Qaytmaslik muallima

II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Muqaddam Manbatova hayotiga chizgilar

Quyoshning zarrin nurlari baqateraklar oralab hovlida sepilgan suvning yuzida jilva qiladi. Chumchuqlar bir to‘p bo‘lib, quvnoq sayragancha, yuqoriga ko‘tariladi. Muqaddam opa esa so‘rida kitob o‘qish bilan band. Qo‘lida kitob-u xayoli boshqa joyda.

Elas-elas eshitilayotgan bolalarning “chug‘ur-chug‘ur” ovozi uni olis xotiralar tomon boshlaydi. Har gal u nonushtadan so‘ng ana shunday shirin orziqish bilan o‘tmishiga nazar soladi. Qo‘ng‘iroqning ovozi esa bolalarning qiyqiriqlariga nuqta qo‘yadi. Bu holat nafaqadagi muallim Muqaddam opa Manbatova uchun 45 daqiqalik tanaffus, xolos. So‘ng esa olis-olislardan bolalarning qiyqirig‘i uning ko‘ngliga orom bag‘ishlaydi.

1978 yil. Chust pedagogika bilim yurtini tamomlagan kosonsoylik 18 yoshli qiz tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Qaytmasga qaytadi. 24-umumta’lim maktabiga ishga kiradi. Ha, bugun farzandalari, shogirdlari ardog‘ida umrguzaronlik qilayotgan Muqaddam opa ilk sabog‘ini yaxshi xotirlaydi.

– Bilasizmi, bolaning ko‘zida mehr kuchli bo‘ladi. Beixtiyor unga bog‘lanib qolganingizni bilmay qolasiz, – deydi kamtarin muallima jilmayib qo‘yarkan. – Ilk saboqda men shu tuyg‘uni ilg‘aganman. His qilganman. Ustozlarimiz ham o‘rgatishardi: bola birinchi o‘qituvchisiga taqlid qiladi. O‘quvchilaringiz odobli, mehr-oqibatli, bilimli bo‘lishini istasangiz, avvalo, o‘zingiz shunga munosib bo‘ling. Siz endi o‘qituvchisiz. Sizni birovlar bolasiga o‘rnak qilib ko‘rsatsin. Men shu o‘gitga bir umr amal qildim. Balki shundandir, shogirdlarim ziyoli, o‘qimishli, tadbirli bo‘lishdi. Hayotda o‘z o‘rnini topdi. O‘ndan ziyodi o‘qituvchi. O‘zim uchun qoida qilib olgan kasbiy xislatlar, sir-asrorlarni ularga bot-bot uqtiraman.

Ha, Muqaddam opa hayotidan mamnun. Uning 200 dan ziyod o‘quvchisi turli ijtimoiy sohalarda javlon urib mehnat qilyapti. Eluyurt ravnaqi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatyapti. Bir muallim uchun bundan ortiq baxt bormi? Albatta, Muqaddam opa bu yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishgani yo‘q. Tinimsiz mehnat va izlanishlarning samarasi bu. Intiluvchanligi, kasbga muhabbatini hukumatimiz ham e’tibordan chetda qoldirmadi. 2010 yil nafaqaga chiqqan Muqaddam Manbatova 2012 yil II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Muqaddam opa orden olgan lahzalarni xotirlarkan, bu mukofot faqat o‘ziniki emasligini bot-bot takrorlaydi. Bunda turmush o‘rtog‘im Saydullo Yoqubovning ham xizmati katta, deydi muallima.

Yana o‘qing:  “Boshqaruv kadrlari tayyorlashning butunlay yangi tizimi yaratiladi”

Darhaqiqat, endigina o‘n sakkiz yoshni qarshilagan yoshgina o‘qituvchi ona tili va adabiyot muallimi bo‘lib ish boshlagan Saydullo Yoqubovga turmushga chiqadi. Bir jamoada 32 yil birga mehnat qiladi. Orada 1980–1985 yillar hozirgi Namangan davlat universitetining sirtqi ta’lim yo‘nalishida tahsil oladi. Bola tarbiyasi, ro‘zg‘or tashvishlarida har ikkisi ham yelkama-elka turib, hayot mashaqqatlarini birga totadi, birga yengib o‘tadi. Bu mehr-muhabbatning mevasi bo‘lmish farzandlar ham ota-ona izidan borib, ularga havas bilan o‘qishga, bilim olishga intildi.

– Ikki o‘g‘il, ikki qizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdik. Xudoga shukr, hammasi oliy ma’lumotli. Biri jurnalist. Qolganlari o‘qituvchi. Kenjam Nodirjon 24-maktabda ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari. Qizlarim Sevara va Iroda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.

Ha, bugun Yoqubovlar xonadonini mahalla-ko‘y o‘qituvchilar oilasi deya hurmat bilan tilga oladi. Halol nasiba, fidoyi mehnatning noni shirin bo‘lishini farzandlar ham isbotlab kelmoqda. Bugun uyda sakkiz nabiraning o‘qishi, ta’lim olishini nazorat qilayotgan Muqaddam opa kelinlari ham o‘qituvchi ekanini faxr bilan tilga oladi. “Nabiralarimdan ham katta bo‘lsang kim bo‘lsan deb so‘rasam, o‘qituvchi bo‘laman” deydi. Opa jilmayib qo‘yadi. Shu birgina tabassumda, yuzidagi samimiyatda uning bosib o‘tgan yo‘li qanchalik sharafli ekanini uqish, anglash qiyin emas.

– Bolalaringiz ona tili va adabiyotga mehr qo‘ygan ekan-da, – so‘rayman Muqaddam opadan. – Ota izidan ketishibdi-da, deya hazilomus luqma tashlayman. Opa esa doimgiday tabassum bilan javob beradi:

– Ha, otasi uyning boshi. Farzandlar otaga taqlid qilgani, ota izidan yurgani ma’qul. Er kishi mulohazali bo‘ladi. Men bundan faqat sevinaman. Qizlarim ham, kelinlarim ham bu qoidaga amal qiladi. Ota qat’iyatini ko‘rgan boladan yomonlik chiqmaydi. Kasbga taqlid ham yaxshi, ammo insoniy fazilatlarni ko‘ra bilib, ergashgan kishi albatta murodiga yetadi. Bolalarimiz, o‘quvchilarimizga ham bu gapni ko‘p bor aytganmiz.

Darhaqiqat, bilim va insoniy fazilatlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan Muqaddam Manbatovani bugun kosonsoyliklar ham yaxshi taniydi. Tumanga borib opa haqida so‘rasangiz, “Ha, qaytmaslik muallimani so‘rayapsizmi?”, deya gap boshlashadi. Opa esa hamon bolalarsiz o‘zini tasavvur qilolmaydi. Ehtimol, shuning uchun ham yil sayin qadriga qadr, obro‘siga obro‘ qo‘shilayotgandir.

Yana o‘qing:  Bananli pechenye

Ustoz bilan suhbatlashib turarkanmiz, olislardan yana qo‘ng‘iroqning ovozi eshitiladi. Bu gal qo‘ng‘iroqning sadosi bolalarning qiyqirig‘iga ulanib ketadi. Opa esa shiringina orziqib qo‘yadi.

– Tanaffus bo‘ldi.

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: