Ilm mangu shu’ladir

Inson hayoti davomida qilingan ezgu amallar bilan qadr topadi. Bunda umr qanchalik qisqa-yu uzunligi bilan emas, samarali ishlar va yaxshi fazilatlardan mazmun kasb etadi, tarixga mangu muhrlanadi. Bunday insonlar bugun oramizda bo‘lmasada yaqinlari, safdoshlari, zamondoshlari, shogirdlari xotirasida abadiy yashaydi.

Biz quyida so‘z yuritmoqchi bo‘lgan ana shunday siymolardan biri mamlakatimiz tibbiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan yetuk olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Yolqin To‘raqulovdir.

1916 yilning 10 noyabrida o‘qituvchi oilasida tavallud topgan Yolqin Xolmatovich bugun hayot bo‘lganida qutlug‘ 101 yoshni qarshilar edi. Avvaliga Toshkent, so‘ngra Namangan shahridagi maktab internatda tarbiya olgan noyob iste’dod sohibi 15 yoshida tibbiyot oliygohi talabasiga aylandi. Uning sermazmun ish faoliyati hali talabalik davrida “O‘zbekiston” davlat nashriyotining tibbiyot bo‘limi mudiri lavozimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng, u institutning biokimyo kafedrasi assistenti, Toshkent farmatsevtika instituti direktori, aspirantura, nomzodlik dissertatsiyasi (1941 yil), doktorlik ishi kabi yumushlar bilan kasb “o‘chog‘ida” ancha toblandi. Bu orada shafqatsiz urushni ko‘rish va uning sovuq nafasini his etishga ham ulgurdi. Natijada, 31 yoshida O‘zbekiston rahbariyati qarori bilan hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori lavozimiga tayinlanadi.

Bildirilgan ishonch mas’uliyatini anglagan olimga 39 yoshida yana muhim bir vazifa topshirildi. Endi u pedagogik jarayonning mohir tashkilotchisi sifatida Andijon davlat tibbiyot institutini tashkil qilishga kirishadi. Tinimsiz izlanish va mashaqqatli mehnat unga ko‘plab muvaffaqiyatlar yo‘lini ochib berdi. Muvaffaqiyatlar uni, avvalo, Yadro fizikasi instituti tarkibida radiatsion biofizika va biokimyoviy bo‘limini ochishga undagan bo‘lsa, keyinchalik O‘lka tibbiyot instituti faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘lka patologiyasini o‘rganish maqsadida qator laboratoriyalar barpo etish hamda buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosini o‘rganishni o‘z oldiga asosiy vazifa etib qo‘ydi. Tabiiyki, bu intilishlar uning ilmiy izlanishlari borasidagi ishlariga to‘sqinlik qilolmadi. 43 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoyaladi. Ikki yil o‘tib, O‘zFA muxbir a’zosi hamda Respublika FA Prezidumining bosh ilmiy kotibi, undan so‘ng muxbir a’zosi bo‘lsada O‘zR FA vitse-prezidenti etib saylanadi. Bir vaqtning o‘zida 9 ta institutni birlashtirgan kimyo-texnologiya va biologiya fanlari bo‘limi raisi sifatida faoliyat yuritdi. Natijalar ham u bilan qadam-baqadam odimlardi, 50 yoshida O‘zR FA haqiqiy a’zosi bo‘ldi. Olimning maslahati va rahbarligida 35 ta doktorlik va 80 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari yoqlangan. Shogirdlari bugun o‘z ilmiy maktablarini yaratgan professorlar hisoblanadi. Ana shunday mehnatkash, mas’uliyatni his etuvchi, eng asosiysi, ilm-fan taraqqiyotiga umrini bag‘ishlagan ushbu fidoyi insonni bugun shogirdlari ham iliq xotiralar bilan yodga oladi.

Yana o‘qing:  Manguberdini xotirlab...

Erishilgan natijalar salmoqli, bajarilgan ishlar ko‘zga ko‘rinarli bo‘lsada, Yolqin To‘raqulovni bu qoniqtirmasdi. Olim keyingi faoliyati davomida 1972 yildan O‘zR FA Prezidiumining Biologiya fanlari bo‘limini, keyinchalik yangi tashkil etilgan tibbiyot fanlari bo‘limini boshqaradi. So‘nggi 20 yilda (1976–1996) O‘lka tibbiyot instituti o‘rnida tashkil topgan Endokrinologiya ilmiy-tekshirish institutiga rahbarlik qildi. Bu davrda ustoz olim endokrinologiya sohasining istiqboldagi ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi. Serqirra olimning ilmiy izlanishlari zamonaviy tibbiy biologiyaning dolzarb yo‘nalishlari, tibbiy endokrinologiya, biokimyo, biofizika, molekulyar biologiya va radiobiologiyaning tutash joyida olib borilgan. Bu faoliyatlar esa besamar ketgani yo‘q albatta. Yorqin Xolmatovich hayoti mobaynida bir qancha davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Qolaversa, soha rivojiga qo‘shgan hissasi va ko‘rsatgan fidokorona mehnatlari inobatga olinib, davlatimiz tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga Yolqin To‘raqulov nomi berildi.

Ha, umr insoniyatga berilgan bebaho ne’mat. Uni qanday sarflash esa har kimning o‘ziga bog‘liq. Qahramonimizning bosib o‘tgan umr yo‘li, kasbiy faoliyati, ilm-fan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi bilan yaqindan tanishar ekanmiz, bebaho umrni qadrlash, uning har onidan unumli foydalanishning sirlarini kashf etgandek bo‘lamiz. Zero, dono xalqimiz bejiz aytmaganki, zar qadrini bilgangina zargar hisoblanadi.

Hasan ABDUG‘ANIYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: