Lolaga parvarish, qiz bolaga e’tibor kerak
Har bir ayol hayotidagi eng quvonchli damlaridan biri bu onalik baxtiga erishgan kun bo‘lsa kerak. Ammo bu baxtga erishishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.
Chunki ayolning ona bo‘lgandan keyingi butun hayoti farzand tarbiyasi, uning baxt-u kamoli bilan bog‘liq. Agar ota-ona bergan tarbiya tufayli o‘g‘il-qiz jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lsa, yurt uchun kerakli shaxs bo‘lib kamolga yetsa, nur ustiga a’lo nur. Lekin dilbandi o‘zi orzu qilganday axloqli, odobli inson bo‘lib voyaga yetmasa, bu ne ko‘rgulik?! Ayniqsa, qiz bola tarbiyasining qanchalik nozik masala ekanligi haqida o‘zbek onalariga ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.
Qiz bola ulg‘aya borgani sari yon-atrofidagi insonlarning yurish-turishi, kiyinishiga e’tibor qaratib, ularni o‘zi bilan taqqoslay boshlaydi. Shuningdek, o‘smirlik davrida ular yaqinlarining o‘ziga yanada e’tiborli bo‘lishlarini istashadi. Shuning uchun ba’zi qizlar yangi kiyim kiyishni, dugonalaridagi qimmatbaho taqinchoqlar o‘zida ham bo‘lishini xohlaydi. Bu yoshda mustaqil bo‘lishga ko‘proq intiladi va shu bilan birga tashqi ta’sirlarga o‘ta beriluvchan bo‘lishadi. Qolversa, balog‘at davrida jinsiy yetilish jarayonining o‘ziga xosligini ham kattalar e’tiborga olishlari zarur. Ayniqsa, bu pallada onalar qiz farzandlari bilan yaqin munosabatda bo‘lishlari, ularni qiynayotgan muammolar bilan jiddiy qiziqishlari lozim.
Joriy yil “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Toshkent viloyati hududiy filiali ko‘chma tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi Toshkent viloyatidagi 20 ta umumta’lim maktabi, 1 ta akademik litsey, 14 ta kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdi.
Achinarlisi, o‘smir qizlar orasida turli xastaliklar, ba’zilarida esa ularning yoshiga munosib bo‘lmagan salbiy holatlar aniqlandi.
– Toshkent viloyati hokimiyati topshirig‘iga asosan Yuqori Chirchiq tumanidagi barcha kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan qizlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdik. Tekshiruvlar davomida ayrim qizlarda erta homiladorlik holatlari aniqlandi. Bunga asosan oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onalarning farzand tarbiyasiga be’tiborliklari sabab bo‘lgan. Afsuski, bugun ayrim onalar qizlari tarbiyasiga mutlaqo e’tiborsiz. Bu kabi holatlarni kuzatilishiga oilalardagi ajrimlar ham sabab bo‘lmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi Toshkent viloyati xududiy filiali direktori Muhabbat Yuldasheva.
Mutaxassislar o‘smir yoshidagi bolalarni qattiq tanqid qilishdan qaytaradi. Sababi bu davrda ular o‘z joniga qasd qilish (suitsid)ga moyilroq bo‘lishadi. Qolaversa, boshqa ko‘ngilsiz holatlar ham aynan shu davrda uchraydi.
– Ushbu jiddiy masala yuzasidan qizlarning ota-onalari, muassasa rahbariyati va mahalla faollari xabardor qilinib, tegishli choralar ko‘rildi, – deydi shifokor Manzura Xudoyarova. – Bugunga qadar ijtimoiy-patronaj brigadasi bilan yurtimizdagi maktab, litsey va kollej o‘quvchilarini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularga kerakli tavsiyalar berib kelmoqdaman. Mutaxassis sifatida sog‘lom turmush tarzining inson hayotidagi o‘rni, erta nikoh va uning salbiy oqibatlari xususida tushuntirishlar olib boraman. Shunda ham yuqoridagi kabi salbiy holatlar uchrayotgani, olib borayotgan ishlarimiz yetarli emasligi, uning ta’sirchanligini oshirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Xulosa shuki, har bir ota-ona farzandi tarbiyasiga va uning taqdiriga o‘ta mas’ul hamda javobgar ekanligini unutmasligi zarur.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri