Nufuzli anjumanda qayd etilgan qadriyatlar yoki farzand tarbiyasida oila institutining o‘rni
Oila – muqaddas go‘sha. Kishilik jamiyatining gultoji. Inson, eng avvalo, oilada tarbiyalanadi va shaxs sifatida kamol topadi. Biror odam ezgu ish qilsa, uni tarbiyalagan ota-onasiga rahmat aytamiz. Bir so‘z bilan aytganda bola – oila ko‘zgusi.
Shunga ko‘ra yurtimizda oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ushbu muhim bo‘g‘inda ijtimoiy-ma’naviy sog‘lom muhitni qaror toptirish, pirovardida o‘g‘il-qizlarimizning ongu shuuriga ezgulik, bunyodkorlik g‘oyalarini chuqur singdirish, bugungi murakkab zamonda ularni turli yot g‘oyalar va mafkuraviy xatarlardan asrash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaygani e’tirofga molik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yilning 11 oktyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashi majlisida Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida so‘z yuritib, “Bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat va jamiyatning asosini tashkil etadigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozim”, deya ta’kidladi. Yurtboshimiz ushbu muhim sohada tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yilda “Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etgani e’tiborga loyiq.
Albatta, oilada voyaga yetayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalash masalasi ko‘p jihatdan ota-onalarning huquqiy, ma’naviy-axloqiy va tibbiy bilimlari darajasiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan mahallalarda aholining, ayniqsa, ota-onalar, yosh oilalar a’zolarining ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy, tibbiy, pedagogik va psixologik sohalardagi bilimlarini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari izchil olib borilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
O‘zbekiston o‘z yondashuvlarini jiddiy maqbullashtirish va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi faoliyatidagi ishtirokiga sifat jihatidan yangi sur’at bag‘ishlashni maqsad qilib qo‘ygan davlatdir.
“MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish “maydoni” emas. Bu tuzilma biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g‘oyat muhim institutidir. Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar esa bizning doimiy sheriklarimiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimizdir.
Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston Respublikasi Milliy koordinatori maqomini Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosaridan Bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarishga qaror qildik. Shuningdek, biz MDH Iqtisodiy kengashidagi ishtirokimizni qayta tikladik.
Biz bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta’lim va ilm-fan, shuningdek, xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz. MDHning biz avval ishtirok etmagan tarmoq organlari faoliyatida ishtirok etishga tayyormiz. Hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi o‘tkaziladi. Sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz biz 2020 yilda Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilish va navbatdagi Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz”, – deya ta’kidladi Yurtboshimiz.
Hamdo‘stlik doirasida hamkorlikning yangi shakllarini topish zarurligi to‘g‘risida so‘zlar ekan, Prezidentimiz quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi: “Bugun hayotning o‘zi eskicha yondashuvlar samarasiz ekanini yaqqol tasdiqlamoqda. Asosiy e’tiborni konstruktiv amaliy hamkorlikka qaratish lozim. Biz shiddat bilan oldinga qarab harakat qilishimiz zarur”.
Turizm rivojlangan mamlakatlarda “xavfsiz turizm” atamasi qo‘llanilmoqda. “Xavfsiz turizm” loyihasi yurtimizga kelgan sayyohlar va mehmonlarning xavfsizligini taminlash, ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ko‘zda tutadi.
Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida sayyohlik sohasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida “Xavfsiz turizm” konsepsiyasini amalga oshirish loyihasi bilan yaqindan tanishdi. Yurtboshimizga yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, 2018 yilda kelishi kutilayotgan sayyohlar oqimi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev MDHdagi nutqida unga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini 2020 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini birgalikda tahlil qilish va aniq harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida Hamdo‘stlikning Turizm bo‘yicha kengashining navbatdagi majlislaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.
Transport va kommunikatsiyalar hamkorlikning strategik muhim yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zaro integratsiyalashgan transport tizimlarini rivojlantirish, Hamdo‘stlik mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish barcha uchun manfaatli. Ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish va o‘zaro imtiyozlar berish bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz MDHda O‘zbekiston ishtirokining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Hamdo‘stlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish, samarali integratsiyalashgan transport tizimini rivojlantirish, amaliy ilmiy-texnik hamkorlik va ta’lim sohasidagi almashinuvni kengaytirishni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu nufuzli yig‘ilishda Afg‘onistondagi vaziyatga ham e’tibor qaratildi. Jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya, terrorizm, narkobiznes kabi global xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.
“Afg‘onistondagi murakkab vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. O‘zbekiston Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDHning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi”, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev. Shuningdek, ishtirokchilarga terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish sohasida hamkorlik qilishni taklif etdi.
Yoshlarning aqliy salohiyati, ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos. Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, ayniqsa, yosh avlodni mutolaaga undash kabi vazifalar olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorida bu vazifalar keng qamrovda o‘zining aniq ifodasini topgan. Mazkur qarorda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi alohida e’tiborga molik.
– Amaliy ilmiy-texnik hamkorlik va ta’lim sohasidagi almashinuvni kengaytirishga hamkorlikdagi harakatlarimizning ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraymiz. Biz Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda to‘plagan tajribamiz asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar, yuqori texnologiyalar sohasida loyihalar, shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni taklif etamiz, – dedi Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoev.
Xulosa o‘rinida shuni aytish joizki, o‘zbekona qadriyatlar asosida tarbiya ko‘rgan yoshlarimiz dunyo tinchligiga raxna solayotgan jinoyatchilikning turli yovuz ko‘rinishlaridan va olomoncha madaniyatning yuzsizligidan ogoh holda voyaga yetmoqda.
Salohiyatli yoshlarimiz esa elu yurt tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘qish, ilm olish va izlanishdan aslo charchamaydilar, deya yuksak ishonch bildiramiz.
Svetlana INAMOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi,
oliy toifali shifokor