Bo‘g‘inlar revmatizmi va o‘pka kasalliklari o‘rtasida bog‘liqlik bor
Kanadalik mutaxassislar fikricha, bo‘g‘inlar revmatizmi surunkali o‘pka kasalliklari rivojlanishi xavfini oshiradi. Bo‘g‘inlar revmatizmi – bu qo‘l va oyoqning mayda tomirlari shikastlanishi bilan namoyon bo‘ladigan surunkali kasallik.
Zee News nashri xabar berishicha, olimlar ushbu kasallikka yo‘liqqan 24625 nafar, shu bilan birga, 25396 nafar sog‘lom odamning ma’lumotlarini tekshirib chiqdi. Natijada, bo‘g‘inlar revmatizmi qayd etilgan ishtirokchilar guruhida surunkali o‘pka kasalliklari tufayli kasalxonaga tushish holati ko‘proq takrorlangani ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqotchilar natijaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni ham hisobga olishdi. Hatto shundan keyin ham bo‘g‘inlar revmatizmiga uchragan odamlarda surunkali o‘pka kasalliklari xavfi boshqalarga nisbatan 47 foiz yuqoriligicha qoldi. Olimlar bunga yallig‘lanishning ushbu kasallik rivojlanishida muhim ahamiyatga egaligini sabab qilib ko‘rsatyapti.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.