Qatralar
SO‘Z
Ujuda qudratli, insonni inson, gohida misoli hayvon qiladi.
Ilonni inidan, musulmonni dinidan chiqarishga, yurakni chilparchin, dunyoni ostin-ustin etishga qodir. Chiqsa qaytmaydi, jarohatlasa, tuzalmaydi – chandiq qoladi. U ham najotkor, ham shafqatsiz. Undan kimdir gul yasaydi, kimdir tikan. U – odamning ko‘zgusi.
HOSIL
U kelinining ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, yurar yo‘lini chizib berdi. Siquvga oldi. Bu yon burilsayam gap qildi, u yon burilsayam gap qildi. Jilovni ushlab olib, qo‘yib yubormadi. Cho‘chib, qo‘rqib turishini izzatga yo‘ydi, haddini bilmadi.
Oqibat qadagan urug‘i hosil berdi: kelinning qalbida mehr o‘rnini qahr, hurmat o‘rnini nafrat egalladi. Oilada muvozanat buzildi.
U ekkanini o‘rdi.
ShO‘RVA
Kelin sho‘rvani sho‘r qildi. Qaynota bir ho‘pladi-yu, aftini jiyirdi. Keyin qaynona, keyin er, qaynog‘a, qayinsingil… Hammaning qo‘lida qoshiq qotib qoldi. Hali sinashta bo‘lmagan yosh kelinning ko‘zlarida yosh qalqidi. Uyatdan yuzlari qizarib ketdi.
– Esim qursin, sho‘rvaga tuz solganimni kelinga aytmabman. Yosh o‘tgandan keyin shu-da, xotirayam susayarkan. Ovqatni qilayotgan kelin bo‘lsa, tuz solib balo bormidi menga? Men nodon, men esar… Bo‘lgani bo‘ldi. Hozir yo‘lini qilaman. Faqat bir pas kutib turasizlar…
Qaynona o‘zini koyiy-koyiy “yo‘lini qilishga” tushdi.
Aslida sho‘rvaga tuz solmagan edi u.
Lola O‘ROQOVA