Jazirama yoz taftida oftob urishi va issiq elitishi

Oftob urishi va issiq elitishi organizmning qizib ketishi natijasida vujudga keladigan og‘ir holatdir. Bolalar, qon bosimi yuqori bo‘lgan kishilar, yurak qon-tomir tizimi va endokrin kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar qizib ketishga moyil bo‘lishadi. Qizish va ayni vaqtda ko‘p terlash sababli organizmda suv-tuz almashinuvi buziladi. Natijada qon aylanishi qiyinlashadi va bu kislorod tanqisligiga olib keladi.

Issiq elitishi ko‘pincha shamolsiz jazirama kunlarda, ayniqsa, issiqni ko‘tara olmaydigan yoki og‘ir jismoniy mehnat qilayotgan kishilarda (masalan, qurilish maydonchalarida ishlash jarayonida, tez yurganda) kuzatiladi.

Quyosh nurlarini yaxshi qaytarmaydigan qora rangli kiyim yoki havo o‘tkazmay, badandan chiqadigan bug‘ni ushlab qoladigan qalin, sun’iy tolali sintetik kiyimlar ham issiq elitishiga sharoit yaratadi. Shuningdek, harorati va havosining namligi yuqori bo‘lgan yopiq binoda ham kishini (masalan, issiq sexlarda ishlaganda) issiq elitishi, odamni lohas qilishi mumkin.

Oftob urishi quyosh nurlari organizmga tik tushayotganida, ayniqsa boshni qizdirib yuborganida kuzatiladi. Issiq elitishi yoki oftob urishining yengil shaklida kishi bo‘shashib, boshi og‘riydi, kuchli chanqaydi, umurtqa pog‘onasida og‘riq kuzatiladi. Tomir urishi va nafas olishi tezlashib, terisi namiqib turadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi, tana harorati odatda normal bo‘ladi. Teri rangi qizg‘ish tusda bo‘ladi.

O‘rtacha darajada oftob urganda esa kishining boshi qattiq og‘rib, ko‘ngli aynib qayt qiladi, harakatlari bejo bo‘lib, so‘zlari poyma-poy bo‘ladi. Ba’zan bemor hushidan ketadi, ko‘p terlab, uning tana harorati 39-400S darajaga ko‘tariladi. Og‘ir hollarda kishi o‘zini bilmay qoladi, talvasaga tushib, ruhiy qo‘zg‘alish ro‘y beradi, besaranjomlanib, ko‘ziga yo‘q narsalar ko‘rinishi, qulog‘iga yo‘q tovushlar eshitilishi, alahlashi mumkin. Bemorning nafas olishi yuza, tez-tez bo‘lib, tomiri minutiga 120-140 martagacha uradi, harorati 41-420S darajagacha ko‘tariladi, agar vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, shikastlangan kishining o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Oftob urgan yoki issiq elitgan kishini darhol toza havoga olib chiqib, soyaga yotqizib qo‘yish, uni siqib turgan kiyimlarini yechib, yelpig‘ich yoki choyshab bilan yelpish, badanini sovutish, boshini sovuq suv bilan namlash kerak. Unga ko‘p suyuqlik – tuz qo‘shilgan qaynagan sovuq suv, sovuq choy ichirish tavsiya etiladi. Bemorni dar­hol nam choyshabga o‘rab olish va ikki chakkasiga muz bo‘laklarini qo‘yish lozim. Badanini efir moyi bilan artish ham mumkin. Efir moyi tarkibida terini tinchlantiruvchi moddalar mavjud.

Yana o‘qing:  NAJOTKORLAR

Nafas olishni qo‘zg‘atish uchun shikastlangan kishining yuzi suvga ho‘llangan sochiq yoki dastro‘mol bilan shapatilanadi, unga novshadil spirti hidlatiladi, badani uqalanadi. Bemorning nafasi qiyinlashib yoki to‘xtab qolgan bo‘lsa, sun’iy nafas oldirish kerak. Og‘ir va o‘rtacha darajada shikastlangan kishiga birinchi yordam ko‘rsatib, keyin eng yaqin davolash muassasasiga olib borish yoki shoshilinch ravishda vrach chaqirish lozim.

Yosh bolalarni oftob urganda ham yuqoridagi belgilar kuzatilishi mumkin: bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, holsizlanish, tana harorati ko‘tarilishi mumkin. Bolani darhol salqin joyga yotqizib, yelpib turish va iloji bo‘lsa yaxna ichimlik (sovuq choy, qaynagan sovuq suv) berish kerak. Bemorni namlangan choyshabga o‘rab oling. Bolaga isitmani tushiruvchi dorilardan hamda tarkibida og‘riq qoldiruvchi moddalar bo‘lgan dori vositasi berish zarur.

Issiq elitishi va oftob urishining oldini olish uchun havo issiq kunlarda harakat uchun qulay, ochiq rangli yengil libos kiyib, boshga esa poxol shlyapa, panama, surpdan tikilgan yengil kepka va bosh­qa yengilroq havo o‘tkazuvchi bosh kiyim kiyish yoki ochiq rangli, tabiiy tolali ro‘mol o‘rab olish kerak.

Bolani oftob urganda, isitmasi ko‘tarilganda paratsetamol, ibuprofen, loratal kabi dorilardan berish mumkin.

Farzandingizni oftob tig‘i ostida olib yurmasligingiz zarur va quyoshli kunlarda bolaga tabiiy tolali yupqa bosh kiyim­ kiydirib chiqing. Bola uchun ultrabinafsha nurlardan himoyalovchi ko‘zoynak xarid qiling. Bu bolani quyosh nuridan himoya qiladi. O‘yinchoq sifat, rang-barang ko‘zoynaklarni taqish mumkin emas. Bolaning terisi kuygan joylariga tarkibida spirt bo‘lgan surtma dorilardan aslo surtmang. Chunki, terining tashqi qavatida iz bo‘lib qolishi mumkin.

Tarkibida benzokain (anestezin) mavjud bo‘lgan krem va mazlardan foydalanayotganda ehtiyot bo‘ling. Sababi bu vositalar terida allergik reaksiya keltirib chiqarishi, turli toshmalar toshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yaxshisi tarkibida eritromitsin, tetratsiklin mavjud bo‘lgan mazdan yengil surtib, toza doka bilan o‘rab qo‘ying.

Issiq kunda uzoq yo‘l yurishdan avval juda to‘yib ovqatlanish va spirtli ichimlik ichish yaramaydi. Chanqoqni bosish uchun yaxshisi termosda qaynagan sovuq suv yoki ayron olib yurish kerak. Oftob tig‘ida uxlash mumkin emas. Kishi qizib ketishi mumkin bo‘lgan korxonalarda esa tanaffus vaqt­larida salqin dushga tushish yoki boshdan suv quyib olish kerak.

Yana o‘qing:  QRIM-KONGO GEMORRAGIK ISITMASI

KO‘P TERLASH

Ter chiqib turishi organizmning hayot faoliyati uchun katta ahamiyatga ega. Moddalar almashinuvida hosil bo‘ladigan zararli mahsulotlar organizmdan ter bilan birga chiqib ketadi. Ter chiqishini markaziy asab tizimi idora qiladi. O‘ta ta’sirchan kishilar ko‘p terlaydi. Jumladan, ular ozgina jismoniy kuch sarflasa, hayajonlansa, kun sal isisa ham a’zoyi badanidan ter quyiladi. Umumiy terlash bilan birga ko‘pincha badanining ma’lum bir joyi – qo‘l va oyoq kaftlari, qo‘ltiq osti terlab turishi ham kuzatiladi.

Yosh bolalar va kattalar uchun maxsus va sifatli oyoq kiyim tanlashga ham e’tibor berish lozim. Zero, sifatsiz oyoq kiyim oyoqni terlatuvchi va hidlantiruvchi arzon xomashyodan tayyorlanadi.

Haddan ziyod ko‘p terlash kishini shamollashga, har xil teri kasalliklariga moyil qilib qo‘yadi va aksari badandan achimsiq, qo‘lansa hid kelib turishiga sabab bo‘ladi. Agar kishi umuman ko‘p terlayversa, nevropatolog va endokrinologga ko‘rinishi kerak.

Badanning ma’lum joylari terlab turadigan bo‘lsa, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish zarur. Badanning ko‘p terlaydigan joylari (oyoqlar, qo‘ltiq osti, chov burmalari, oraliq, to‘laroq ayollarda sut bezlarining tagi)ni har kuni sovun bilan iliq suvda yuvib turish zarur. Aks holda terining zamburug‘li yoki yiringli kasalliklariga olib keladi.

Badanning ko‘p terlaydigan joylarini yuvib, toza sochiqni quriguncha bosib-bosib turish kerak. Keyin namni yaxshi tortadigan kukunlar (yog‘li upa, talk, rux oksid)dan ko‘p sepib qo‘yish zarur. Agar oyoq ko‘p terlasa, har kuni kaliy permanganat (suv och pushti rangga kirguncha) qo‘shilgan iliq suvga solib o‘tirish tavsiya etiladi (oyoq vannalari). Vannadan keyin oyoq barmoqlari orasi va kaft terisini quritib, talk sepib qo‘yiladi.

Shuningdek, quyidagi vositalar terlashning oldini oladi:

– Moychechak, yalpiz, marmarak damlamasi bilan ko‘p terlaydigan joy artib turilsa yoki vanna qilinsa ter hidini oladi va terlashni kamaytiradi.

– Tuzli vanna ham terlashga qarshi yordam beradi.

– Oyoqlarni vanna qilayotganda 2 osh qoshiq ichimlik sodasi qo‘shilsa oyoq terlashining oldini oladi.

Ertalab toza paypoqqa burishtiruvchi va dezinfeksiyalovchi moddalar, masalan, teng miqdordagi urotropin bilan talk aralashmasidan sepish tavsiya etiladi. Oyoq terisi qurib ketmasligi uchun unga oziqlantiruvchi kremlardan haftasiga 1-2 marta surtib turish lozim. Shuningdek, tabiiy toladan tayyorlangan paypoqlarni har kuni almashtirib turish kerak.

Yana o‘qing:  MARJON TISHLAR JILOSI

Jigarrang olma yoki uzum sirkasi bilan oyoqlar yuvilsa ham terlashning oldini oladi.

Oliy toifali shifokor

Oyjon TOSHPO‘LATOVA tavsiyalari asosida

Nargiza UGLAMOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: