To‘lov madaniyati ham vatanparvarlikdir
Tabiiy gaz, elektr energiyasi mamlakatimizning boyligi ekanini unutmasligimiz zarur. Zero, bu ikki bebaho xazina tufayli uylarimiz obod, xonadonlarimiz farovon, Vatanimizning iqtisodiy salohiyati esa kundan kunga yuksalib boradi.
Shunday ekan uni isrof qilmasdan to‘lovlarni vaqtida to‘lash ham vatanparvarlikning bir ko‘rinishidir.
Biroq, davlatimiz tomonidan berilayotgan tabiiy boyliklarnining qadriga hammamiz ham yetayapmizmi? Afsuski, bu sohada bilib-bilmay, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yayotgan yurtdoshlarimiz hali-hanuz uchrab turibdi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, Kenguzar qishlog‘ida yashovchi fuqaro B. Ravshanov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ning xatti-harakati bunga misol bo‘la oladi. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga qanchalik rioya etilayotgani yuzasidan uning xonadonida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi inspektorlari tomonidan navbatdagi nazorat o‘tkazilayotgan chog‘ida u elektr hisoblagichdan tashqari noqonuniy to‘g‘ridan to‘g‘ri rozetka o‘rnatib olgani aniqlandi. Uy egasi B. Ravshanov turmush o‘rtog‘iga ehtiyot bo‘lishini tayinlab, o‘zi ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketganligini qanday izohlash mumkin?! Bu holat aniqlanib, qonuniy rasmiylashtirilgandan so‘ng xonadon elektr energiyasidan uzib qo‘yildi. Bu holatdan ojiza bir ayol qanday vaziyatga tushganini bir tasavvur qilib ko‘ring-a! Bunga o‘xshash salbiy holatlar kunda-kunora uchrab turibdi. Davlat mulkini suiste’mol qilayotgan bunday kimsalar yana tap tortmasdan birinchi marta ogohlantirish bilan qutilishga urinishini qanday insoniy mezonlar bilan baholash mumkin?
Tabiiy boyliklarimizning qadriga yetib, undan foydalangandan so‘ng to‘lovlarini ham o‘z vaqtida to‘lab borsak, oilalarimiz uchun yaxshi bo‘lar edi. Qolaversa, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiya va tabiiy gaz to‘lovlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ham ta’minlagan bo‘lar edik.
Ja’far RAHIMOV,
Yakkabog‘ tumani Majburiy ijro byurosi inspektori