O‘quvchining bo‘sh vaqti: undan oqilona foydalanilyaptimi?

Farzandlarimiz darsdan bo‘sh vaqtlarida sevimli mashg‘ulotlari bilan vaqtini chog‘ o‘tkazishgani yaxshi. Biroq, barcha ota-onalar ham o‘g‘il-qizlari uchun ana shu imkoniyatni yaratib bera olarmikan!?

2-sinfda o‘qiyotgan farzandim maktabdan qaytgach, qo‘lidagi varaqni shosha-pisha menga tutqazdi. Qog‘ozda maktabidagi to‘garaklar nomi hamda ota-onalar farzandining layoqatidan kelib chiqib, ularni biror bir mashg‘ulotga jalb qilish lozimligi haqida so‘rovnoma yozilgan ekan.

O‘g‘lim anchadan buyon qiziqib yurgan shaxmat to‘garagi ham ushbu namunada keltirilgan edi. So‘rovnomada o‘g‘limning qiziqishini inobatga oldim. Ertasi kuni shaxmat to‘garagi bilan yaqinroq tanishish hamda farzandimni mashg‘ulotga yozdirish uchun maktabga bordim. Bilishimcha, to‘garakning oylik to‘lovi men kutgandan ham biroz yuqori ekan. Farzandimning qiziqishini o‘ylab, ushbu to‘lovga “ko‘z yumdim”.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: farzandlarimiz darsdan bo‘sh vaqtlarida sevimli mashg‘ulotlari bilan vaqtini chog‘ o‘tkazishgani yaxshi. Biroq, barcha ota-onalar ham o‘g‘il-qizlari uchun ana shu imkoniyatni yaratib bera olarmikan!? Istaymizmi-yo‘qmi, masala baribir moddiy ta’minotga borib taqaladi.

Ma’lumki, umumta’lim maktablarida namunaviy yillik ish rejaga asosan bir stavka ishlayotgan har bir fan o‘qituvchisi haftasiga ikki soatdan o‘quvchilar bilan individual ishlashi lozim. Bundan tashqari o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqqan holda turli fan va kasb-hunar to‘garaklari hamda pullik asosda “Barkamol avlod” bolalar markazlarining mashg‘ulotlari ham tashkil etilishi mumkin.

Xo‘sh, ushbu to‘garaklarga o‘quvchilar to‘liq qamrab olinyaptimi? Bizni ko‘proq o‘ylantirayotgan mavzu aslida shu.

Bugun ta’lim maskanlaridagi to‘garaklar faoliyatini birdek qoniqarli deb bo‘lmaydi, – deydi Bekobod shahridagi 38-umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Nigora Xoliqulova. – Birgina misol, bizning muassasamizda ham qator to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, dastavval mashg‘ulotlarda faol bo‘lgan bolalarning vaqt o‘tishi bilan ishtiroki sustlashadi. Bunga asosiy sabab sifatida ota-onalarning e’tiborsizligini keltirgan bo‘lardim. Qolaversa, aksariyat to‘garaklar uchun alohida xonalar ajratilmagan. Ba’zilarida o‘quvchiga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rgatadigan mutaxassislar yetishmasligi sabab ham to‘garaklar faoliyatida kamchiliklarni kuzatish mumkin.

Biz bu borada ota-onalarning fikri bilan ham qiziqdik. Ularning aksariyati kasb-hunar va sport to‘garaklarining faoliyatida aniq bir yo‘nalish borligi uchun bu mashg‘ulotlar yaxshi natija berayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, ota-onalar maktablardagi aniq fanlar bo‘yicha to‘garaklar chuqurlashtirilgan tarzda o‘tilmayotgani sabab, qo‘shimcha repetitorlarga ehtiyoj yuqori ekanligini bildirishdi.

Yana o‘qing:  Ham savob, ham baraka

Farzandim matematika faniga qiziqadi, – deydi olmaliqlik Shahnoza Qudratova. – Shu sabab uni shu fan bo‘yicha to‘garakka bermoqchi bo‘ldim. Biroq, matematika o‘qituvchisi mashg‘ulotlarga vaqti yo‘qligini vaj qildi. Shundan so‘ng garchi farzandimning qiziqishi bo‘lmasada, uni musiqa to‘garagiga jalb qildim. Agar maktablarda fan to‘garaklari faoliyat olib bormas ekan, unda ta’lim dargohining e’lonlar taxtasiga mashg‘ulotlar jadvalini osib qo‘yishdan nima naf. Bundan tashqari agar o‘qituvchi o‘quvchilar bilan ishlashdan bosh tortsa bolalar qanday qilib o‘z bilimini oshiradi?

Nazarimda bu fikrlarda jon bordek.

Darhaqiqat, fan to‘garaklarida o‘quvchilar darsda olgan bilimlarini mustahkamlaydi, o‘zlashtirishi yaxshilanadi. Fanga nisbatan o‘quvchining qiziqishi oshadi. Eng muhimi, bunday mashg‘ulotlarda iqtidorli o‘quvchilar bilan alohida ishlash imkoniyati vujudga keladi.

Zero, jahon sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutgan Abu Nasr Forobiy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy va Mirzo Ulug‘bek singari buyuk bobolarimiz ilm-fan bo‘yicha qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Tomirimizda qoni oqayotgan ana shu bobolarimiz o‘z umrining har bir soniyasidan samarali foydalanishgan. Juda qiyin sharoitlarda, olis-olis yurtlarga borib ilm o‘rganishgan.

Tengdoshlarim to‘garaklardan yetarli bilim ola bilmaganliklari uchun oliygohga tayyorlanish maqsadida repetitorlarga borishadi, – deydi qashqadaryolik 10-sinf o‘quvchisi Navro‘z Ashurov. – Biroq, barchaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Ayrim tengdoshlarim darsdan so‘ng fan to‘garaklari yo‘qligi sabab boshqa ishlar bilan band bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kolleji va akademik litseylarda ta’lim olayotgan har bir o‘quvchini fan, hunar va sport to‘garaklariga jalb etib, ularning ongidagi bo‘shliqni bilim va ma’naviyat bilan to‘ldirishimiz zarur. Zero, ular ertamiz egalari, kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: