Liboslarida aks etgan milliy an’analar

Yurtimizning qadimiy an’analaridan ma’lumki, o‘zbek qizlari – bo‘lajak kelinchaklar o‘z seplarini tayyorlashda turli xil kashtachilik buyumlarini tayyorlashlari lozim bo‘lgan. Qizlarga yetti-to‘qqiz yoshdan boshlab kashta tikish o‘rgatilgan.

Kashtachilar o‘zining san’ati va tabiatiga ko‘ra, go‘zallik haqidagi orzularini ifodalashga harakat qilganlar.

Bugungi kunda momolardan meros bu an’ana zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda. Qahramonimiz Maftuna Umarova ham ushbu hunarga mehr qo‘ygan o‘zbek qizlaridan. U hozirda Respublika dizayn kollejining 3-bosqich o‘quvchisi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Maftuna ko‘plab ko‘rik-tanlovlar g‘olibi. Yaqinda u “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivalining Toshkent shahar bosqichida “o‘z asarlarida milliylikni aks ettirgan dizayner” nominatsiyasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Kashtachilik amaliy san’atning qadimiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Aksariyat kashtalarda gullar xilma-xil ko‘rinishda tasvirlanadi. Bodom, qalampir naqshlarining 100 dan ziyod ko‘rinishlari, anor naqshining bir necha xili turli naqshlar bilan uyg‘unlashgan holda tikiladi. Hatto, kashtalardagi ba’zi naqshlar o‘z ma’nosiga ega bo‘lib, masalan, anor – baraka ramzi, qalampir – ko‘zdan, har xil yomonliklardan asrovchi, bodom – rizq-ro‘z, ochilgan gullar – muhabbat, shoxchali gullar – farovon hayot, ko‘zacha, qushlar, daraxtlar tasvirlangan kashtalar turmush tarzini anglatadi, – deydi yosh kashtado‘z Maftuna Umarova. – Kelajakdagi orzuim jahon podiumlarida o‘z tikkan buyumlarim bilan ishtirok etishdir.

Darhaqiqat, kashtachilik xalq amaliy san’atining bir turi sifatida qadimdan ma’lum. Maftunkor so‘zanalar, zardevor, joynamoz, bolishpo‘sh, gulko‘rpa, bo‘g‘joma va yostiqlar allaqachon oddiy maishiy buyumdan betakror san’at asariga aylanib ulgurgan. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Nurota, Toshkent va Farg‘ona kashtachilik maktabiga oid bo‘lgan namunalar tikish uslubi, naqshlarining joylashuvi bilan bir-biridan farqlansada, ularning barchasi bir etnomadaniyat an’analariga xos.

Maftunaxon yaratgan so‘zana, choyshab, dasturxon, yostiq jildlari, chopon, ayollar ko‘ylagi, nimcha, do‘ppilar ham kishi hayratini oshiradi. Har bir qatim ipakka jon baxsh etib, dil tuyg‘ularini go‘yo bejirim gullar jilosiga ulab, matoga naqsh solish – chinakam mo‘jiza. Ularda milliy an’analarimiz, qadriyatlar jo bo‘lgan. Tabiiy tasvirlarning qoq markazidagi anor guli, tevaragidagi naqshinkor yo‘l-yo‘l chiziqlar hayot davomiyligi, insondan faqat yaxshiligu ezgu nom qolishini eslatadi, go‘yo.

Mayna HASANOVA

Yana o‘qing:  Tomorqadagi gulzor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: