Bir umrga yorqin tabassum
O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorlikda va “COLGATE” kompaniyasi ko‘magida poytaxtimizda “Bir umrga yorqin tabassum” xalqaro bolalar dasturi ish boshladi.
Ushbu loyiha bolalarda yoshlikdan og‘iz bo‘shlig‘ini to‘g‘ri parvarish qilish borasida mustahkam ko‘nikma hosil qilishga qaratilgan tadbirlar majmuini o‘zida ifodalaydi.
Afsuski, bugun yurtimizning bir qancha mintaqasida yashovchi bolalar tishlarining zararlanish darajasi juda yuqori – 97 foizgacha. Ushbu dasturning maqsadi ham yosh avlod orasida stomatologik kasalliklarning oldini olish, ularga og‘iz bo‘shlig‘ini to‘g‘ri parvarish qilish ko‘nikmasini singdirish, oilalarning stomatologlar bilan muntazam hamkorlik qilishi uchun poydevor yaratishdan iborat.
Dastur doirasida poytaxtimizning 11 ta tumanidagi 284 ta umumta’lim maktabining 1-4 sinfida tahsil oluvchi 200 ming nafarga yaqin bolaga tish parvarishiga oid sanitariya-gigiyena qoidalari haqida darslar o‘tkazilib, har bir o‘quvchiga tish cho‘tkasi, tish pastasi va tish tozalash kalendari hamda ota-onalar uchun eslatma flayerlari tarqatiladi.
Shohinur MIRZAYEV