Aromaterapiya – xushbo‘y iforlar bilan davolash
Ishdagi charchoqlar, bosh og‘rig‘idan xoli qilish, ertangi kun uchun kuch-quvvat yig‘ishda xushbo‘y iforlarning tutgan o‘rni o‘zgacha. Biz buni bir so‘z bilan aromaterapiya deb ataymiz.
Qadimdan insonlar turli iforlar kishiga shifo bag‘ishlashi va uning salomatlikka zarar yetkazmasligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishgan. Atrofimizda tasodifiy hidlar yo‘q, ularning har biri tanamiz yoki uning bir nechta a’zosiga, shuningdek, kayfiyatimiz va salomatligimizga ta’sir qiladi. Ba’zi iforlar quvonchli holatlarga sabab bo‘lsa, boshqasi tinch va xotirjam uxlashga ko‘mak berishi bilan ahamiyatli.
Aromaterapiya bilan davolash 3 guruhga bo‘linadi. Quyida ular bilan qisqacha tanishtiramiz.
Iforli vanna qabul qilish.
Qadimdan issiq hammom qabul qilishda efir moyidan foydalanish an’anasi bo‘lgan. Efir moyini asal va sutning kosmetik aralashmasiga qo‘shishingiz mumkin. Bunday aromatik vannani qabul qilish 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadi. Uning turli foydali xususiyatlari bor. Masalan, bir necha tomchi mandarin moyi qo‘shib cho‘milish charchoqni bartaraf etadi va kayfiyatni ko‘taradi.
Xonani xushbo‘y etish.
Xonani tez-tez aromatik chiroqlar, iforli shamlar yoki yoqimli hidga ega tayoqchalar yordamida xushbo‘y etish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, har narsada me’yor bo‘lgani ma’qul. Deylik, bunday shamlardan vaqti-vaqti bilan foydalansangiz, ayni muddao. Lekin, ularni muntazam ravishda, kam shamollatish mumkin bo‘lgan xonalarda ishlatish tavsiya etilmaydi. Sababi, har qanday xushbo‘y shamlar parafin va turli xildagi bo‘yoqlar aralashmasidan tayyorlanadi. Uning yonish jarayonida toksik (zaharli) moddalar – benzol va toluol moddalari (ziqqinafas) ajralib chiqadi. Bu esa astma, teri kasalliklari, ekzemaga sabab bo‘lishi mumkin.
Aromatik yog‘lar vositasida uqalash.
Bu yoqimli va foydali davo sanaladi. Ammo, shuni unutmaslik kerakki, efir moyini toza teriga ko‘p surtish mumkin emas.
Aromaterapiyani qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu borada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi ko‘rsatmalar mavjud emas. Ammo, allergik xastaliklar bilan og‘rigan kishilar ifor tanlashda o‘ta e’tiborli bo‘lishlari kerak. Sitrus mevalarga allergiyasi bo‘lganlarga limon, mandarin, apelsin va greypfrut hamda bergamot ifori tavsiya etilmaydi.
Ifor tanlash.
O‘zingiz uchun notanish bo‘lgan ifor xaridida ko‘p bo‘lmagan miqdordagi suyuqlikni xarid qiling. U bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishiga sabab bo‘lsa, yaxshisi undan foydalanmang.
Turli iforli mahsulotlarini xarid qilishda ayniqsa, homilador va emizikli ayollar e’tiborli bo‘lgani ma’qul. Noto‘g‘ri tanlov oqibatida homilador ayollarda qon ketishi, emizikli ayollarda esa bolada allergiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Xushbo‘y iforlar doimo hamrohingiz bo‘lsin!
X. HUSENOVA