‘riq paydo bo‘ladi. U titrab-qaqshab, bukchayib qoladi. Giyohvand moddaga shaxs jismoniy qaram bo‘lsa shu holat kuzatiladi.

Giyohvand shaxslarda insoniylik fazilatlarining yo‘qolishi va aqliy ish faoliyatining pasayishi kuzatiladi. Keragidan ortiq giyohvand moddani iste’mol qilish oqibatida bosh miyadagi nafas olish tizimi faoliyatini boshqaradigan markaz to‘xtab, o‘pka shishadi. Agar bu holatda bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u vafot etadi. Shuningdek, giyohvand kishilarning immuniteti ham pasayib ketadi. Narkotik moddani tomir orqali qabul qilish natijasida teri absesslari, flebit(venaning yallig‘lanishi) vujudga keladi. Bemorlarning jinsiy faoliyati susayadi. O‘tkir psixozlar(o‘z joniga qasd qilish) sababli giyohvand shaxsning hayoti xazon bo‘ladi.

Oiladagi ota-ona va ayrim kattalar o‘rtasidagi ziddiyatlar o‘smir yoshidagi yigit-qizlarni uydan bezdiradi. Chunki, o‘smirlik juda nozik davr. Bu davrda o‘smirlar ruhiyatida barcha narsaga qiziqish va o‘zini anglashga intilish kuchli bo‘ladi. Ota-onaning e’tibori va mehridan mosuvo bo‘lgan, shuningdek, o‘quv muassalarida ham nazoratdan chetdan qolgan, o‘smirlar giyohvand moddalar iste’mol qiluvchi shaxslar davrasiga bilib-bilmay qo‘shilib qolish mumkin. Yana ota-onaning o‘limi yoki ajralishi ham o‘smirga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan yolg‘izlanib qolgan o‘spirin atrofidan himoyachi izlaydi. Oila a’zolarining spirtli ichimliklar yoki giyohvandlikka ruju qo‘yishi, tengdoshlarining kamsitishi yoki atrofidagilar bilan doimiy kelishmovchiliklar ham voyaga yetmagan shaxsning salbiy illatga oshno bo‘lishiga zamin yaratadi. Giyohvandlar shaxslar bilan doimo muloqotda bo‘lish natijasida narkotik modda iste’mol qilish hamda o‘z-o‘ziga past baho berish, alamzadalik kabi salbiy hissiyotlar ham nashavandlikka keng yo‘l ochadi. Shaxsning o‘z his-tuyg‘ularini anglay olmasligi sababli ham giyohvand moddalar iste’mol qilishga ruju qo‘yish kuzatiladi. Giyohvand shaxslarda insoniylik fazilatlari yo‘qola boradi. Uning o‘rniga giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslarga xos xudbinlik, yolg‘onchilik, manmanlik, maqtanchoqlik, o‘z kelajagiga qiziqmaslik, qo‘pollik, tuturuqsizlik va o‘ziga ortiq ishonish kabi salbiy fe’l-atvor shakllanadi. Nashavandlarda his-tuyg‘ularni bosh­qarishning pasayishi, javobgarlikdan qochish, ma’suliyatsizlik, o‘z omadsizligiga atrofdagilarni ayblash, janjalkashlik, dag‘allik, yaqinlarini kamsitish va xo‘rlash, ba’zan tajovuzkorlik kuzatiladi. Giyohvand kimsaning narkotik modda iste’mol qilishi natijasida atrofdagi insonlar bilan o‘zaro munosabatlari buziladi. U oilasi, o‘rtoqlari va ishini yo‘qotadi. Giyohvand modda iste’mol qilish natijasida shaxsning ozib ketishi, egilibroq yurishi, terisi qurib, tuproq tusiga kirishi, tishlari tushib ketishi kuzatiladi. Chunki, giyohvand shaxsning immuniteti pasayib, kalsiy moddasi organizmdan ko‘p miqdorda peshob bilan chiqib ketadi.

Yana o‘qing:  Hayot daraxtidan mo‘jizaviy malham

Bemorning bilaklarida va oyoqlaridagi igna izlari kishi e’tiborini tortadi. Xasta odam pala-partish kiyinib, giyohvand modda iste’mol qilishi natijasida ko‘zlari yaltiraydi. Uning qorachiqlari nuqtasimon bo‘lib, yorug‘lik va qorong‘ulik ta’siriga befarq bo‘lib qoladi. Xumor paytida ko‘z qorachiqlari kengayib, ko‘zi yoshlanib, unda tumov belgilari kuzatiladi. Giyohvand shaxslar bunday paytda jahldor va tajovuzkor bo‘lib qolishadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, giyohvandlardan nogiron va mayib-majruh farzandlar tug‘iladi. Zahri qotilni iste’mol qilganning holi xarob bo‘ladi. O‘zbekiston jahonda eng ko‘p ko‘knori yetishtiradigan davlat – Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani uchun ham hamisha chegarachilarimiz va bojxonachilarimiz mamlakatimizdan tranzit orqali olib o‘tiladigan har qanday narkotik vositalarning payini qir­qishda sergak va ogohdirlar. Har yili an’anaviy tarzda 26 iyun – Xalqaro giyohvand­likka qarshi kurash kuni yurtimizda keng nishonlanadi. Shu maqsadda ommaviy axborot vositalarida omma o‘rtasida og‘u va og‘ufurushlikning zarari xususida keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Sog‘lom turmush tarzi va sportga e’tibor mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezidentimz Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan barkamol avlod tarbiyasi – kelajagi buyuk O‘zbekistonning ertasi ishonchli qo‘llarda ekanligidan dalolat beradi.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: