Kasbga sadoqat insonni ulug‘laydi

Umr oqar daryo deyishadi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki inson umri tez o‘tib ketarkan.

Sakson yoshni qarshilagan Telman bobo Pirnazarov ham bugun hayot yo‘llariga nazar tashlar ekan ich-ichidan mamnunlik hissini tuyadi. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Tibbiyotchilar shaharchasida istiqomat qilayotgan bu insonga barchaning birdek havasi keladi. Boisi, Telman bobo umrining yarim asrdan ko‘pini tibbiyot sohasiga bag‘ishladi. Bemorlarni davolashni sharaf deb bilib, umri davomida shunga amal qilib keldi.

Qahramonimiz 1964 yil Toshkent tibbiyot akademiyasi (avvalgi Toshkent davlat tibbiyot instituti)ning sanitariya-gigiyenik fakultetini tugatgach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sayram tumaniga tibbiyot bo‘limi bosh shifokori o‘rinbosari bo‘lib ishga keldi. 1974 yili Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Shundan so‘ng uzoq yillar Toshkent tibbiyot institutida talabalarga dars berdi. Shu yillar mobaynida ustoz yuzlab shogirdlar tayyorladi. Ular hozirgi kunda respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida samarali faoliyat yuritib kelishyapti. Telman Pirnazarovni tibbiyot sohasining qaysi davolash muassasasiga ishga yuborishmasin o‘sha joyda o‘zining faolligi, halol mehnati bilan boshqalarga namuna bo‘ldi. O‘z navbatida T. Pirnazarovning sidqidildan qilgan mehnatlari, ko‘p yillik xizmatlari yuksak qadrlandi. U hukumatning turli darajadagi orden va medallari bilan taqdirlandi.

Telman Pirnazarov sohada orttirgan uzoq yillik tajribalari asosida bir qancha qo‘llanmalar yozib, nashr ettirdi. Ushbu qo‘llanmalar tibbiyot sohasida bemorlarga bakteriologik tashxislarni to‘g‘ri qo‘yishda qo‘l keldi. Piru badavlat bobo uch nafar o‘g‘li va qizini o‘qitib, oliy ma’lumotli qildi. Ikki nafar farzandi ota izidan borib, shifokorlik kasbini tanlashdi. Bugun uning izidan borayotgan o‘g‘illari ham tibbiyot fanlari nomzodlaridir.

Telman Pirnazarov yoshligida sportning boks turi bilan shug‘ullangan. Bu esa keyinchalik o‘g‘illarining ham sport bilan mashg‘ul bo‘lishlariga turtki bo‘ldi. Quvonarlisi, bugun Jahongir, Doniyor va Bahodir Pirnazarovlar sambo bo‘yicha o‘z vaznlarida nafaqat O‘zbekiston, balki Yevropa hamda jahon chempionidir. Bugun esa nabiralari Jamshid, Shohrux, Murodjon va Lazizjonlar O‘zbekiston chempionlaridir. Birgina bu emas, sportsevar nabirasi Shohnazar Pirnazarov uch yil oldin Germaniyada o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

– Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukur. Bugun atrofimda farzandlarim, nabiralarim, oqibatli qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar hoziru nozir. Ularning diltortar suhbatlaridan, mehridan kuch-quvvatga to‘laman. Har bir insonga ana shunday farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rish, ularning e’zozida bo‘lish nasib etsin, – deydi Telman bobo.

Yana o‘qing:  Maktabda matbuot kuni

Tajribali shifokor nafaqada bo‘lsa-da, hamon najot talab insonlardan zarur yordamini ayamaydi. Ha, har bir insonga ana shunday baxt, shunday ulug‘ yoshlar nasib etsin, deymiz.

Izzat AHMEDOV,

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: