Tanbeh
(hikoya)
Beshinchi yo oltinchi sinfda o‘qirdim. Sinfboshi bo‘lganim bois hamsabog‘imizning nojo‘ya qilmishi uchun muallimdan qattiq dakki eshitdim. Bundayroq aytganda, aybsiz “aybdor” edim. “Muallim meni yomon ko‘radi, ichi qora!” Ko‘nglimdan lop etib shu fikr o‘tdi. Noo‘rin tanbehni sinfdoshlarim ham sezib turardi. Rosti, menga bu alam qildi. Biroq, sinfdosh do‘stimni “sotmadim”. Kechqurun otam ishdan kelgach, voqeani aytib berdim. Meni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga negadir otam ham ustozimning yonini oldi.
– O‘qituvchi noo‘rin koyimaydi. Sinfboshi bo‘lgandan keyin sinfdagi barcha narsaga javob berishing kerak, o‘g‘lim! – dedi otam, so‘ngra meni yupatgan bo‘ldi. – Lekin do‘stingni sotmaganing yaxshi bo‘libdi. Sotqinlik – juda yomon narsa. Agar boshqalarga zarar yetkazadigan ish bo‘lsa, avvalo buni o‘ziga obdan tushuntirish kerak. Agar tushunishni istamasa, unda sinf rahbaringga astagina bildirib qo‘ysang, bu sotqinlikka kirmaydi. Ha endi, o‘qituvching aybing bo‘lmasayam boshqalarga ibrat bo‘lsin, deb dashnom bersa, beribdi-da. Buning uchun undan xafa bo‘lib o‘tirma, uyat bo‘ladi!..
Baribir muallim tomonidan qilingan haqsizlik yurak-yuragimdan o‘tib ketgandi. Istasam-istamasam, nohaq koyish ko‘nglimning bir chetiga o‘tirib qolgandi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Tongda turib, sigirlarimizni podaga qo‘shdim. Qaytishda ittifoqo ro‘paramdan o‘sha – meni nohaq ayblagan o‘qituvchi chiqib qolsa bo‘ladimi. U ham sigirlarini haydab, men tomonga to‘g‘ri kelardi. Menam chekkaga tisarilmadim, to‘ppa-to‘g‘ri boraverdim. Muallim so‘z qotmoqqa og‘iz juftlagandi, men yerga qaragancha salom bermasdan shundoq yonginasidan indamay o‘tib ketdim. Ataylab shunday qildim. Birovni noo‘rin xafa qilish qanaqaligini bilib qo‘ysin-da.
Yonidan o‘zimcha gerdayib o‘tayotganimda, sekingina razm soldim: muallimning yuzida hayronlik, allaqanday sarosima ifodasi qotib qolgandi. Battar bo‘lsin, dedim ichimda. Uyga kelarkanman, qilgan ishimdan o‘zimda yo‘q quvonardim. Sezib turibmanki, endi unga alam qiladi. Nega uni ranjitdim, deb rosa ich-etini yeb, o‘zini koyiydi.
So‘ng buni otamga aytdim. Otam avvaliga hech narsa demadi. Aft-angorimga picha vaqt tikilib turdi. Dastavval otamning yuzida biroz jiddiylik alomati zohirlandi, so‘ngra kulimsiraganday bo‘ldi-da:
– O‘hho‘, juda zo‘r ish qilibsiz-da, o‘g‘lim! Siz salom bermaganingiz uchun domlaning ustiga osmon qulab tushgandir balki, – dedi. Otam kinoya qilayotgandi. Shundan so‘ng gap bilan ta’zirimni yeyishimni sezib, sekingina burilgandim, otam:
– To‘xta, – dedi ohistalik bilan. – O‘zingcha muallimingdan o‘ch olgan bo‘libsan-da…
Mendan sado chiqmadi, indamay boshimni quyi egdim. Otam bosiqlik bilan so‘zida davom etdi:
– Avvalo salom bermoq ham, alik olmoq ham – kishining ziynati. Shirinso‘zlik ham insonga xos odat. Nima, salom bermaganing bilan osmon uzilib, yerga tusharmidi? Ustozing oldida adabsizligingni bildirib qo‘yibsan, kamiga meniyam sharmanda qilibsan! Endi u “shunday odamning o‘g‘li tarbiyasiz ekan”, deb o‘ylamaydimi? Qaytaga o‘tgan ishni unutib, salom berganingda, barchasi o‘z o‘rniga tushardi-ku! Shoir bo‘laman degan odam ham maydalashib, o‘ch olib yuradimi?!
Men rosa izza bo‘ldim. Bu gaplar ancha nash’a qildi. Apil-tapil, nonushta qilar-qilmas, sumkamni ko‘targancha maktabga qarab yo‘l oldim. Ketayapmanu xuddi ustimga bir tonna yuk ortilgandek, oyoqlarimga tosh osilgandek his qilaman, butun vujudim zil-zambil. Nazarimda, uydan maktabgacha bo‘lgan to‘rt yuz qadamcha yo‘lda yarim kun yurdim-ov!.. Xullas, amal-taqal qilib maktabga ham yetib keldim.
Shunda yana nogahon qarshimda o‘sha muallim paydo bo‘lib qolsa bo‘ladimi? Quvonganimdanmi, ko‘zlarim chaqnab ketdi. Odob bilan domlamizga qimtinibgina salom berdim:
– Assalomu alaykum, muallim! Meni kechiring! – dedim boshimni xam qilgancha.
Muallim sochlarimni silab-siypalarkan, o‘zgacha mehr bilan erkaladi:
– Hechqisi yo‘q, yoshsan, bolam! Kichiklar ayb qilsa, kattalar uni kechirmog‘i shart!
Ustimdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Qushdek yengilman. Atrof ko‘zlarimga yanayam charog‘onlashib ketganday tuyuldi…
Abduqayum BEKKAMOV