Ilm va iqbol maskani
Ta'lim islohoti bizni demokratik o'zgarishlar, yangi jamiyat barpo etish yo'lidan dadil yetaklovchi, barchamizni harakatlantiruvchi ichki kuch bo'lmog'i zarur. Har birimizga besh barmoqday ayon bo'lsinki, ta'lim va tarbiya tizimini o'zgartirmasdan turib, odamlar ongini, demakki, ularning turmush tarzini tubdan o'zgartirish mumkin emas.
Islom Karimov
Farzandining orzu-istaklarini ro'yobga chiqarish, ular kelajagini ta'minlash xalqimizga xos ezgu fazilatlardan sanaladi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda umumta'lim maktablarini tamomlagan o'quvchilarni kollej va litseylarga to'liq qamrab olish, ta'limning uzviyligi va izchilligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotganida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.
Shu o'rinda aytish joizki, o'tgan yillar mobaynida yurtimizda jahon andozalariga mos ravishda barpo etilgan umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida yoshlarning chuqur bilim olishi, o'z iste'dod va salohiyatini to'la namoyon etishi, tanlagan kasb sirlarini puxta egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Buni poytaxtimizdagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi 5-sonli akademik litsey faoliyati misolida ham ko'rish mumkin.
1997-yil O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 210-sonli va Xalq ta'limi vazirligining 165-sonli qo'shma buyrug'iga asosan Toshkent davlat aviatsiya instituti qoshida akademik litsey tashkil etilgan edi. Ushbu ta'lim muassasasi 2008-yilda Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi 5-sonli akademik litsey deb qayta nomlandi.
Ayni paytda ushbu ta'lim dargohida jami 597 nafar o'quvchi aniq fanlar, «Multimediya tizimlari va kompyuter grafikasi» dasturchisi va «xorijiy tillar yo'nalishida ish yurituvchi» mutaxassisliklari bo'yicha ta'lim olishmoqda.
O'quv jarayoniga yuqori malakali professor o'qituvchilar hamda kuchli bilimga ega bo'lgan iqtidorli va iste'dodli yosh mutaxassislar jalb etilgan.
ILM, IXTIRO, IFTIHOR
Ta'lim muassasasi binosi 2007-2008 o'quv yilida to'liq rekonstruksiya qilingan bo'lib, laboratoriya, 2 ta lingafon, 2 ta kompyuter xonalari eng so'nggi rusumdagi texnika jihozlari bilan jihozlangan. Bu esa dars mashg'ulotlarini olib borishda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish imkonini bermoqda. 5000 ga yaqin kitob fondiga ega bo'lgan «Axborot-resurs» markazida ko'plab darsliklarning elektron variantlari mavjud. Shuningdek, markaz internet tarmog'iga ulangan.
Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o'z ixtirolari bilan xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etayotgan va nufuzli o'rinlarga sazovor bo'layotgan litsey yoshlarini ko'rganimizda qalbimiz faxr-iftihorga to'ladi.
– Bir necha yildan buyon raketa modellashtirish to'garagiga qatnashaman. O'tgan qisqa vaqt oralig'ida O'zbekiston chempionati va kubogi, o'tgan yili jahon chempionatida ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritdim. Joriy yilda yana bir xalqaro musobaqada «Siklon-3» raketam bilan ishtirok etib, birinchi o'ringa sazovor bo'ldim. Kelajakda konsturuktorlik sohasida yetuk mutaxassis bo'lib, ko'plab texnik ixtirolar qilmoqchiman, – deydi akademik litsey o'quvchisi Alibek Jumaniyozov.
SPORT – YAQIN HAMROH
Akademik litseyda o'quvchilarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish, ularni sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda o'quvchilar futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka va kurash kabi turli sport to'garaklarida muntazam shug'ullanib kelishmoqda. Bu esa litseyda tahsil olayotgan yosh sportchilarning nafaqat respublika, balki xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etishiga zamin hozirlamoqda.
Har yili o'quv dargohida sportning turli yo'nalishlari bo'yicha litsey kubogi musobaqalari o'tkazib boriladi. Qolaversa, hududiy birinchiliklarda ham akademik litsey o'quvchilari sovrinli o'rinlarni muntazam egallab kelmoqda. Xususan, Islom Shukurov jangovar sambo bo'yicha 52 kg. vazn toifasida O'zbekiston kubogi sohibiga aylangan bo'lsa, 305-guruh o'quvchisi Yulya Kim sportning sinxron suzish yo'nalishi bo'yicha o'tgan yili Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo'lib o'tgan xalqaro turnir hamda Malayziyada bo'lgan Osiyo chempionatida faxrli o'rinlarga sazovor bo'ldi. Yana bir litsey o'quvchisi Malika Aliyeva esa qizlar o'rtasida kamondan o'q otish bo'yicha O'zbekiston chempioniga aylandi.
KAMOLOT KO'ZGUSI
Xorijiy tillarni puxta egallash bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir. Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq o'quvchi-yoshlarni til o'rganishga bo'lgan qiziqish va intilishlarini qo'llab-quvvatlash, ta'lim muassasalarini yetuk mutaxassis kadrlar bilan ta'minlash va ular malakasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Buni chin dildan his qilgan litsey o'quvchilari ham til o'rganishga bo'lgan ishtiyoqlarini namoyon etishmoqda.
– Bugun yurtimizda biz yoshlarning til o'rganishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ayni paytda ingliz va fransuz tillarini mukammal o'rganmoqdaman, – deydi 305-guruh o'quvchisi Dilafruz Tolipova.
D.Tolipova joriy yilda rus guruhlari o'rtasida o'zbek tili fanidan o'tkazilgan fan olimpiadasi g'olibi bo'ldi va O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga imtiyozli ravishda o'qishga qabul qilindi.
Joriy yilda Dilafruz kabi akademik litseyning 12 nafar o'quvchisi Toshkent Vestminister universiteti, Turin politexnika universiteti hamda Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga imtiyozli ravishda o'qishga qabul qilindi. Bu esa ta'lim maskanida ta'lim-tarbiya jarayoni to'g'ri yo'lga qo'yilganining amaliy tasdig`idir.
Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar yurtdoshlarimiz qalbini faxr-iftixorga to'ldirib, yoshlarimizning ezgu intilishlariga qanot bag'ishlamoqda.
Navro'z NORBOBOYEV