Ichimizdagi gijjalar
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BJSST) ma’lumotiga ko‘ra, insonda sodir bo‘ladigan kasalliklarning 70-80 foizi parazit-gijjalarning ta’sirida kelib chiqadi. Bugun yer yuzi aholisining 3,5-4 milliardini gijjalar kemirmoqda, ular gijja kasalligidan azob chekmoqda.
Gelmintlar organizmning hamma joyida bir necha haftadan bir necha yillargacha hayot kechiradi. Mutaxassislarning aniqlashicha, gijja inson ichaklarida qirq-ellik yilgacha yashashi mumkin ekan. Ko‘pchilik gijjani faqat qorinda bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida esa u nafaqat ichaklarda, balki qon tomirlarda, miyada, limfada, jigarda, o‘t xaltasida, o‘pkada ham bo‘lishi mumkin.
Gijjalar odam tanasiga kerakli vitaminlar, mikroelementlar va ozuqalarni yeb yashaydi va o‘zidan chiqadigan chiqindilar bilan tanani zaharlab turadi. Natijada terida har xil allergik kasalliklar, turli oq-qora dog‘lar, hatto pes (vitiligo), kamqonlik, uyqusizlik, nerv faoliyati buzilishi, oshqozon-ichak, jigar faoliyati buzilishi kabi xastaliklarga olib keladi.
Gelmintlar o‘zi yashab turgan joydagi narsalarni yeb kun ko‘radi. Masalan, vitaminlarni, oqsillarni yutadi, uglevodlar va mikroelementlarning ichaklarga surilishiga yo‘l quymaydi. Ko‘pchiligi esa qonni so‘radi. Gijjasi bor bemor bolada nimalar yuz berishini sanab o‘taylik:
– gijjasi bor bola yaxshi o‘smaydi, tengdoshlaridan bo‘y jihatdan ortda qola boshlaydi;
– skolioz (umurtqa pog‘onasi qiyshayishi) paydo bo‘ladi;
– bola aqliy rivojlanishdan orqada qolib, buqoq bezi kattalashadi;
– immuniteti susayib ketadi, kasalliklar yuqishi osonlashadi;
– sochi to‘kilishi, terisiga oq dog‘lar tushishi kuzatiladi;
– dermatitlar (dori vositalari ta’sirida terining yallig‘lanishi), allergiya, anemiya, xoreya, xoletsistit, enterkolit, gastrit singari kasalliklardan biri rivojlanadi;
– bolaning qorni og‘riydi, asabiylashadi, jizzaki bo‘lib qoladi, uyqusida tishlarini g‘ijirlatadi, gijjalari tuxum qo‘yayotganda orqa chiqaruv teshigi qattiq qichishadi, bola uni qashiyverishi natijasida u yerda toshma hosil bo‘ladi, yiringlaydi.
Odam organizmida parazitlik qiladigan gijjalarning 250 dan ortiq turi (9 turi bolalarda) uchraydi. Bulardan quyidagi gijja-parazitlar keng tarqalgan:
Askarida – dumaloq chuvalchangsimon gijjalarning bir turi bo‘lib, uning uzunligi 15-40 sm gacha yetadi. Bu gijjalar odamning ingichka ichagida paydo bo‘ladigan kasallikdir. Askarida gijjalarining tuxumi nihoyatda mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan, faqat urchish paytida to‘planganda oq rangda ko‘rinishi mumkin. Yetilgan gijjalar ingichka ichakda yashaydi va ko‘payadi. Bir kecha kunduzda 250.000 tagacha tuxum qo‘yib, najas bilan tashqi muhitga chiqadi va tarqaladi.
Lyambliya keltirib chiqaradigan kasallik lyamblioz deb ataladi. Lyamblioz keng tarqalgan bo‘lib, manbalarda keltirilishicha, ushbu parazitlarni dunyo aholisining taxminan 8-10 foizida topish mumkin. Bu borada yosh bolalar ko‘proq kasallanishi isbotlangan. Hozirgi vaqtda fanga lyambliyalarning 40 dan ortiq turi ma’lum. Lyambliyalar sut emizuvchi hayvonlarda ham parazitlik qiladi. Ayrim olimlarning fikricha, lyambliyalar shartli patogen mikroorganizmlar hisoblanib, ular oz miqdorda sog‘lom insonlar organizmida ham uchraydi. Ularning miqdori ichakda ko‘payib ketgandagina kasallikka sababchi bo‘ladi, degan qarashlar ham mavjud.
Enterobioz – juda mayda dumaloq, oq, ipsimon, chuvalchangsimon gijjadir. Bu gijjalar mamlakatimizning barcha hududlarida uchrab turadi. Mazkur kasallik har 100.000 kishidan 1.100 kishida uchraydi. Ayniqsa, u yosh bolalarda 70-80 foiz uchraydi. Bu gijjalar ham tez ko‘payadi. Urg‘ochi gijjalarning uzunligi 10-12 mm, erkaklariniki esa 2-5 mm.ni tashkil etadi. U bemorning yo‘g‘on va ingichka ichagida parazitlik qiladi. Bu gijjalar bolalarga og‘iz orqali yuqadi va ularni bezovta qilib, darmonini quritadi, uyqusini buzadi, ko‘nglini aynitib, ishtahasining yuqolishiga sabab bo‘ladi.
Trixotsefalyoz – qilboshli gijja bo‘lib, uzunligi 30-35 mm.ga yetadi. U, asosan, ko‘richakda yashaydi, ammo ba’zan yo‘g‘on ichakda ham uchraydi. Oziq-ovqatlar orqali yuqadi. Bu gijjalar ham askaridalarga o‘xshab yuqadi va ko‘payib ketadi. Natijada ich ketishi, kamqonlik, ozib ketish, darmonsizlik, injiqlik kabi holatlarni yuzaga keltiradi.
Exinokokk yassi chuvalchanglar tipi, tasmasimon chuvalchanglar sinfiga kiradi. Uning uzunligi 0,3-0,6 mm bo‘lib, bo‘ri va tulkilar ichagida parazitlik qiladi. Boshidagi ikki juft so‘rg‘ichlari yordamida ichak devoriga yopishib oladi. Tanasi 5-6 bo‘g‘imdan iborat; tuxumga to‘lgan oxirgi bo‘g‘imi hayvon axlati bilan tashqariga chiqib ketadi, uning o‘rniga yana boshqasi hosil bo‘ladi.
Exinokokkning tuxumlari yem-xashak orqali qoramol, qo‘y, ot va tuya kabi hayvonlarning ichagiga tushganida ulardan chiqqan lichinkalar qon orqali o‘pka, jigar yoki boshqa a’zolarga borib, juda yirik, ba’zan chaqaloq boshidek va undan ham kattaroq pufaklar hosil qiladi. Bunday pufak ichidagi suyuqlikda faqat mikroskopda ko‘rinadigan juda ko‘p sonli lichinkalar bo‘ladi. Itlar va yirtqich hayvonlar ichki a’zolari bilan birga ana shunday pufaklarni yeganda ular ichagida lichinkalar voyaga yetadi. Hayvon ichagidan axlat bilan juda ko‘p exinokokk tuxumlari tashqariga chiqib turadi. Tuxumlar hayvonlarning yungiga ham yopishib qoladi. Odam kasal itni silaganda exinokokk tuxumlarini o‘ziga yuqtiradi. Odam va o‘txo‘r hayvonlar exinokokkning oraliq xo‘jayini deb belgilanadi, it va yirtqich xayvonlar esa uning asosiy xo‘jayini hisoblanadi.
Bolalar gijjasi to‘garak chuvalchanglar tipiga kiradi. Mazkur gijja odamlarning, ayniqsa kichik yoshdagi bolalarning ichagida parazitlik qiladi. Bolalar gijjasining urg‘ochisi urug‘langandan keyin orqa chiqaruv teshigi yaqinida yashay boshlaydi va kechasi shu atrofdagi teriga tuxum qo‘yadi. Bu paytda teri qattiq qichishib, kishini bezovta qiladi. Gijjaning tuxumlari iflos qo‘l orqali yana ichakka tushib qolsa, qaytadan rivojlana boshlaydi. Gijja tuxumlari kasal odamning kiyimi, to‘shagi yoki boshqa buyumlari orqali yuqadi.
Cho‘chqa tasmasimon gijjalar yassi chuvalchanglar tipining tasmasimon chuvalchanglar sinfiga kiradi. Uning tuzilishi va hayot kechirishi qoramol tasmasimon chuvalchangnikiga o‘xshash bo‘lib, voyaga yetgan davrida odam ichagida, lichinkalar cho‘chqalar go‘shtida yashaydi. Odam yaxshi pishirilmagan cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilib, parazit finnasini yuqtiradi.
Teniarinxoz – sestodozlar guruhiga mansub gelmintoz. U 6-7 m gacha uzunlikdagi, odam ichagida parazit kun kechiradigan, germofrodit, yirik tasmali chuvalchangsimon gijjadir. Parazit o‘n yillab umr ko‘radi. Odam yetarlicha termik ishlov berilmagan, shuningdek, xom va tarikibida sistitserk (buqa sepeni lichinka bosqichi) bo‘lgan quritilgan (sur) go‘shtni iste’mol qilganida shu parazit bilan zararlanadi.
Kasallik yuqtiradigan manba bemor odam bo‘lib, ular yillar davomida axlat bilan birga tashqi jinsiy a’zo atrofiga tuxumlarni chiqaradi. Ularning har biri 150-180 ming tuxum qo‘yadi.
Tuxumlarda shakllanib ulgurgan lichinka (likosfera) bo‘lib, tashqi muhitda qo‘shimcha rivojlanishga muhtoj emas. Oraliq xo‘jayin (qora mol) ichagida tuxumdan xoli bo‘lgan lichinkalar ilgaklar yordamida ichak kapillyarlariga o‘rnashadi va qon oqimi bilan istalgan a’zoga tarqaladi. Asosan, mushaklararo birlashtiruvchi to‘qimada o‘rnashadi va keyingi lichinka bosqichi – sistetserk (finna)ga aylanadi.
Sistetserk – odam va hayvonlar parazitlaridan biridir. U tiniq suyuqlikli pufakcha shaklida tuzilgan ovalsimon parazit bo‘lib, kattaligi no‘xotdek keladi. Sistetserk odamning teri osti yog‘ klechatkasida, miyada, ko‘zida, yuragida, jigarida, o‘pkasida va talog‘ida joylashgan bo‘lishi mumkin. Sistetserklar 10 oygacha yashab, keyin chuqur joylashib oladi. Qora mol go‘shti bilan birga yutib yuborilgan tasmasimon gijjalar ichakda ovqat hazm qilish bezlari ta’sirida qobig‘idan xoli bo‘ladi va xoli bo‘lgan gijja urug‘lari ichak devoriga o‘rnashadi. Gijja urug‘lari asta-sekin rivojlanadi va 2-3 oydan keyin yetilgan pakana gijjalar o‘sib chiqadi. U kuniga 6-11 ta tuxum ajratib chiqaradi. Bu gijjalarning uzunligi 1-4 sm.ni tashkil etadi.
Gijjalar qanday yuqadi?
Gijjasi bo‘lgan bemorlar askaridoz tarqatuvchi manba hisoblanadi, ulardan sog‘lom odamga e’tiborsizlik natijasida yuqadi. Shuningdek, erinchoqlik qilib, gigiyena qoidalariga amal qilmagan insonlarda ham bu kasallikka chalinish ko‘p kuzatiladi. Masalan: bozordan shivit, petrushka, seldr, rediska, pomidor va bodring olib kelib, to‘g‘rab, salat tayyorladingiz, deylik. Ko‘rinishi yaxshi, deb ahamiyat bermay, yaxshilab yuvmagansiz. Ularning bargiga yopishib olgan gijja va askaridalar tuxumlari bilan birga organizmingizga tushadi. Keyin oshqozon-ichak yo‘liga o‘tadi va shilliq pardaga o‘rnashadi.
Kasallikning sog‘lom odamga yuqishida gijja tuxumlari bilan ifloslangan qo‘l yetakchi rol o‘ynaydi. Shu bois mazkur xastalikni “iflos qo‘l” kasalligi ham deyishadi.
Gijjalar bolalarga:
– organizmida immunitet pasayganda;
– tozalikka, ya’ni sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik natijasida;
– o‘yingohlarda o‘ynaganda;
– ochiq havzalarda cho‘milganda paydo bo‘ladi;
– uy hayvonlari (sigir, echki, qo‘y, it va mushuklar) bilan o‘ynaganda. Shuningdek, bu kasallik ko‘rpa-to‘shaklar va sochiqlardan;
– qo‘llarni yaxshi yuvmaslikdan, kir barmoqlarini og‘izga solishdan, chala pishirilgan go‘sht, baliq, qisqichbaqa va boshqa ovqatlarni iste’mol qilishdan;
– suvni va sutni qaynatmasdan ichish orqali yuqadi. Ayniqsa, bolalar suvda cho‘milganda o‘zi bilmagan holda suv yutadi, bunda gijjalar teri shilliq pardalari orqali badanga o‘rnashib oladi va o‘ziga qulay sharoit topib ko‘payadi. Mazkur gijjalar qayerga joylashib olsa, o‘sha joydan oziqlanadi.
Barcha gelmintlar bosqichma-bosqich rivojlanadi. Butun hayoti davomida gelmint quyidagi bosqichlarni ketma-ket boshidan o‘tkazadi: tuxum – lichinka – yetuk gelmint. Bu rivojlanish davri deyiladi. Gelmint odam organizmiga rivojlanishining birinchi bosqichida tushib, boshqa bosqichda uni tark etadi. Bu bemorning zararsizlanishini ta’minlaydi, lekin tashqi muhit gijjalarni tarqatish manbai bo‘lib qoladi.
Gijja kasalligining asosiy belgilari
Gijjalar inson organizmining turli a’zolariga va umumiy salomatligiga ziyon yetkazadi. Kasallik alomatlari gijjalarning turiga, miqdoriga va tananing qayerida joylashganiga qarab belgilanadi. Kasallikning asosiy belgilari:
Kattalarda:
– bemor vazni kamayib boradi;
– doimiy holsizlik kuzatiladi, tez charchaydi;
– tana harorati ko‘tariladi;
– odam tanasining terisiga har xil toshmalar toshadi;
– ishtaha pasayadi;
– bemor osoyishtaligini yo‘qotadi, uxlay olmaydi, boshi aylanadi va og‘riydi;
– injiq va tajang bo‘lib qoladi, tez jahli chiqadi;
– gijjalar ichakda joylashgan bo‘lsa, bemorning ichi qotadi yoki ketadi, ko‘ngli ayniydi, ayrim holatlarda qusadi;
– jigarda bo‘lsa, ko‘z oqi va badan terisi sarg‘ayadi;
– o‘pkada bo‘lsa, yo‘tal tutadi, tumov, shishlar paydo bo‘ladi.
Bolalarda:
– bolalar qorinning kindik sohasida og‘riq paydo bo‘lishidan shikoyat qiladi;
– bolaning vazni kamayadi, unda lanjlik, jirkanish paydo bo‘ladi;
– jismoniy va aqliy rivojlanishi orqada qolishi kuzatiladi;
– bo‘y o‘sishi sekinlashadi, jinsiy rivojlanishda, xotirada o‘zgarishlar seziladi;
– gijjalar ichakda bo‘lganida bolaning ichi qotadi, ayrim hollarda ichi ketadi;
– jigarda bo‘lganida ko‘z oqi va badani sarg‘ayadi, shish paydo bo‘ladi;
– gijjalar o‘pkada rivojlanganda bolada yo‘tal paydo bo‘ladi, ba’zan ko‘ngli aynib qayt qiladi, jig‘ildon qaynaydi va ishtahasi yo‘qoladi;
– qorinda og‘riq, ayniqsa, kindik atrofida og‘riq kuchayadi, ichaklarda yaralar paydo bo‘ladi;
– orqa chiqaruv teshigining atrofida kuchli qichish paydo bo‘ladi, bola uyalib, kuchli bezovta bo‘lgandan keyin ota-onasiga aytishga majbur bo‘ladi;
– ishlash hamda o‘qish qobiliyati pasayadi, darslarni o‘zlashtirishi susayadi.
Eng yaxshi himoya yo‘llari
Avvalo, inson va uy hayvonlari (mushuk va it) o‘rtasidagi “muloqot”ga oydinlik kiritish kerak. Bu uy hayvonlari insonlarda gelmint kasalliklarini keltirib chiqaruvchi omil hisoblanadi. Inson yana kuchuk va mushuklardan tashqari, baliq, chivin, pashsha, qisqichbaqalar bilan muloqotda bo‘lib, bu kasallikni o‘ziga yuqtirishi mumkin.
Itlar 150 turdan ortiq gelmintlar tashuvchisi hisoblanadi, lekin shunga qaramasdan ular orqali faqat exinokokk va alveokok yuqishi mumkin.
Shaxsiy gigiyenada bir nechta qoidalarga rioya qilish talab etiladi:
a) ovqatlanishdan oldin qo‘lni yuvish – bunga bolani odatlantirish katta ahamiyatga ega bo‘lib, chuqur ma’no kasb etadi.
b) ota-onalar farzandlariga iloji boricha qaynagan suv berishlari kerak. Ko‘katlarni xom holda iste’mol qilishdan oldin qaynagan suv bilan yuvish lozim.
v) ochiq havzalardan suv ichmaslik, bu – gelmintlarning oldini olishda yana bir eng asosiy va dolzarb sabablardan hisoblanadi.
Gelmintlar chivin va pashshalar chaqqanida ham yuqishi mumkin. Kasal bo‘lmaslik uchun farzandlarimizga oddiy gigiyena qoidalarini o‘rgatsak, ularni gelmintlardan himoya qilgan bo‘lamiz. Bu unchalik og‘ir, murakkab ish emas.
Kattalar, ayniqsa, maktab yoshigacha va maktab yoshidagi bolalarda doimo gijjalar bilan zararlanish xavfi bo‘ladi. Shu sababli gijjalar bilan zararlanishning oldini olishning oddiy, oson yo‘llarini har bir odam bilishi kerak. Bularga shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish, qo‘l, oyoq tirnoqlarini o‘z vaqtida olib, qo‘lni yaxshilab sovun bilan yuvish, idish-tovoqlarni ham tozalab yuvib turish kiradi. Gijjalar, asosan, tuproqdan, ya’ni ko‘k o‘tlar, sabzavotlarni yaxshilab yuvmasdan iste’mol qilishdan kelib chiqadi, shu bois ularni qaynagan suv bilan yuvish shart – bu kasallikning oldini olishga katta yordam beradi.
Tasmasimon gijjalar esa, asosan, qoramol, cho‘chqa go‘shtini xom xatala pishirib iste’mol qilish natijasida yuqadi. Oilada go‘sht to‘g‘raydigan taxtachalar xom go‘shtga alohida, pishgan go‘shtga alohida bo‘lishi kerak.