“MASH’AL” – dilga yaqin to‘lqin
Ertalab ishga otlanar ekanman, kundalik yangiliklarni eshitish maqsadida radioning qulog‘ini burayotgan onam: – Shu radio degani juda yaxshi narsa-da, zerikmaysan. – Ba’zan, sog‘ingan san’atkorlarning ovozini eshitganingda qalbing quvonchga to‘ladi. Ayniqsa, Komiljon Otaniyozov, Nazira Yusupova, Sultonposhsha Rahimova, Otajon Xudoyshukurovlardek el suygan hofizlarning qo‘shiqlari dilga huzur baxsh etadi, – deya xursand bo‘lib gapirdilar.
Haqiqatdan ham ba’zi paytlarda radioboshlovchilarning ovozidagi sokinlik va samimiylik ko‘nglingizning tub-tublarigacha yetib borib sizga tanish bo‘lgan olis va shirin xotiralarni qayta jonlantiradi. Undagi boshlovchining ovozi siz uchun dunyodagi eng qadrdon ovozdek tuyuladi.
Radioto‘lqinlar orasida barchaning o‘ziga yoqqan, sevib tinglaydiganlari bo‘ladi. Uzoq yillardan beri milliy qadriyatlar va zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtirib kelayotgan «Mash’al» radiokanali ham ana shunday radiolar sirasiga kiradi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur radio orqali efirga uzatiladigan «Shifokor minbari», «Sog‘lom oila – kelajak poydevori», «Avtoolam», «Qadriyat»,»Barhayot qo‘shiqlar» «Zamonamiz qahramonlari», «Hamma uchun» va boshqa qator eshittirishlar orqali kundalik hayotda ro‘y berayotgan yangiliklardan boxabar bo‘lish bilan birga, salomatligimizga oid yangiliklar, foydali maslahatlar bilan ham tanishib boramiz. Ana shu radiokanalning ustoz jurnalistlaridan katta muxbir Xabibullo aka Yunusov, Shoira Magdiyeva, Malohat Eltazarova, Mohichehra To‘laganova, Shahzoda Jo‘rayeva, Sherzod Xudoyberdiyev, Dildora Matyoqubova, Omonboy Davlatov va boshqa qator jonkuyar xodimlarning mehnati samarasi o‘laroq, biz radio orqali mazmunli eshittirishlarni tinglaymiz.
Bugungi kunda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ozodalik salomatlik garovi ekanini yoshlarga tushuntirish yosh yigit-qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash dolzarb masalalardan biridir. «Mash’al» radiokanali katta muharriri Shoira opa Magdiyevaning «Shifokor minbari», «Sog‘lom oila – kelajak poydevori», «Sport – saodatim» mavzulardagi eshittirishlari aholining reproduktiv salomatligini shakllantirish, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadiga qaratilgan.
Shoira Magdiyeva bilan bo‘lgan suhbat orqali biz ana shu eshittirishlar mavzusi bilan tanishdik. Yaqinda tinglovchilarning talablariga ko‘ra efirga uzatilgan «Shifokor minbari» eshittirishida Respublika Onkologiya ilmiy markazining malakali va tajribali mutaxassislari, olimlar Nargiza Yo‘ldosheva, Bahrom Yusupov, Abduvohid Xodjayevlar ishtirok etib, onkologik kasalliklar, ko‘krak bezi saratoni, bosh va bo‘yin sohasi o‘sma kasalliklari to‘g‘risida tinglovchilarga kerakli maslahatlarni berishdi.
«Sog‘lom oila – kelajak poydevori» eshittirishi bir oyda ikki marta, haftaning juma kunlari soat 15:10da efirga uzatiladi. Mazkur eshittirishning navbatdagi soni 26 iyun – xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuniga bag‘ishlanadi. Oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga doir bu galgi eshittirishda Shayxontohur tumani, «Yangiobod» mahallasi oqsoqolining Diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Saodat Zufarova bilan suhbat o‘tkaziladi.
Patronaj xizmatining afzalliklari «Obod turmush yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qator eshittirishlar tashkil etilgan. Jumladan «Obod mahalla» eshittirishi ana shu yo‘nalishda tashkil qilingan dasturlardan biridir. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi, Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tayyorlanib, bir oyda bir marta efirga uzatiladigan mazkur eshittirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar bilan telefon orqali bog‘lanib mahallalardagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida so‘z boradi. Hamkasblari Shoira opa haqida to‘lqinlanib gapirishadi. «Xabarlar» axborot dasturi muharririyati bo‘lim rahbari Yahyo Nabiyev opaning mehnatsevar, tinib-tinchimasligi va samimiyligi haqida fikr bildirib shunday dedi: – Shoira opa qo‘ldan kelgancha o‘zgalarga yordam berishni kanda qilmaydi. Hamkasblariga sog‘liqni saqlash yo‘nalishida barcha kerakli maslahatlarini beradi. Ko‘p yillik mehnatlari inobatga olinib, Shoira opa Magdiyeva «O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligi» ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida o‘tkazilgan tanlovda sovrindor bo‘lgan. 2012 yilda «Mulohaza uchun mavzu» eshittirishi uchun rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘ldi. Toshkent shahri bo‘yicha xotin-qizlar hayoti va faoliyatini keng yoritgani uchun «Eng ulug‘, eng aziz» Respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan.
«Mash’al» radiokanali katta muharriri Shoira Magdiyeva shu kanal radio to‘lqinlarga uzatila boshlagan davrdan buyon faoliyat olib boradi. Endigina maktabni bitirgan yosh qiz matn ko‘chiruvchi bo‘lib ish boshlagan edi. Keyin O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi Toshkent davlat universiteti)ning sirtqi bo‘lim talabasi bo‘ldi. U oila, ish va o‘qishni birgalikda olib bordi. Ketma-ket farzandlari Nilufar, Botirjon, Zulfiyaxonlar dunyoga kelganida qaynonasi va turmush o‘rtog‘i Bahodir aka Magdiyevlar Shoira opani qo‘llab-quvvatladilar, unga yaqin ko‘makchi bo‘ldilar. Bugungi kunda uch nafar shiringina nabiralarning sevimli buvijoni va buvajoni bo‘lgan Shoira opa va Bahodir akalar farzandlar rohatini ko‘rishmoqda. Shoira opa kelini Durdonaxonga ham qaynona, ham ustoz. Chunki Durdonaxon ham Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetining 4-bosqichida tahsil oladi. Radio materiallarini tayyorlab, efirga uzatish yo‘l-yo‘riqlarini astoydil o‘zlashtirayotgan Durdonaxon ham opadagi samimiylik, mehnatsevarlik va bag‘rikenglik xislatlari haqida faxr bilan gapirdi.
Ha, hayot ulkan ibrat maktabidir. Shoira opa o‘z insoniy fazilatlari bilan nafaqat farzandlariga, balki shogirdlariga ham o‘rnak bo‘lib yashamoqda.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA