Yashil maydon malikasi

Bugungi kun ayollari iqtisod, tibbiyot, siyosat, san’at, madaniyat va sport kabi sohalarda qizg‘in faoliyat olib bormoqda. Aytish joizki, ularning ishga bo‘lgan mas’uliyati, tinimsiz izlanishi o‘z sohalari rivojiga xizmat qilmoqda.

Gap ayollar tanlangan sohalar haqida borar ekan, nozik xilqat vakilalari ichida millionlar o‘yini bilan professional tarzda shug‘ullanayotgan mohir futbolchilarni ham uchratasiz.

Bolaligidan futbolga o‘zgacha mehr qo‘ygan Diyora G‘ulomova keyinchalik ushbu sport turi bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Dastlab, tug‘ilib o‘sgan mahallasidagi bolalar bilan to‘p tepib yurgan jajji qizaloqning harakatlari otasi Ibrohim akaning e’tiboridan chetda qolmadi. O‘shanda Ibrohim aka qizalog‘ining o‘yinini kuzata turib, uning timsolida kelajakda mohir futbolchini ko‘rgan bo‘lsa, ajabmas.

Yuqorida ta’kidlaganimizday, mehribon ota farzandining qiziqishlariga e’tiborsiz bo‘lmadi. “Qizim, futbol sen uchun emas, bu erkaklar sporti, axir” deya tanbeh bermadi. Aksincha, Diyorani doimo qo‘llab-quvvatladi. Bu esa qahramonimizga orzulari yo‘lida chinakam ishonch baxsh etdi. U bir muddat sportning taekvondo va tennis turlari bilan ham shug‘ullandi, ammo futbol Diyora uchun hayot mazmuni edi.

2011 yilda sobiq “Semurg‘” ayollar futbol klubida o‘zining professional faoliyatini boshlaganida qahramonimiz 18 yoshda edi. Bu yerda unga ustozi Avaz Maxsumov ushbu sport turi sir-asrorlaridan saboq berdi. 2012 yil esa u O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining futbol fakulteti talabasi bo‘ldi.

2013 yil yosh sportchi uchun chinakam omadli yil bo‘ldi. Diyora aynan shu yili Toshkentning “Bunyodkor” ayollar futbol klubiga darvozabon sifatida taklif etildi. Tabiiyki, bundan yosh sportchi va Ibrohim akaning boshi ko‘kka yetdi.

Yangi jamoa, yangi murabbiy va yangi muhitga moslashish yosh futbolchi uchun oson kechmadi. Shu sabab bo‘lsa kerak u dastlabki mavsumni “Paxtakor” ayollar klubida o‘tkazdi. So‘ng yaqinlari va guruhdagi qizlarning qo‘llab-quvvatlashlari bilan u yana sevimli jamoasiga qaytdi. Diyoraxonning ta’kidlashicha bu kabi vaziyatlar futbolchini chidamli va matonatli bo‘lishiga katta yordam berar ekan.

Yashil maydonga chiqib kelarkanman ich-ichimdan faqat g‘alaba qozonishni o‘ylayman va bu yo‘lda bor mahoratimni ishga solaman. Sababi mag‘lubiyatga ko‘nikish har doim og‘ir kechadi. Jamoamizdagi qizlar bilan murabbiylar – Samad Narziqulov, Ilmira G‘ulomova, Oleg Qahhorov ishonchini oqlashga harakat qilamiz, – deydi Diyora G‘ulomova. – Futbol – jamoaviy o‘yin. Shu sabab ushbu sport turida jamoa bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsagina ko‘zlagan maqsadga erishish mumkin. Lekin har qanday sportchi doimo yaqinlarining ko‘magiga ehtiyoj sezadi. Men buning uchun doimo dadajonimdan minnatdorman. Agar padari buzrukvorim qiziqishlarimga e’tiborsiz bo‘lganida, hozir men siz bilan “Bunyodkor” ayollar futbol klubi darvozaboni sifatida suhbatlashmayotgan bo‘lardim.

Bo‘sh vaqtlarida pazandalik bilan shug‘ullanadigan sportchi qizning orzulari ulkan. U futbol sohasidagi faoliyati nihoyasiga yetgach, murabbiy sifatida o‘z omadini sinab ko‘rmoqchi. Biz esa D. G‘ulomovaga orzulari amalga oshishiga tilakdoshmiz.

Yana o‘qing:  Muallimning fazilati

Xurshida TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: