Tish parvarishi – kariyesga qalqon

Men shu yili tishlarimni davolatish maqsadida Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasida bo‘ldim. Hali maktabga ham chiqmagan bolalarning tishlari kariyes bilan og‘riganini guvohi bo‘lib, to‘g‘ri ovqatlanish va tish parvarishi haqidagi fikrlarimni gazetxonlar bilan o‘rtoqlashgim keldi.

Tishlar inson organizmida muhim a’zo hisoblanadi. Ovqat hazm qilish esa chaynashdan boshlanadi. Agar tishlarimiz sog‘lom bo‘lmasa yaxshi chaynay olmaymiz. Bu esa o‘z navbatida me’dada ovqat yaxshi hazm bo‘lmasliga va me’da-ichak faoliyatining buzilishiga olib keladi. Kovak tishlar esa og‘iz bo‘shlig‘ida turli infeksiyalarning paydo bo‘lishiga va ularning qonga so‘rilishiga sabab bo‘ladi.

Agar odamda og‘iz bo‘shlig‘ida nosog‘lom tishlar bo‘lsa birov oldida kulmaslikka harakat qiladi. Ayniqsa, maktab o‘quvchilari talaffuzlari yaxshi chiqmasa, tengdoshlari masxara qilmasliklari uchun og‘zini ochmaslikka, hatto, o‘qituvchining savollariga javob bermaslikka urinadi. Bunday salbiy holatlarning kuzatilmasligi uchun qanday profilaktik tadbirlarni amalga oshirish kerakligi va tish kasalliklari haqida mutaxassislarning fikrlarini tingladim.

Shuhrat Razzoqov, – Ortopedik stomatologiya poliklinikasi bo‘lim boshlig‘i:

Tish kariyesi uning qattiq to‘qimasini zararlanishi ya’ni, tish emali (dentin)ning asta-sekin yemirilib, kovak hosil bo‘lishi hisoblanadi. Bu xastalik bolalarda ko‘p uchraydi. Buning sabablari ovqat tarkibida kalsiy, fosfor kabi elementlarning yetishmasligi, bemorning meva va sabzavotlarni kam iste’mol qilishi, shirinliklarga esa ko‘p ruju qo‘yishidan kelib chiqadi. Kariyes sezilarsiz boshlanadi. Bu yuza kariyes bo‘lib, xasta bola shirin hamda nordon yeguliklarni yeganda uning tishi og‘riydi.

Kariyes kavagi chuqurlashib dentin to‘qimasining ichiga o‘tsa, unga ovqat qoldig‘i kirishi bilan kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Bu chuqur kariyes bo‘lib, o‘z vaqtida davolanmasa mikrob tishning yumshoq to‘qimasiga kirib, uni yallig‘lantiradi va pulpit vujudga keladi. Keyinchalik tish ildizi atrofidagi to‘qimalar ham yallig‘lanib periodontitni keltirib chiqaradi.

Maktab yoshidagi bolalarda tish chirishi kattalarga nisbatan tez kechadi. Chunki, ularning tishlari mikroorganizmlar ta’siriga biroz chidamsiz bo‘ladi.

Tish kasalliklari profilaktikasi bolalarda kichik yoshidan olib borilishi kerak. Ularga og‘iz bo‘shlig‘ini to‘g‘ri parvarish qilish, tishlari bilan qattiq narsalarni va ayniqsa, danak, yong‘oq chaqmaslikni tushuntirish kerak. Tish kasalliklarining oldini olishda organizm ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mineral tuzlar (kalsiy, fosfor), vitaminlar, yog‘lar, uglevodlarga boy ovqatlar iste’mol qilish kerak. Ana shunda tishlarimiz 70-80 yoshgacha bizga xizmat qiladi.

Erkin Karimov, tibbiyot fanlari nomzodi – Terapevtik stomatologiya kafedrasi shifokori:

Tish chirishi, pulpit hamda tishdagi boshqa nuqsonlarni maxsus plomba materiallari qo‘yib davolanadi. Bu materiallar tish shaklini to‘g‘rilashdan tashqari undagi kovak ichidagi mikroorganizmlarga antiseptik ta’sir ko‘rsatadi. Tishga plomba qo‘yilganda uning chirishi va pulpit, periodontitning oldi olinadi.

Baxtiyor Fayziyev – tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali bolalar yuz-jag‘ sohasi jarrohi:

– Stomatologiya sohasidagi 20 yillik ish tajribam va kuzatuvlarim asosida shuni aytishim mumkinki, 60 yoshda ham hamma tishlari sog‘lom odamlarni ko‘p uchratganman. Ulardan so‘rasangiz “mening shirinlikka hushim yo‘q” deyishadi. Bunday insonlar ko‘proq sut va sut mahsulotlari, piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘katlar, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilishganini aytishadi.

Demak, bolalarga kichik yoshidan ko‘p shirinlik iste’mol qilishdan cheklanishni, meva-sabzavotlarni, ko‘katlarni ko‘proq iste’mol qilishni o‘rgatishimiz kerak. O‘zbekistonda stomatologiya sohasi yaxshi rivojlangan. Boshqa sohalardan farqli o‘laroq bu borada davolanish uchun hech kim chet elga chiqmaydi. Tish olish, uni qo‘yish va davolash, plombalash, yuz-jag‘ sohasi operatsiyalarini amalga oshirishda bizda muammolar yo‘q. Klinikamizdagi kuchli kasbiy tayyorgarlikka, nazariy bilimlarga va amaliy tarjibalarga ega bo‘lgan shifokorlar hamisha el xizmatida. Biz xalqimizga nafimiz tegsa o‘zimizni baxtiyor his qilamiz.

Men esa bir mijoz sifatida bu yerda qilinayotgan ezgu ishlardan ko‘nglim behad shodlikka to‘ldi. Yaqinlashib kelayotgan Tibbiyotchilar kuni munosabati bilan bu fidoyi shifokorlarni samimiy tabriklayman. Elu yurt baxtiga ular hamisha sog‘ bo‘lishsin.

Yana o‘qing:  “Qizil chiroq”ni anglamagan ota-ona yoxud bolalar nimani tomosha qilyapti?

Quvonchoy ABDULLAYEVA,

Urganch shahridagi 10-umumta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: