Maktabgacha ta’lim muassasalari – yutuqlar debochasi

Bo‘ylari atirgulning bo‘ylaridek keladi… Lekin ularni sport musobaqalarida ko‘rsangiz, jiddiy, mas’uliyatli. Xuddi guruhlararo yoki bog‘chalararo musobaqaga emas, mamlakat, dunyo miqyosidagi bellashuvlarga chiqayotgandek, bir-birlariga dalda beradi, bir-birlarini dovlaydi.

Bayram, tantana kunlarida esa rang-barang liboslarda katta sahnalar namoyishiga hozirlangan san’atkorlarga o‘xshashadi: hayajonli, ko‘zlari charaqlagan, ovozlari jarangdor…

Aytayotgan ta’riflarimiz bugungi istiqlol davrida faoliyat olib borayotgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari hayotining manzaralariga o‘xshaydi. Mazkur maqolada esa gap kichkintoylarimiz ta’lim-tarbiya olayotgan, mitti, beg‘ubor yurakchalarini hozirdan san’at, sport, vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan ziynatlayotgan Farg‘ona viloyati, Quva tumani XTMFMTTE bo‘limiga qarashli 8-sonlimaktabgacha ta’lim muassasi haqida boryapti. Muassasada 9 ta guruh mavjud bo‘lib, bolalarga 14 nafar pedagog-tarbiyachi ta’lim-tarbiya berishadi.

– Bugungi maktabgacha ta’lim muassasalari biz bolaligimizda bo‘lganidek, kichkintoylarni shunchaki band qilib, kun bo‘yi asrab turuvchi maskan emas, balki tom ma’nodagi tarbiya beshigidir, – deydi mudira Hilola Usmonova.

Aziza Jalilova, Ergashoy Turdiyeva, Zaynab Xalilova, Ozoda Madrahimova kabi o‘nlab tarbiyachilar bolalarning maxsus dastur asosida ham jismonan, ham ma’nan tarbiyaga yo‘naltirilgan kun tartibining mukammal amalga oshishini ta’minlaydilar.

– Bolalarimiz ingliz tili, musiqa, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida nihoyatda faol ishtirok etadilar. Har oy so‘ngida muntazam ravishda “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazamiz. Shu kuni ota-onalar bolalari bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etadilar, – deydi tarbiyachi Gulnoza Farmonova.

Ushbu maktabgacha tarbiya maskanida tarbiyalanuvchi o‘g‘il-qizlarning esidan biror sana chiqib qolmaydi. Ular Mustaqillik, Navro‘z bayramlarini katta shodiyona bilan nishonlaydilar.

– Ayniqsa, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil qilingan “Zumradoylar davrasi”ning jajji qizaloqlari bu bayramlarning guliga aylanishgan. Ular faqat bog‘chadagina emas, mahallasi, uyida ham o‘zlarini mehnatkash, sahiy, ozoda Zumradoy deb bilishadi, – deydi Dilorom Jalolova.

…Men o‘tgan asrning 70 yillarida Akbarobod qishlog‘idagi maktablarning birida dars berganman. Qishloq ahlining o‘g‘il-qizlari tabiyalangan bog‘chalarning devorlarini yomg‘ir yuvgan, pastak tomli, zax xonalari shunday ko‘z oldimda turibdi.

“… Yana yigirma yillardan so‘ng yurtimiz mustaqillikka erishadi, bolalarimiz kompyuterlashtirilgan xonalarda ilk texnika saboqlarini oladi”, deb kimdir gapirsa, balki menday nekbin odam ham ishonmasdi.

Mana, endi mo‘’jizalarga boy yigirma besh yil hamma narsani, shu jumladan, yurtimizning mitti fuqarolariga atalgan ta’lim-tarbiya maskanlarini ham butunlay o‘zgartirib yubordi.

Яна ўқинг:  Мусаффо ғоялар билан улғайган навқирон авлод

– Yaqindagina Xalq ta’limi vazirligi tomonidan muassasamizga 12 turdagi mebel va o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi, – deydi Hilola Usmonova. Mudira ham, pedagog tarbiyachilar ham bolalar hayoti bilan bog‘liq qiziq-qiziq voqealarni yurakdan, sevinib, zavq bilan gapirib berisharkan, men bunday mehr bag‘rida kamolga yetayotgan bolalarning qalbida yurtimizga katta muhabbat ulg‘ayib borayotganiga ishonch hosil qildim.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: