Bilmay tikon bosganlar
Voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar nega sodir etilmoqda?
Bugun ahloq tuzatish muassasalarida voyaga yetmagan yoshlar ehtiyotsizlik, ortiqcha erkalikning jabrini tortmoqda.
Bu haqda eshitishning, so‘z yuritishning o‘zi og‘ir. Ularning ota-onalari va yaqinlari ahvolini ko‘z oldimizga keltirish esa undanda mushkul ish. Jigargo‘shasi sodir etgan jinoyat tufayli bechora ota-onaning yuzi shuvut, qalbida esa og‘riq hukmron.
Aniqlanishicha, joriy yilning o‘tgan davri davomida respublikamizda 3 ming nafar bola maktabda, 7 ming nafari kollejlarda sababsiz dars qoldirgan. Agar yurtimizda yoshlar 18 millionni tashkil etsa, shulardan 13 ming nafari o‘qimaydigan, hech qayerda ishlamaydigan uyushmagan yoshlardan iborat ekan. Afsuski, sodir etilgan ko‘pgina jinoyatlar ham aynan ular o‘rtasida yuz bergan.
Endi e’tiboringizni O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi bergan ma’lumotlarga qaratsak. Respublikamiz hududida voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi 869 ta, yoshlar (18-30) jinoyatchiligi 12 ming 966 ta, jinoyat sodir etgan maktab o‘quvchilari soni 244 nafar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari soni 1 ming 255 nafar, oliy o‘quv yurtlari talabalari soni 194 nafar, o‘qimasdan, ishlamasdan yurgan uyushmagan yoshlar soni esa 5 ming 607 nafarni tashkil etgan. Shuningdek, yoshlar beshtadan bitta holatda jinoyatni guruh tarkibida sodir etgan. 11,5 foiz (1492) holatda ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Respublikada jinoyat sodir etgan jami 1 ming 504 nafar o‘quvchining 83,4 foizi (1255 nafari)ni akademik litsey va kasb-hunar kollej o‘quvchilari tashkil etadi.
Olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida bu raqamlar o‘tgan yilga qaraganda kamaygan bo‘lsada, biroq hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy illatlarning uchrayotgani ayanchli holdir.
Farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom va ma’nan yetuk shaxs etib tarbiyalashda, eng avvalo, oila va mahallada har tomonlama sog‘lom muhitni yaratish zarurigi barchamizga ma’lum. Buning uchun esa har bir mahallada huquqiy-ma’naviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ta’sirchan va samarali usullardan keng foydalanish lozim.
Bugungi kunda o‘quvchilar o‘rtasida qarovsizlik, nazoratsizlik, huquqbuzarliklarning oldini olish, davomatni yaxshilashda ichki ishlar organlari tomonidan alohida e’tibor ta’lim muassasalari bilan hamkorlikka qaratilmoqda.
– Agar jinoyat sodir etishga moyil insonlar bilan vaqtida tushuntirish ishlari olib borilsa, ko‘pgina salbiy holatlarning oldi olinadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikromov. – Aynan o‘quv dargohlari rahbarlari tomonidan ta’lim muassasasidagi tarbiyasi og‘ir bolalar haqida ichki ishlar xodimlariga xabar berilmayapti. Buning natijasida ular o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir bo‘lmoqda. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish nafaqat huquq-tartibot organlari, balki butun jamiyatning vazifasidir.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat jinoyatchi yoshlarning shaxsi oiladagi tarbiyaviy muhit sababli shakllanishini ko‘rsatmoqda.
Tarbiyasi og‘ir o‘smirni esa qayta tarbiyalash zarur. Uni axloqan tuzatish va tarbiyalash, jinoyatchiga aylanishining oldini olish, shuningdek, jamiyat bilan normal aloqalarini tiklash, unda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.
To‘g‘ri, bu borada muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, hamkorlikdagi targ‘ibot ishlarining talab darajasida olib borilmayotganligi oqibatida yoshlar o‘rtasida tez-tez jinoyat sodir etish holatlari uchrab turibdi.
Farzandlar biz berayotgan tarbiya asosida voyaga yetadi, hayot ko‘nikmalarini egallaydi. Hech birimiz bolamizga yomonlikni tilamaymiz. Butun hayotimizni ularga bag‘ishlaganmiz. Ularning bekam-u ko‘st yashashlari, o‘qib, yaxshi inson bo‘lishlari uchun ertadan to kechga qadar tinim bilmaymiz. Biroq sha’nimizga birgina xato tufayli jinoyatchining onasi yoki otasi degan tamg‘a bosilsa, bundan yomoni yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda farzand tarbiyasida oz bo‘lsa-da, xato qilishga haqqimiz yo‘q. Buning oqibatida butun jamiyat aziyat chekishini unutmasligimiz kerak.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri