Serhosil bog‘lar taraddudi

Poytaxtimizning so‘lim go‘shalaridan biri akademik R.Shreder nomidagi bog‘dorchilik ilmiy-tekshirish institutida bo‘lganimizda bizni direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Ravshan Abdullayev qarshi oldi. Ravshan aka bilan institut bog‘ini aylanar ekanmiz, bu yerdagi issiqxonalarning birida turli manzarali gul ko‘chatlari yetishtirilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Kiraverishdagi ko‘kka o‘rlayotgan kaktus o‘simligining sap-sariq guli tikanaklar orasidan chiroyini ko‘z-ko‘z qiladi. Mustahkam daraxt shakliga kirgan paporotnik gulining bo‘yi taxminan besh metr­dan ziyod bo‘lib, novdalari atrofga quloch yoygan. Beixtiyor o‘zimizni gullar muzeyiga kirib qolganday his etdik. Yorongul ­(geran) gulining qizil, oq, pushti va malina rangli gullari bo‘y taratib, sizni maftun etsa, xitoy atirgulining g‘ujg‘on ol rang gullari atrofdagi gullar bilan go‘zallik borasida bahslashayotganga o‘xshaydi.

Ravshan aka Abdullayev mazkur ilmiy-tekshirish institutida yurtimizda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlaridan paxta, g‘alla va mevali daraxtlarning, asosan olma va tokning yangi navlarini yaratish seleksiyasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar bilan bizni tanishtirdi. Ayniqsa, Sh.Yusupov rahbarlik qilayotgan «Meva-sharbat» bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy ishlab chiqarish korporatsiyasida intensiv bog‘lar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligi e’tiborimizni o‘ziga tortdi.

Mamlakatimizda ob-havo iqlim sharoitining o‘zgarishi, suv tanqisligi sezila boshlagan bir davrda ilmiy asoslangan, tajribada sinalgan, qurg‘oqchilikka, har xil zararkunanda va kasalliklarga chidamli, har bir hududga moslashgan, yuqori hosilli navlarni ko‘paytirish davr taqozosidir.

Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, 2011 yilda respublikamizda 2,5 ming gektar maydonda ana shunday intensiv bog‘lar tashkil etilgan bo‘lsa, bu yil uning ko‘lami yanada kengayganiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur bog‘larning afzalligi shundaki, qisqa fursat ichida sifatli va mo‘l hosil olishga erishiladi. Respublikamiz hududlarining tuproq-iqlim sharoitiga mos, ser­hosil, sifatli, yangi tok hamda mevali daraxtlarni yaratish, ularning pakana va yarim pakana ko‘chatlarini ko‘paytirib, Davlat reestriga kiritish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Bog‘larda tejamkor texnologiyalarni sohaga tadbiq etib, tuproq unumdorligini oshirish, tog‘ va tog‘oldi hududlarini o‘zlashtirib, bog‘-tokzorlar barpo etish, ularda turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash choralari, meva-uzum mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash usullari hamda vinochilik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari avjida. Shuning­dek, mamlakatimiz viloyatlarida ushbu bog‘ning 10 ta filiali hamda 12 ta tajriba xo‘jaligida ham ana shunday keng ko‘lamli ishlarning guvohi bo‘lish mumkin.

Yana o‘qing:  Xonaki gullarning eng foydali beshta turi

Ilmiy-tekshirish institutida yaratilgan olmaning «Qizil taram olma», «Malika», «Nafis», nokning «Sari go‘zal», «Salom-2», «To‘yona», shaftolining «Muyassar», o‘rikning «Oq qantak», «Boborajabiy», qulupnayning «Redgounlet», «O‘zbekiston go‘zali», qorag‘atning «Suyuma», «Samarqand» kabi navlari hosildorligi, tezpisharligi bilan fermerlarga ma’qul kelmoqda. Bu yangi navlarning yaratilishida seleksionerlar sulolasining to‘rtinchi avlodi R.Shrederning nevarasi, seleksioner olima Yelena Shreder, seleksioner olim S.Sharipov, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi R.Abdullayev, texnologiya ishlarida A.Oripov, O‘.Nabiyev, R.Rizayevlarning munosib ulushlari bor. Yaponiyaning JICA kompaniyasi bilan hamkorlikda mevali bog‘larda yapon texnologiyasini joriy etish bo‘yicha olma va shaftoli bog‘lari tashkil etildi.

Akademik R.Shreder nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish instituti 1898 yilda Turkiston tajriba stansiyasi sifatida tashkil etilgan. Ushbu institutning faoliyati asosan qishloq-xo‘jalik ekinlarini yetishtirish, ularni o‘rganishga yo‘naltirilgan. Moskvadagi Petrovskiy (hozirgi Timiryazev) nomidagi qishloq xo‘jaligi akademiyasi professori Rixard Shreder 1902-1944 yillarda ushbu institutga rahbarlik qilib, uning rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. O‘z davrining yetuk olimlaridan biri bo‘lgan R.Shreder ingliz, nemis, o‘zbek, rus, fransuz tillarini mukammal bilgani bois, o‘z faoliyati davrida ikki marotaba Butunjahon qishloq xo‘jaligi simpoziumida ishtirok etib, soha mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashishga muvaffaq bo‘lgan.

Institut va uning filiallari tomonidan olib borilgan ko‘p yillik ilmiy-tadqiqotlar natijasida, 120 dan ziyod yangi meva va uzum navlari yaratilib, hozirgi kunda ulardan 57 xil navi Davlat reestriga kiritilgan.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga qaraganda bugungi kunda mamlakatimizda 244 ming gektar bog‘ hamda 127 ming gektar tokzor mavjud. Kelajakda olti ming gektar yerda yangi bog‘, besh yarim ming gektardan ziyod maydonda tokzorlar yaratish va ana shu meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga o‘n sakkiz million tupdan ziyod mevali daraxt va tok ko‘chatlari yetkazib berilishi mo‘ljallanayotgan ekan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda meva yetishtirish, bog‘dorchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmi ortganiga guvoh bo‘lish mumkin. Jumladan, bugun mamlakatda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari AQSH, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya va MDH mamlakatlariga keng eksport qilinmoqda.

2011 yilning bahorida Ukrai­na mamlakatidan intensiv bog‘lar uchun urug‘li mevalarning pakana (M-9) va yarim pakana (MM-109) payvandtaglaridan 400 ming dona olib kelinib, ko‘chatxonalarda parvarish qilinmoqda. 2012 yil bahorida korporatsiya tizimidagi xo‘jaliklarda ikki million dona meva-uzum ko‘chati, shundan 500 ming donasi intensiv bog‘lar uchun pakana va yarim pakana olma navlarining ko‘chatlari yetishtirildi.

Yana o‘qing:  Burch, mas’uliyat va sharaf

Institutning ilmiy tajriba, markazida meliorativ holati nisbatan past, sho‘rlangan va kamhosil yerlarda bog‘dorchilikni rivojlantirishning yangi usuli – mevali daraxtlarni maxsus tuvaklarda parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili bog‘dorchilikni yanada kengaytirish imkonini beruvchi bunday usulda yetishtirilgan daraxtlardan nishona hosil olindi. Yana shuni qayd etish lozimki, uch sotixdan iborat sun’iy tuman (bug‘) hosil qilish yo‘li bilan o‘simliklarni ko‘paytiruvchi issiqxona tashkil etildi. O‘tgan yili 20 ming dona limon ko‘chati parvarishlangan bo‘lsa, endilikda payvandtaglarning ilgari chiqitga tashlab yuborilgan yuqori qismi qalamcha sifatida ekilayotganligi mutaxassislarimizning bog‘dorchilikdagi tajribasi ancha ortganini ko‘rsatib turibdi.

Institutda meva-uzumning hosildorligini oshirish, yangi yirik mevali uzum navlarining yaratilishi bilan birga ularni quritish texnologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Uzumning “kishmish Botir”, “kishmish Sug‘diyona”, “kishmish-Xisrav” navlaridan eksportbop quritilgan mahsulot olishda ularni plyonka bilan yopib, quritishni shtabell usulida olib borish orqali yuqori sifatli mahsulot olinishi aniqlandi.

Ushbu korporatsiya qoshida bog‘bonlarni tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv va sinov tajriba markazi tashkil etilib, bu yerda dehqon va fermer xo‘jaliklarini bir haftalik malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilmoqda. Seminarda korporatsiyaning yetakchi olim va mutaxassislari qatnashib, mevali intensiv bog‘larni barpo etish, bog‘larda ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, bog‘larni tomchilatib sug‘orish usuli borasida kerakli tavsiya va maslahatlar berib kelishmoqda. Bu esa kelgusida sohani yanada gullab-yashnashiga xizmat qilishi turgan gap.

Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Xususan, ayrim fermer xo‘jaliklarida texnikaning yetishmasligi bois, bog‘-tokzorlarga ishlov berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari o‘z vaqtida bajarilmayapti. Shuningdek, yetishtirilgan mahsulotni saqlash va uni eksport qilish borasida ham kamchiliklar mavjud. Endigi vazifa fermer xo‘jaliklarida omborxonalar, zamonaviy sovutgich omborxonalarini qurib, aholini yil davomida meva-uzum bilan ta’minlashdan iborat.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

muallif olgan suratlar

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: