Jasorat darslari
Yoshlarda vatanparvarlik g‘oyalarini shakllantiradi
Joriy yilning 13-14 yanvar kunlari respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarida
“Jasorat darslari” bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim muassasalarida huquqiy oylikning mantiqiy davomi sifatida faxriy harbiylar, yozuvchi va shoirlar, taniqli san’atkorlar ishtirokida “Jasorat darslari” o‘tkazildi. Mazkur dars soatlarida Vatan himoyasi barchaning Konstitutsiyaviy burchi ekani, uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash shu yurtda istiqomat qiluvchi har bir fuqaro uchun sharaf ekanligi targ‘ib qilindi. Umumta’lim maktablarida “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan shior va plakatlar, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘zida aks ettirgan burchaklar tashkil etildi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida 2013-yilning 15-dekabridan joriy yilning 14-yanvarigacha “Harbiy vatanparvarlik” oyligi deb e’lon qilinib, oylik doirasida ommaviy vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, ayni paytda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi 140 nafar targ‘ibotchi tomonidan ta’lim muassasalarida “Armiya – mustaqilligimiz va erkinligimiz kafolаti”, “Armiyada xizmat sharaflidir”, “Milliy armiyamiz – g‘ururimiz” kabi mavzularda davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, respublikamizdagi mavjud 298 ta bolalar musiqa va san’at maktablaridagi ijodiy guruhlar o‘rtasida “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar tanlovi bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning 13-14 yanvar kunlari ushbu tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichlari o‘tkazildi.
Albatta, bu kabi uchrashuvlar, tashkil etilayotgan tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularni Vatanga sodiq qilib voyaga yetkazishda muhim ahamiyatga egadir.