Aybsiz aybdorlar
Oilada egizak farzand dunyoga keldi. Ota va ona ularni parvarishlab, voyaga yetkazishdi. Hamma bolalar qatori ular ham maktabni, o‘zlari yoqtirgan mutaxassislik bo‘yicha kollejni yakunlashdi. Yigitlar tanlagan sohalari bo‘yicha ish faoliyatlarini boshladilar.
Lekin ular topganlariga qanoat qilmay, yanada ko‘proq pul topish ilinjida Rossiyaga ishlash uchun ketishadi. Yashash joyi notayinligi, hatto, u yerda oddiy sharoitning yo‘qligi aka-ukalarni tang ahvolga soladi. Musofirchilikda yuzaga keladigan qo‘rquvlar, kimlargadir qaram bo‘lib qolish hissi insonning xavotirini yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi. Ona yurtidan va yaqinlaridan uzoqda bo‘lish, muhtojlik, afsuslanish hislari ularni tark etmasdi. Natijada egizaklar gripp bilan qattiq og‘rib qolishdi. O‘zga iqlimga moslashish ancha qiyin kechdi. Keyin ularning tishlari ham og‘rib, kariyes tez-tez bezovta qila boshladi.
Noqonuniy yo‘l bilan boshqa davlatlarga ketgan shaxslar malakali va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatidan mahrumligi ularning holatini yanada murakkablashishiga olib keldi. Kunlarning birida yemirilib, faqat ildizi qolgan tishning og‘rig‘iga chiday olmay qolgan qondoshlardan biri xususiy stomatologiya klinikasiga murojaat qiladi. U yerda stomatolog tishning ildizini milkni kesish yo‘li bilan olib tashlaydi. Olingan tishning o‘rni juda sekin va bir oy davomida bitadi.
Aka-ukalar Rossiyada 2 yil davomida ishlashadi. O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng ularning ota-onasi yigitlarni uylantirish uchun o‘zlari yoqtirgan qizlarga fotiha qilishadi. Nikohlanuvchi yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganlarida egizaklarning birida OIV aniqlanadi. Birinchi bor o‘zida bunday virus borligini eshitgan yigitning ko‘z oldi qorong‘ulashib, dunyo ko‘ziga tor bo‘lib ko‘rinadi. “Endi nima bo‘ladi? Nima sababdan bunday bo‘ldi? Bundan keyin qanday yashayman?”degan og‘riqli savollar uning miyasiga quyulib keladi. Shu ahvolda u Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markaziga keladi. Shifokor yigitga bu infeksiyaning turli yuqish yo‘llari, kasallikning belgilari, yashirin davri haqida to‘liq ma’lumot beradi. Shunda yigit Rossiya davlatida bo‘lgan paytida tishi og‘rib, xususiy stomatologiya shifoxonasiga murojaat qilganligi, tilni bilmasligi, o‘z sog‘lig‘iga befarqligi sababli xuddi shu yerda dardni yuqtirib olganligini xayolidan o‘tkazadi.
To‘y kuni belgilangan edi. Yigit o‘zida o‘ta xavfli yuqumli virus borligini bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga bildiradi. Qiz nima bo‘lgan taqdirda ham unga turmushga chiqishga rozi ekanligini aytadi. Ammo yigit bu taklifga rozi bo‘lmaydi. “Qanday qilib men o‘zimning bemorligimni bila turib sog‘lom qizga uylanishim mumkin? Hech qachon bunday bo‘lmaydi”, deb fikrlaydi u.
Shundan keyin yigit bilan onasi Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislaridan yordam so‘rashadi. So‘ngra mutaxassis shifokor OIVni yuqtirgan va ro‘yxatda turadigan qizni yigit bilan tanishtiridi. Taqdir taqozosi bilan ularning dardi bir xil bo‘lganligi sabablimi yigit qizni yoqtirib qoladi. Oradan bir oz o‘tgach to‘y ham bo‘lib o‘tadi.
Bundan 26 yil oldin egizaklar tug‘ilganda xonadonda qanday shodiyona hukmron bo‘lsa, bu shodu xurramlik yana takrorlanayotgandek edi go‘yo. Ikki o‘g‘il bilan birga ushbu qutlug‘ ostonaga farishta misol kelinlar qadam bosib keladi.
Oradan vaqt o‘tib bemor kelinchak o‘zida allanechuk o‘zgarishlarni seza boshlaydi. O‘zini behol sezib, bosh aylanishi va ko‘ngil aynishidan turmush o‘rtog‘iga shikoyat qiladi. Bu xushxabarni eshitgan qaynonaning boshi osmonga yetadi. Kelin homilador bo‘lgan edi. Ushbu yangilikni yetkazish uchun kuyov bilan kelin viloyat OITSga qarshi kurashish markaziga oshiqadilar.
Baxtiyor bu ikki yoshni markazning shifokorlari ochiq yuz bilan kutib olishadi. Ular kelinni homiladorlik bo‘yicha nazoratga olib, bola sog‘lom tug‘ilishi uchun kerakli chora-tadbirlarni tushuntirishadi. Buyurilgan dori-darmonlar homiladorlikning 14 haftasidan boshlab to ona tuqqunga qadar har kuni bir mahaldan ichib borilishi zarurligi haqida bo‘lajak onaga ma’lumot berildi. Tug‘ish Kesarcha kesish, ya’ni jarrohlik yo‘li bilan amalga oshirilishi va tug‘ruqdan so‘ng bola ona sutidan ajratilib, sun’iy yo‘l bilan boqilishi kerakligi, shunda bola sog‘lom voyaga yetishi haqida onaga kerakli tavsiyalar beriladi. Bu esa o‘z navbatida OIVni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardan biri hisoblanar edi.
Muyassar HIKMATOVA,
Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi epidemiolog-shifokori