Dunyo tibbiyotida g‘ayrioddiy kashfiyotlar
AQLLI ChAQALOQLAR
Olimlar so‘nggi vaqtlargacha yosh bolalar so‘zlarning ma’nosini bir yoshidan tushuna boshlaydi, deb ishonib kelardi. Lekin yaqinda Amerikadagi bir ilmiy jurnal agar ota-ona chaqalog‘i bilan yetarlicha, tez-tez suhbatlashib tursa, ular yarim yoshidan boshlab yangi so‘zlarning ma’nosini tushuna olishini ko‘rsatgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Tekshiruvga olti oydan to‘qqiz oylikkacha bo‘lgan bolalar qabul qilindi. Psixologlar ularga har xil narsa-buyumlarni ko‘rsatib, nomlarini aytdi. Bolalardan narsalarning nomi so‘ralganida, masalan, «Olma qayerda?» deb savol berilganida, ular aynan aytilgan mevaga qaradi. Mevalar almashtirib ko‘rsatilganida ham go‘daklar xato qilmadi. Tadqiqotlarga tayanib, mutaxassislar ota-onalarga yosh bolalari bilan ko‘proq va tez-tez gaplashib turishni maslahat berishmoqda.
BEL OG‘RIG‘INING YANGI DAVOSI
Belda har xil sabablarga ko‘ra og‘riq paydo bo‘ladi. Shulardan biri umurtqa diski o‘qining lat yeyishidir. Bu dard kuchli og‘riq uyg‘otadi va odamni bukchayib yurishga majbur qiladi. Ushbu kasallikni davolashning yangi usuli bemorni normal hayotga qaytaradi.
Diskning ichki qismi umurtqa pog‘onasining lat yeyishi yoki shish natijasida zarar ko‘rishi mumkin. Bunda oldinga engashib yurgan odamning barcha harakatlarida og‘riq yuzaga keladi. Isroildagi «Golda xa-Sharon» shifoxonasida bunday bemorlar yangi usulda operatsiya qilinyapti. Bu amaliyotga kifoplastika deb nom berildi. Bunda tanaga maxsus nay sanchilib, egilgan disk puflanadigan baloncha yordamida to‘g‘rilanadi va maxsus modda – suyuq suyak sementi bilan to‘ldiriladi. 20 daqiqadan so‘ng u qotadi va disk normal shaklga keladi. Shifoxona mutaxassislari kifoplastika usulida oltita amaliyot o‘tkazdi. Bemorlarning barchasi bellaridagi og‘riq anchagina kamayganini ta’kidlashmoqda.
MOYCHYECHAKLI ChOY XAVFLI O‘SMALARNING OLDINI OLADI
Ogayo universiteti olimlari moychechakli choy tarkibida saraton hujayralarini zaiflashtiradigan birikmalar topishdi.
Ko‘krak saratoni hujayrasi oddiy hujayralarga qaraganda uzoq yashaydi va oson tarqaladi. Lekin apigenin nomli birikma bu muammoni yechish bilan birga saraton hujayralarini kimyoterapiyaga ta’sirchanroq qiladi.
Petrushka va selderey (kashnichsimon oshko‘k) apigeninning boshqa manbalaridir. Apigeninni ko‘plab meva va sabzavotlardan ham topish mumkin.
OVQAT O‘RNINI BOSADIGAN ICHIMLIK
Amerikalik ixtirochi Rob Rixard kelajakda sayyoramizda oziq-ovqat yetishmasligi muammosini hal qiladigan «Soylent» nomli noyob modda kashf etganini e’lon qildi. U ozroq miqdordagi suvda ko‘payadi va ishtahani qo‘zg‘atadigan sariq rangli ichimlikka aylanadi.
Ixtirochi fikricha, «Soylent»ni muntazam ichib borish ovqatlardan voz kechishga yordam beradi. Rob Rixardning o‘zi bir necha oydan beri faqat shu ichimlik bilan oziqlanib, o‘zini juda yaxshi his qilayotganmish.
Bir oyga yetadigan kukunni ixtirochi yuz dollar narxda deb baholadi.
Ammo parhezshunoslar yangi kashfiyotga ishonchsizlik bilan qarashyapti. Ular «Soylent» tarkibida kerakli moddalar yo‘q deb hisoblashyapti.
Lekin “Soylent” kukunining birinchi turkumi uchun uning rasmiy saytida kerak bo‘lgan 100 ming bilan birga 300 ming dollar pul to‘lashdi.
Har holda turli kimyoviy moddalar, sun’iy oziq-ovqatlar tabiiylarining o‘rnini to‘la-to‘kis bosolmasligi aniq.
GREYPFRUT ShARBATI RAKKA (SARATON) QARSHI
Chikago universitetida tadqiqot o‘tkazgan amerikalik olimlar greypfrut sharbati rakka qarshi kurashishda yordam berishini aniqladi. Bunday sharbat tarkibidagi moddalar davolash jarayonini kuchaytiradi va kasallik rivojini sekinlashtiradi. Olimlar kasalligi zo‘rayish pallasida bo‘lgan 138 nafar xastalikka chalingan bemorni nazorat ostiga oldilar. Ularga kimyoterapiya usulida davolanish buyurildi, yarmiga esa qo‘shimcha greypfrut sharbatini ichish tavsiya etildi. Sharbat kimyoviy dorilar ta’sirini 350-500 foizga oshirib yubordi. Yangi muolaja natijasida birorta bemor sog‘aymagan bo‘lsa-da, sharbat ichgan har uchta odamdan birida kasallanish susaygan. Greypfrutning bunday g‘ayrioddiy ta’siri ba’zi dorilarning jigarda parchalanishini pasaytirish xususiyatlari bilan izohlandi. Ayrim holatlarda bemorlarga greypfrut sharbatlarini ichish ta’qiqlanadi. Masalan, bu sharbat xolesteringa qarshi ichilgan tabletkalarga mos kelmaydi. Lekin kimyoterapiyada bu xususiyat foydali deb topildi. Sharbat tufayli dori tanada uzoq vaqt qoladi va rakka qarshi ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.
XITOYLIK OLIMLAR ChOYNI TARG‘IB QILYAPTI
Hamma sevib iste’mol qiladigan choy ustida o‘tkazilgan yana bir ilmiy tekshiruv uning foydali ekanini tasdiqladi. Bu safar tadqiqot choyning vatani — Xitoyda olib borildi. Natijalar «American Journal oG‘ Clinical Nutrition» jurnalining oxirgi sonida e’lon qilindi. Lekin amerikalik ba’zi mutaxassislar xitoylik hamkasblarining fikrini qabul qilishda hushyor bo‘lish kerakligini uqtiryapti. Xitoyliklar bu maqolada amerikaliklarni ko‘proq ko‘k choy ichishga da’vat etgandi. Bunga javoban bir qancha amerikalik olimlar choy dorining o‘rnini bosa olmasligini, xolesterinni dorichalik keskin kamaytira olmasligini aytishdi. Chunki, AQSHda ko‘k choy haddan tashqari ko‘p ichilganda jigar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani va ayrim dorilarning ta’siri kamaygani qayd etilgandi.
Xitoylik olimlar ko‘k choyni muntazam ichish xolesterin miqdorini kamaytirishini isbotladi. Tekshiruvlarda bir guruh ko‘ngillilar ko‘k choy ichishdi, ikkinchi guruh uning ekstrakti va kapsulalarini qabul qildi, uchinchi guruhga esa ko‘k choyga o‘xshash ichimlik berildi. Sinovlar uch oygacha davom etdi. Tajribalar so‘nggida haqiqiy choy ichganlarda xolesterin ikki foizga kamaygani aniqlandi.
Olimlarning fikricha, choy kamyob modda – katexinlarni ham ko‘paytirar ekan. U ichakda xolesterin shimilishini sekinlashtiradi va organizm ortiqcha xiltlardan xalos bo‘lishiga yordam beradi.
ShIRINLIKLAR SOG‘LIQQA ZARARLI EMAS
Besh ming nafar amerikalik ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazilgan ilmiy tekshiruv shirinlik mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish sog‘liqqa zararli emasligini ko‘rsatdi. Har kuni shirinlik yeydigan odamlar yurak kasalliklari, yog‘ bosish va boshqa surunkali kasalliklarga shirinlikni oz yeydiganlardan ko‘ra kamroq chalinadi.
Tekshiruv ishlari yetakchisi Meri Merfi tomonidan olingan natijalar shirinliklarni ko‘p miqdorda iste’mol qilishni boshlash kerak degani emasligini ta’kidladi. Tajriba har xil miqdorda va turli vaqtda shirinlik yegan ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazildi. Ko‘p miqdorda shirinlik iste’mol qilganlar ham xavf-xatarga yo‘liqmadi.
YOG‘LI OVQATLAR ChARCHOQ VA LOQAYDLIKKA SABAB BO‘LADI
Yangi sinovlarga ko‘ra yog‘i ko‘p ovqatlarni xush ko‘ruvchilarda tetiklik susayar ekan. AQSH tadqiqotchilari kunduzi ko‘p uxlash, va ishlashni umuman xohlamaslik – bularning bari yog‘li taomlar bilan ovqatlanishning zararli ta’sirlari ekanini aytishyapti. Tadqiqotchilar 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan va semizlikka chalinmagan 31 nafar ko‘ngillining kunduzgi seruyqulik va hushyorlik darajasiga baho berdilar. Keyin ularning har kungi ovqatlanish tartibini to‘la tahlil qildilar. Natijada ko‘p miqdorda yog‘ iste’mol qilish kunduzgi seruyqulikka sabab bo‘lishi aniqlandi. Yog‘dan ko‘p foydalanish insonning mehnat qobiliyatiga, garchi u mutlaqo sog‘lom bo‘lsa ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi, deydi tadqiqot ishlari yetakchisi, psixiatriya fanlari doktori, professor Aleksandros Vgonsza.
Tarkibida yog‘ ko‘p bo‘lgan oziq-ovqatlar saratonning ba’zi turlari va yurak kasalliklari xavfining ortishiga ham sabab bo‘lishi ma’lum.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi