Oila qurish mas’uliyati – baxtli bo‘lishning sharti

“Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan ajoyib hikmat bor xalqimizda. Ota-ona va farzandlar haqida fikr yuritilar ekan, bolalarning ma’naviyati, odob-axloqi asosan oilada shakllanadi va uning poydevori oilada qo‘yiladi, deya bot-bot ta’kidlanadi. Vaholanki, kishi hayotida ikki narsani, ya’ni ota-onani hamda o‘z Vatanini tanlay olmas ekan. Ta’bir joiz bo‘lsa, ana shu ikki benazir ne’mat bizga ilohiydan ato etilgan. Vatan hamda oila oldidagi burch esa benihoya muqaddasdir. Shu bois, Vatan oiladan boshlanadi, degan ezgu fikr bizni hamisha yaxshilikka, yuksak ma’naviyatli bo‘lishga da’vat etib turadi.

Jamiyatda qo‘lga kiritilayotgan zafar va yuksalishlar oilalarning tinch va obodligiga bevosita bog‘liq. Zero, insonning kelajagi, umrning mazmun-mohiyati oila deya atalmish go‘shada shakllanadi.

Xo‘sh, bugun farzandlarimizni oilaga tayyorlash masalasiga qanday yondoshyapmiz? Oila qurishdan maqsad nima ekanligini ularga tushuntiryapmizmi?

Ana shu mavzu doirasida viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, maktab va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilariga bir qancha savollar bilan murojaat qildik. Ularning oila qurishga tayyorgarligi, madaniy-ma’rifiy tarbiyasi masalasi, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta turmush qurish mavzulari atrofidagi fikr va mulohazlarini o‘rgandik. Ushbu mavzu yuzasidan 600 dan ortiq yoshlardan anketa savollariga javob olindi.

O‘tkazilgan so‘rovnomadan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh, erta turmush qurish masalalarida ayrim yoshlarimiz hali aniq va to‘liq tasavvurlarga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Aksariyat o‘quvchi shu mavzudagi ma’rifiy suhbatlardan so‘ng bu haqida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lishganini aytib o‘tishgan.

Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlardan shu narsaga guvoh bo‘ldikki, maktablar va kollejlarda psixolog-pedagoglarning faoliyatlarini yanada yaxshilash, “Oila” maktablari, to‘garaklarini tashkil qilish orqali yoshlarda bu tushuncha haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish zarurati mavjud.

Ko‘pgina yoshlar u yoki bu muammoni turli xil tushunishadi. Psixologlarning vazifalari esa yoshlar hayotidagi o‘ziga xos muammolarning mohiyatini anglashga va ularni samarali yechimlarini izlab topishga yaqindan yordam berishdan iborat. Ta’bir joiz bo‘lsa, yoshlarning psixologik savodxonligini yanada yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumki, kollejda o‘qiyotgan qiz endigina 16 yoki 17 yoshda bo‘ladi. Biroq, ayrim ota-onalar qizlarini vaqtida uzatib, tashvishlardan qutulish niyatida ularni barvaqt turmushga berishadi. Biroq, balog‘atga yetmagan qizlarni turmushga berish, oila qurishga majburlash ko‘pgina noxush voqealarga sabab bo‘lmoqda. O‘smirlik davri bu qizning voyaga yetdi degani emas. Bu davrda uning hayotida, ruhiyatida, organizmida jismoniy, jinsiy, ruhiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Vaholanki, bu vaqt­da uning o‘z-o‘zini baholashi, qiziqishlari, fikri to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. To‘liq shakllanmagan, oilaviy hayotga tayyor bo‘lmagan qiz bolani oila qurish, farzand dunyoga keltirishdek mas’uliyatli vazifani yelkasiga yuklab qo‘yishga, menimcha, hech kimning haqqi yo‘q. Ammo, ayrim ota-onalar haqiqatdan ko‘z yumib farzandlarini ko‘ra bila turib o‘tga tashlashadi. Zero, jismoniy, jinsiy tomondan yaxshi yetilmagan organizmda homilaning hamisha to‘kis rivojlanishi amrimahol. Chanoq suyagining torligi, kamqonlik, gigiyena qoidalarini bilmaslik, uquvsizlik turmushga tayyor bo‘lmagan qizlarimizga pand berib qo‘yishi mumkin.

Yana o‘qing:  Bolalardan bolalarga


USHBU TAHLILIY MAQOLA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI HUZURIDAGI NODAVLAT-NOTIJORAT TASHKILOTLARI VA FUQAROLIK JAMIYATINING BOSHQA INSTITUTLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASH JAMOAT FONDI KO‘MAGIDA “QARINDOSHLAR O‘RTASIDAGI NIKOH VA ERTA TUFISHNING OLDINI OLISHDA, YOSHLARNI YUKSAK ODOB-AHLOQ TAMOYILLARI ASOSIDA TARBIYALASHDA OILA, MAKTAB VA MAHALLA HAMKORLIGINI YANADA MUSTAHKAMLASH” MAVZUSIDAGI LOYIHA MAQSADLARI DOIRASIDA YOZILDI.


Kollejda o‘qiyotgan 15-17 yoshli yigit-qizlarning 99 foizi anketa savollarimizga javob berib, ular bu yoshda hali oilaga tayyor emasliklarini izhor qilishgan. Xo‘sh, ota-onalarning bu masalaga munosabati qanday bo‘lishi kerak? Eng avvalo, ona qiziga yaqin inson bo‘lishi, qizidagi har bir o‘zgarishni nazorat kilib, unga tushuntirib borishi zarur. Har bir ota-ona o‘g‘li, qizi bilan muntazam suhbatlashib, balog‘at davrining o‘ziga xos xususiyatlaridan xabardor etib turishi kerak. Afsuski, ayrim ota-onalar erta nikohning oqibatlarini jiddiy o‘ylamasdan, “orzu-havas” bilan to‘y qilishadi. Oqibatda yoshlar qiyin ahvolga tushib qolishadi.

Hali hayotda o‘z o‘rnini topishga ulgurmagan, o‘zining shaxsiy fikri to‘liq shakl­lanmagan yigit-qizlarni oila qurishga majburlash ota-onalarning katta va kechirib bo‘lmas xatosidir. Nozik yelkalariga oila qurishdek og‘ir va ulkan mas’uliyatni yuklash, ulardan bilmagan narsalarning talab qilish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan holatdir. Oila qurish uchun yoshlar ham jismonan, ham ma’nan tayyor bo‘lishlari muhim ahamiyatga ega.

Ba’zan, ayrim oilalar qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash niyatida o‘g‘il-qizlarining to‘ylarini qilishadi, lekin bu rishtaga putur yetib, oilalar buzilib ketmoqda. Eng achinarlisi, yaqin qarindoshlardan tug‘iladigan bolalarda nogironlik holatlari ko‘proq kuzatilishi allaqachon fanga ma’lum. Viloyat skrining markazi ma’lumotlariga qaraganda, o‘tgan yili 461 ming 594 nafar tug‘ish yoshidagi ayollar, 483 ming 921 nafar 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ayolarning 65 nafarida o‘tgan yilning o‘zida qarindosh-urug‘lar va erta nikoh oqibatida nogironlik holati qayd qilingan va homiladorlik to‘xtatilgan. Erta nikoh, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning oldini olish mavzusida tizimli ravishda keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Aravachaga mixlangan yoki nogiron bolaning sarg‘aygan chehrasini ko‘rganda yurak ming bor og‘rishini tasavvur etib ko‘ring. Ma’lumotlarga qaraganda, qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlarning 70-80 foizi ajralish bilan yakunlanar yoki ularning farzandlari nogironlik dardi bilan hayot kechirarkan.

Yana o‘qing:  Stomatologiya sohasi rivojlanmoqda

Mahalla fuqarolar yig‘ini faollarining ana shu muammolarga aralashuvi ham bu ishda ko‘p samara beradi. Chunki, mahallada bo‘layotgan barcha voqealardan eng avvalo mahalla faollari xabardor bo‘lishadi.

Shu sababdan mahallani bir oilaga o‘xshatish mumkin. Qo‘shnisiz odam qanotsiz qushga o‘xshaydi. G‘arb mamlakatlarida o‘zining yon qo‘shnisini tanimaslik ayb sanalmasligi mumkin, ammo bizda “Yon qo‘shni jon qo‘shni”, “Hovli olma, qo‘shni ol”, degan maqollar bu rishtalarning naqadar muhimligini ko‘rsatyapti.

Bir kishi donishmanddan “Aytingchi, men yaxshi odammanmi yoki yomonmi, buni qanday bilsam bo‘ladi?” – deb so‘raganida, donishmand “Buning yo‘li oson, borib qo‘shnilaringdan so‘ra, agar ular sen yaxshi desalar, demak yaxshisan”, – deya javob qaytargan ekan.

Yoshlar obro‘li mahalla oqsoqollaridan hayiqib turadilar, ularning salobatli ta’sirida o‘zlarini nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyadilar. Ammo, mahallarda kam sonli bo‘lsada tarbiyasi og‘ir bolalarni uchratamiz. Ammo ularni ko‘rib, bilmaganga olamiz. Biroq, bu loqaydlik va andisha kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi ham mumkin.

“Loqayd kishilar yaxlab qolgan ko‘lmakka o‘xshaydilar”, – degan edi nemis faylasufi Iogann Gyote. Bunday paytda biz kattalar loqayd bo‘lmasdan, jur’atliroq, shijoatliroq bo‘lishimiz, bolalarni tarbiyaga chaqirishimiz shart. Kerak bo‘lsa, oilasiga borib, bolasining xulqini muhokama qilishimiz, ota-onasiga tushuntirishimiz zarur.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va ularni komil inson qilib tarbiyalashda oila, maktab va mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Oila sog‘­lom ekan-jamiyat mustahkam, jamiyat mus­tahkam ekan-mamlakat barqarordir”.

Dilbar BEKJONOVA,

Urganch shahridagi “Taraqqiyot” ayollar va yoshlar markazi rahbari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: