Xitoyda yangi kutubxona qurildi
Xitoyning shimoliy hududida joylashgan Binxay tumanida maydoni 33 ming 700 kvadrat metrga teng, 1 million ikki yuz ming kitob sig‘adigan kutubxona qad ko‘tardi.
Bino Gollandiyaning “MVRDV” agentligi tomonidan loyihalashtirilib, qisqa muddatda qurib bitkazildi. Ulkan oq bino futuristik (kelajak arxitekturasi) uslubida qurilgan bo‘lib, uzoq kelajak haqidagi filmlardagi kabi inshootni eslatadi. Kutubxona binosi shahar bilan ulkan istirohat bog‘ini birlashtirib turadi. Imoratning bu tarzda qurilishi kitobxonlar oqimini barqaror bo‘lishini ta’minlaydi.
Ushbu muassasaga kirgan kishi o‘zini ilmiy fantastik film qahramonidek his etadi. Kitoblar pastdan shiftga qadar terilgan. Biroq, barcha kitoblar odatiy qator javonlardagidek emas, balki to‘lqinsimon shaklda terilgan. Bu esa poyoni yo‘q kitob girdobini eslatadi. Hozircha sayyohlar uni “kitob ummoni” deb nomlashga ham ulgurdilar.