UMRNING NURAFSHON MANZILLARI
Hayot turfa xil taqdirlardan, yo‘llardan iborat. Ba’zida baxtiyor kunlardan sevinsak, ba’zida irodamiz turmushning turli sinovlarida toblanib boradi. O‘z kasbining fidoyi kishisigina hamisha tinimsiz izlanishda, harakatda bo‘ladi. U bamisoli chiroq yog‘dusiga intilayotgan parvona misol ilmga tashna. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas! Zero, buyuk alloma Firdavsiy aytgan ekan: “Ilmdan bir shu’la dilga tushgan on, shunda bilursanki ilm bepoyon”.
Hayotda ilm izlashning maqsadlari turlicha bo‘ladi. Ammo shunga aminmanki, ezgulik yo‘lida ilm istash insonni hamisha ulug‘laydi.
Mustaqilligimizning 21 yilligi bayrami oldidan kamtarona xizmatlarimni yuqori baholab, muhtaram Prezidentimizning farmoni bilan, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanganimdan vujudimni quvonch, o‘z mehnatimdan mamnuniyat, ko‘tarinkilik, hissi chulg‘ab oldi. Shunda ortimga bir nazar solib, 44 yillik mehnat faoliyatimni sarhisob qila boshladim. Toshkent davlat tibbiyot institutiga qabul qilinganim, talabalik davrim ko‘z oldimda gavdalandi. Yoshlikdagi shijoat, tabiatimdagi ilm olishga bo‘lgan ishtiyoq va qiziqish meni to‘rtinchi kursligimdanoq, ko‘z kasalliklari to‘garagida o‘z bilimimni oshirishga undagan. Ammo o‘sha kezlarda bunday to‘garak hali tashkil etilmagan edi. Men asab kasalliklari to‘garagiga qatnash orqali ko‘rish a’zolari bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklarni tekshirish va davolashni o‘rgana boshlaganman. Ishondimki, ilmni, o‘z sohasini chindan sevgan insongina oldida turgan barcha to‘siqlarni, qiyinchiliklarni yenga oladigan kuchni o‘zida topa olar ekan. Ilmiy ishimni 1970 yillarda N. Burdenko nomli Moskva neyroxirurgiya ilmiy tekshirish institutining neyrooftalmologiya bo‘limida tayyorladim.1972 yilda esa Moskva shahridagi Gelmgols nomli ko‘z ilmiy tekshirish institutida nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. 1968 yildan buyon Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ishlab kelyapman.1984 yilda mazkur institutda doktorlik dissertatsiyamni himoya qilganman. Shifokorlik kasbi mas’uliyatli, mashaqqatli va shu bilan birgalikda sharafli hamdir. Shu kasbim orqali ko‘plab shogirdlar yetishib chiqdi. Ulardan uchtasi fan doktori, o‘ttizdan ortiq fan nomzodi hisoblanadi.
Inson o‘z kasbiga munosib bo‘lish uchun, tartibli, mas’uliyatli, doimo o‘z ustida tinimsiz ishlashi lozim. Men har safar o‘z shogirdlarimga ana shu fazilatlarga ega bo‘lsagina haqiqiy el hurmatidagi shifokor bo‘lishini bot-bot takrorlayman.
Bugungi kun bilan yashamoq, dunyo yangiliklaridan, ayniqsa, tibbiyot yangiliklaridan boxabar bo‘lmoq lozim. Uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib aytamanki, o‘z oilasini, kasbini, yurtini sevgan, uni ardoqlagan, unga sodiq bo‘lgan insongina baxtli bo‘ladi. Va bu baxt bir umrga tatiguvlikdir.
Xalidjan Kamilov,
O‘zbekiston Qahramoni, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasi professori