OILA – SAODAT OSHYONI

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etildi. Joriy yilning 25 yanvarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston xotin-qizlarining respublika konferensiyasi ishtirokchilariga Prezidentimizning yo‘llagan tabrigida “Hozirgi vaqtda oilani, xusususan, yosh oilalarni mustahkamlash, og‘irini yengil qilish, ular duch keladigan turli muammolarni yechish, zarur ko‘mak va yordam berish…” zarurligini qayd etib o‘tdi.

O‘zbekistonda oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni har tomonlama kamol topishi va farovonligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlat tomonidan kafolatlangan. Shu o‘rinda oila borasida davlat siyosatining shu tarzda qonunan kafolatlanganligi, ushbu kafolatlanish zarurati nimalarga asoslanadi, degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi.

Birinchidan, sog‘lom farzandlarning tug‘ilishi nafaqat oilani mustahkamlaydi, balki bizdan farzandlarimiz ta’lim va tarbiyasi, bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun ko‘proq e’tibor qaratish imkonini beradi.

Ikkinchidan, oilada sog‘lom farzandlarning kamol topishi uchun ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi aynan kelajak vorislarning manfaatlarini himoya qilib, ularning jamiyat hayotida kafolatli mavqega ega bo‘lishini ta’minlaydi.

Uchinchidan, “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” ijtimoiy harakatining muvaffaqiyati, xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi nufuzlarining oshishi, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshishining ham real zamini bo‘lib hisoblanadi.

Agar o‘tgan yillarning davlat dasturlari mazmunini tahlil qiladigan bo‘lsak, 1998 yilni “Oila yili”, 1999 yilni “Ayollar yili“, 2000 yilni “Sog‘lom avlod yili”, 2012 yilni “Mustahkam oila yili” va nihoyat 2013 yilni “Obod turmush” yili deb nomlanishi va ularning barchasida oilani mustahkamlash, sog‘lom onalardan sog‘lom farzandlar tug‘ilishi uchun imkoniyatlar yaratish, ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash g‘oyasining izchil amaliyotga joriy etilayotganligi bu boradagi davlat siyosatining naqadar to‘g‘ri ekanligini isbotlaydi.

Ayni vaqtda “Ona va bola skriningi” Davlat dasturini amalga oshirish uchun poytaxt va viloyatlar markazlarida 11 ta skrining markazlari tashkil etildi. Bu tadbirlarning barchasi o‘z nav­batida yurtimizda oila institutining mustahkamlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bu borada mustaqillik yillarida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar, hukumat qarorlari onalik va bolalikning muhofaza qilinishi oilani mustahkamlash siyosati bilan uzviy bog‘liq ekanligini isbotladi.

Oila kodeksining amaliyotga kiritilishi, “Oila“ markazi tomonidan keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlari bilan amaliy ishlarning boshlanishi amalda ona va bola salomatligini mustahkamlash borasida qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Joylarda tashkil etilgan markazning hududiy bo‘limlari esa o‘zlarining amaliy faoliyati bilan aholi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlarini xotin-qizlar qo‘mitalari bilan birgalikda amalga oshirib kelmoqda. Hozirda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazining filiallari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha tumanlarda ish olib bormoqda. Muhimi markaz Oila kodeksida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosini monitoring qilishda qator vazirliklar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Yana o‘qing:  “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”

Bugungi kunga kelib, “Oila” markazlari oila muammolarini o‘rganuvchi va ularning amaliy yechimini izlab, manfaatdor tashkilotlarga o‘z tavsiyalarini berib kelayotgan markazlardan biriga aylandi. Uning tasarrufida faoliyat ko‘rsatayotgan aspirantura bo‘limi oilashunoslik borasida oliy malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan maktab hisoblanadi. Oilashunoslarning turli bo‘g‘in ta’lim muassasalari, jumladan, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorligi bois, ayni paytda respublikadagi qator oliy o‘quv yurtlarida oilaviy tarbiya va ta’lim bilan shug‘ullanuvchi kadrlar tayyorlovchi, hamda mahallalarda oila ma’naviyati va madaniyati masalalari bilan shug‘ullanadigan ijtimoiy xodimlar ixtisosliklari ta’sis etildi. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda maktab, o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim muassasalarida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Maktablarning 1-4-sinflarida “Salomatlik” darslari fanlar tarkibiga uyg‘unlashtirilgan holda, 8-sinflarda “Sog‘lom avlod asoslari” fani 17 soat maktab ixtiyoridagi soatlardan foydalanilgan holda, 5-7-hamda 9-sinflarda fanlar tarkibiga qo‘shimcha ravishda kiritilgan holda o‘qitilmoqda. Shuningdek, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida “Oila psixologiyasi” kursi, oliy ta’limning pedagogik yo‘nalishidagi talabalari uchun “Oila pedagogikasi”, “Oilashunoslik” kurslari tashkil etilib o‘quv rejasiga kiritildi. “Oila” markazi o‘z navbatida ushbu o‘quv yo‘nalishlarini va ota-onalar uchun “Oila kutubxonasi“ ruknida har yili o‘nlab o‘quv qo‘llanmalari, risola va bukletlar tayyorlab nashr etmoqda.

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” markazlari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, “Mahalla” kabi nodavlat va notijorat tashkilotlarining sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq, oila va onalikni muhofaza qilish mexanizmining naqadar to‘g‘ri ekanligini bugungi kunimizning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Mahalladagi turli ma’naviy muammolarni hal etishda “Mahalla” jamg‘armasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorlikda ishlab chiqqan barkamol avlodni tarbiyalashda “Oila – mahalla – ta’lim muassasalari hamkorligi” konsepsiyasidir. Bu konsepsiyani hayotda, amaliyotda joriy etish katta ahamiyatga egadir. Bevosita turli hududlardagi mahalla guzarlari qoshida tashkil etilgan “Oila – mahalla – ta’lim muassasalari hamkorligi” markazlarining ish faoliyati shuni ko‘rsatmoqdaki, bu markazlarda, ayniqsa, yoshlar to‘g‘risida maktab psixologi, maslahatchi hamda mahalla oqsoqoli to‘plagan materiallar manzilli va maqsadli ishlarni tashkil etishda, albatta, samara beradi. Demak, buning uchun:

1) konsepsiya ishlashi uchun har bir hududda, mahallada “Oila-mahalla-maktab” hamkorligi Markazini tashkil etish;

Yana o‘qing:  Vasiylik va homiylik

2) mahallada voyaga yetmagan bolalar to‘g‘risida ma’lumotlar bankini yaratish, bu ma’lumotlarni mahalladagi oqsoqol, maslahatchilar va maktab psixologi bilan birgalikda to‘plashni tashkil etish;

3) ushbu hamkorlik orqali bolalarining qiziqishlari, layoqatlariga mos, hudud shart-sharoitlaridan kelib chiqib, markaz, klublar, to‘garaklar tashkil etish, ya’ni, mahalla yoshlari, ayniqsa, o‘smir yoshdagilarni madaniy-ma’rifiy foydali ishlarga jalb etish mumkin bo‘ladi.

Bu borada mahalla maslahatchisi o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun hududdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash muassalari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi lozim. Mahalla va tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish ishlari esa mahalliy hokimliklar mas’ulligida amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.

Fuqarolar yig‘inlari tarkibidagi Yoshlar bilan ishlash komissiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qoshida tuzilgan Yetakchilar Kengashi faoliyati, o‘quv va ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Ota-onalar qo‘mitasi” bilan hamkorlikda ish olib borish yaxshi natijalarni beradi.

Maslahatchilar va fuqarolar yig‘inlari tarkibidagi xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi hamkorlikda bevosita oilalar bilan ishlashi, har bir oilaning yashash tarzidan boxabar bo‘lishi, muammo yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oilalarni aniqlab, zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim. Bunday ishlarni amalga oshirishda mahalladagi yoshi ulug‘, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, obro‘li insonlarning yordamidan foydalanish zarur.

Maslahatchi o‘z navbatida fuqarolar yig‘inlari tarkibidagi xotin-qizlar bilan ishlash komissiyalari faoliyatini takomillashtirishga yordam berishi lozim. Bundan tashqari, hududdagi oilalarni o‘rganish, noto‘g‘ri yo‘lga kirgan xotin-qizlar bilan ishlashda mahalla faollari, profilaktika inspektori, mahalla posboni o‘zaro hamkorlikda va axborot almashinuvi asosida ish olib borishlari lozim.

Xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, ularni doimiy ish bilan ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri. Uning yechimini topishda maslahatchi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘limi bilan yaqindan hamkorlikda bo‘ladi.

Oila va nikoh munosabatlarining qonuniyligini ta’minlash, oila qurayotgan yoshlarga tibbiy ko‘rikning ahamiyatini tushuntirish, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish ham maslahatchi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridandir. Buni amalga oshirishda maslahatchi FXDYo bo‘limi xodimlari bilan hamkorlik qilishi yordamida tushuntirish ishlarini olib borishi ijobiy samara beradi.

Maslahatchi mahalladagi notinch oilalar bilan ishlash va namunali oilalar tajribasini ommalashtirishda “Oila” markazi, xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, kasanachilikni yo‘lga qo‘yishlarida “Tadbirkor ayollar” uyushmasi unga yaqindan yordam beradi.

Yana o‘qing:  Gazli ichimliklardan OIV tarqalyaptimi?

Yoshlarni ma’nan yetuk, jismonan sog‘­lom etib tarbiyalashda, ular ongida ona Vatanga muhabbat, milliy urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini singdirishda maslahatchi mas’ul tashkilotlar bilan uzviy aloqada faoliyat yuritishlari muhim xisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda oila atalmish muqaddas dargohning osoyishta hayoti yurt ravnaqining gullab-yashnashida muhim ahamiyat kasb etadi.

Davron XOLIQOV,

pedagogika fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: