Odamning tafti
Boshqalarni bilmadimku, ijodkorni safarlar yangi mavzularda qalam tebratishga chog‘lantiradi. So‘lim vodiyga qilgan galdagi safarimiz ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Obod manzillar, oftobchehra odamlar, shukronalikka to‘la dil suhbatlari, kuz hukmini o‘tkaza boshlagan bog‘u dalalar manzarasidan qalbimiz olovlanib, ilhom jo‘sh uradi. Yuragim allanechuk hisdan huzurlanib qalam-qog‘oz tadorigini ko‘raman…
…Namangan shahrida tushdan so‘ng xizmat safarini nihoyalab poytaxtga jo‘nab ketish uchun “taksilar turargohi”ga keldik. Haddan ziyod sertakalluf haydovchilar mashinadan tushishimizga ulgurmay xizmatlarini taklif etar, avtoulovlarining rusumi, qulayligini “bot-bot” takrorlab quloqni qomatga keltirar, og‘iz juftlashga yo‘l qo‘ymas edi. Ko‘pkarini yorib chiqqan chavondozday, “hayu-hut”, yo‘lxaltani qo‘ltiqlab nari siljidik, ortimizdan ergashgan bir-ikki “chopog‘on”ga ham chap berdik. “G‘ala-g‘ovur” biroz tingandek bo‘ldi.
“Yo‘l bozori”da savdolashishga toqat topolmay chekinganimizni zimdan kuzatib turgan qora ko‘zoynakli norg‘ul bir yigit yonimizga keldi. Quyoshhimoya matohini manglayidan olib, salom-alik uchun jilmayib qo‘l uzatdi:
– Aka, assalomu alaykum! Mehmonmisizlar? Bu haydovchilardan xafa bo‘lmang, olg‘ir bo‘lmasa tirikchiligi yaxshi o‘tmaydi…
– Xafa emasmiz, faqat yoshi ulug‘i kichigini izzat, kichigi kattani hurmat qilmas ekanda. Navbat bilan mijoz olsa, bo‘ladiku… Mayli, qo‘yavering, – jig‘ibiyron bo‘lib qo‘l siltadim.
– Toshkentga ketayotuvdim, xo‘p, desangiz yo‘l-yo‘lakay olib ketaman, – dedi so‘ng norg‘ul yigit. – Falon so‘m, demayman, ko‘ngildan chiqarib yo‘lkira berasizlar, menga yaxshi suhbatdosh hamroh kerak…
Egar-jabdug‘i orastalangan, gijinglagan toychoqdek “Neksiya”da to‘rtovlon bo‘ldik: men, hamrohim, haydovchi va uning 5-6 yoshli “supraqoqdi”si Abdulvosit… Orqa o‘rindiqning bir burchida maxsus savdo belgisi tushirilib, shaffof polietilen xaltachalarda qadoqlangan maxsilar taxlangan:
– Maxsilar qanchadan bo‘ldi, – hazilomuz gap tashladi sherigim qadog‘i buzilgan maxsining bir poyini qo‘liga olarkan.
– Ha, o‘ttiz besh ming so‘m, – jilmaydi haydovchi, – bu mahsulotni namuna uchun olib ketayapman: Xitoydan yangi keltirilgan yung bilan qoplangan. Voha tomondan savdo sheriklarimiz bilan Toshkentda uchrashamiz, ma’qul bo‘lsa, talabga qarab, ko‘p miqdorda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz…
Ishbilarmon Komiljon aka bilan bir pasda til topishib oldik. Samimiy, xushchaqchaq, odamoxun inson ekan. Ota-bobosining maxsido‘zlik hunarini o‘rganib, zamonaga mos bichim va qulaylikda ishlab chiqarib daromad topayotgani bizning yanada havasimizni oshirdi:
– Qarang, qanday zamon bo‘ldi-ya, “qimirlagan qir oshar”, deb shuni aytsa kerakda-a aka! – Cheksiz iftixordan qalbi to‘lqinlanib ketgani yuzida ifoda beradi. – Tadbirkorlik uchun keng yo‘l ochildi. Ish bilganning nasibasi butun, ota kasbga mehrim tushib maxsi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganman. Yangi tikuv dastgohlarini o‘rnatib sex tashkil qildim. Hozirda yigirma nafar yigit ish bilan band, mehnat qilib daromad ko‘radi.
Prezident tadbirkorlar uchun katta imkoniyat yaratib berayapti, davlat organlari xodimlarining “ha” deb, eshik qoqib kelaverishlariga ham chek qo‘yildi. Oxirgi yilda ancha sarmoya topdim, mahsulotni Rossiyaga eksport qilayapmiz. Qachongacha “rossiyskiy” desa, biznikilar “ooo”, deydi, – miyig‘ida kulib oynakdan nazar tashlab qo‘yadi. O‘zbek ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari ham chet elnikidan qolishmaydi. Terisining ham, chokining ham sifati juda yaxshi… “ElitionUZ” brendining o‘z xaridorlari bor! Internetda izlab topdim: “Elition” tufli ishlab chiqaradigan chet el kompaniyasining brendi ekan. Keyin ularga ingliz tilini yaxshi biladigan mutaxassis orqali “brenddan foydalansam bo‘ladimi?” degan so‘rovnoma bilan chiqdim. Maxsilarimning rasmini yubordim. Ular ham “nonni qulog‘i bilan yemaganda”, tufli ishlab chiqarmasam, foydalansam bo‘lar ekan, faqat brend uchun ham har oyiga besh yuz ming so‘m atrofida pul to‘lab turaman.
Yangi joyda maxsi ishlab chiqaradigan korxonaga poydevor tashladim. Endi o‘zimizning milliy brendni yaratish ustida ishlayapman…
Suhbatdoshing yaxshi bo‘lsa, yo‘ling qisqaradi. Komiljon aka biror oliy dargohda tahsil olmagan bo‘lsa-da, hayot kitobini o‘qiganini, oq-qorani taniganini, oilada yaxshi tarbiya topgani-yu halol yigit ekanini kalomidan his qilasiz. Uning hikoyalari ruhingizga dalda bo‘ladi:
“… Birinchi bor Rossiyaga eksport qilish uchun mahsulotimizni tayyorladik, maxsilar tog‘dek uyum bo‘ldi. Otam ham hayajonimizga sherik bo‘lib atrofda qarashib yurgandi. Qadoqlangan mahsulotni ulkan yuk mashinaga joyladik. Ish nihoyasida sekin otam ortimdan kelib kiftimga qo‘lini qo‘ydi. Ko‘zlariga qarasam sevinchdan yosh qalqib turibdi:
– O‘g‘lim, shunday kunlarga yetkazganiga shukr, – dedi yuk mashinasiga hayrat bilan boqib, – biz kun kechirgan turg‘unlik zamonida o‘zing uchun maxsi tikishga “yuraging dov bermasdi”. Hunardan nasiba topish ham jinoyat bo‘lgan ekan.
O‘tgan asrning 80-yillari. Onang bilan kechasi maxsi tikar edik, ortiqcha qiyqimlarini iz qoldirmaslik uchun o‘choqda yoqib yuborardik. Keyin uni pullash uchun bozorga olib chiqish bir azob edi… Hunarmand sheriklar bilan yashirincha avtobusning orqa yukxonasida maxsilarni Uchqo‘rg‘onga olib borardik. Uchqo‘rg‘on bozorida xaridorlarimiz ko‘p edi. Yo‘lda tekshiruvda bir necha bor yukimizni tushirib olib qolgan. “OBXS” nazoratchilari yukni ko‘rsatib “kimniki?” deb baqirar edi. Hamma jim, “lom-mim” demasdik. Bilib qolsa jinoiy javobgarlikka tortardi. Keyin boshqa yo‘l bilan olib borishga o‘tdik: uch-to‘rt maxsini o‘lchamiga qarab oyoqqa ilardik. Mahsilarni yechib, ataylab changga belab olardik. Xaridorni og‘izma-og‘iz so‘rab borib, changini artib ko‘rsatardik. Qanchalar og‘ir yillar… Ko‘p bora ko‘zimiz nuri, sham yorug‘ida kechgan uyqusiz tunlarimiz singgan mehnatimiz mahsulini boy berganmiz. Bugun sen qanday baxtlisan, bolam?!
Otamning bu hikoyasi hech qachon yodimdan chiqmaydi. Ba’zan kichik qiyinchilikka duch kelsam yoki horib o‘zimdan ko‘nglim to‘lmasa, otam Hoshimjon maxsido‘zning shu hikoyasini eslayman…”
Yosh tadbirkor Komiljon Hoshimovning kichik korxonasida bugungi kunda 300-350 dona maxsi tayyorlanadi.
– Zarur mahsulotlarni buyurtma asosida Xitoydan keltiramiz. Hozir yanada yaxshi bo‘ldi, maxsi uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi teri mahsuloti yuz foiz Namanganda tayyorlanayapti. Bu ham mahsulot tannarxining pasayishiga xizmat qiladi, – deydi tadbirkor. – Shahrimizda deyarli har hafta yangi ishlab chiqarish kichik korxonasi ishga tushirilganini eshitamiz. Bu albatta yurtimiz ravnaq topayotganining dalilidir.
Keyingi paytlarda ishchi kuchiga ehtiyoj sezayapmiz. Shu bois Rossiya, Qozog‘istonga rizq izlab ketgan yoshlar bilan bog‘lanib shu yerning o‘ziga ishga taklif qilayapmiz. To‘g‘ri-da, begona yurtda sargardon yurib topgan pulini, shu yerda – ota-onasi, oilasi bag‘rida o‘ynab qo‘lga kiritadi. Faqat va faqat halol mehnat qilsa, bas!
Oilada ham bolalarimda mehnatga, hunarga, o‘qishga mehr uyg‘otishga harakat qilaman. Bolani mehnat bilan ezish emas, ularda mehnatga mehr-muhabbat, munosabatni shakllantirish kerak. Yoningizdagi o‘g‘lim – Abdulvosit ham kichkina velosapediga savatcha o‘rnatib olgan. Tayyor maxsilarni o‘zi bilganicha tashiydi, ustalarning ishini tomosha qiladi. Albatta, ko‘zi singib, hunar o‘rganadi. Men uni har doim rag‘batlantirib turaman, a, toy! – kuzatuv oynagidan o‘g‘liga nazar tashlab qo‘yadi Komiljon aka. – Ertaga unga bergan va’damning ustidan chiqib, “Hayvonot bog‘i”ni aylantirib kelaman…
Kichkintoy maxsido‘zning ko‘zlari chaqnab ketadi.
Rosti, Komiljon akaga chindan havas qildim. Vatanning shunday fidoyi, mehnatsevar, ishbilarmon, xalqparvar yigitlari bor ekan yurt ravnaq topaveradi.
Dovonning haybatiyu, olis yo‘lning charchog‘i tanu ruhimizning halovatini o‘g‘irlamadi. Oftobning tafti allaqachon so‘nib, salqin kuz havosi etni junjiktiradigan kunning “g‘ira-shira” pallasida poytaxtga kirib keldik. Ammo shu namchil havoda ham samimiy bir o‘zbek o‘g‘loni oftob qalbining tafti, harorati ko‘nglimizga anchamahal iliqlik baxsh etib turdi…
Ha aytgancha, yo‘l-yo‘lakay savdosi “pishgan” bir juft maxsini onam uchun olib qo‘ydim…
Faxriddin HAYIT,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi