Joziba va nafislik
Toshkentda “Suv parisi” FINA jahon kubogining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi
Qobiliyatli qizlarni saralash, ular mahoratini erta aniqlash, yosh iste’dod vakilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yil 21-25 sentyabr kunlari poytaxtimiz mezbonlik qilgan sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi” FINA jahon kubogi seriyasining yakuniy bosqichida Germaniya, Ukraina, Ispaniya, Belarus, Yaponiya va Filippindan kelgan o‘ttizdan ziyod sportchi ishtirok etdi. Ular solo, texnik, erkin hamda miks duet, shuningdek, texnik, erkin hamda kombo guruh dasturlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Bu yil mazkur turnirga jahon kubogi bosqichi maqomining berilishi, uning nufuzi yildan-yilga ortib borayotganiligini ko‘rsatadi. Qolaversa, musobaqaga kelgan xorijlik mutaxassislar o‘zbek sinxron suzish sportining rivoji xususida faqat ijobiy fikrlar bildirishdi. Rossiya sinxron suzish federatsiyasi vitse prezidenti Igor Kartashov bu borada shunday deydi:
– O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda sinxron suzish sporti taraqqiy etganligining guvohi bo‘ldim. Badiiy gimnastika yoki sinxron suzish kabi xotin – qizlarga xos bo‘lgan sport turlarini viloyatlarda ommalashtirishga davlat tomonidan katta ahamiyat qaratilayotganligi esa tahsinga loyiq. Buning natijasida mazkur jozibali sport turiga qiziquvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
O‘zbek sportchilarining malakasi haqida so‘z ketganda, ularning chiqishlari yil sayin ham texnik, ham artistik jihatdan mukammalashib borayotganligini aytish mumkin.
“Jahon badiiy gimnastika Vatani – O‘zbekiston” degan mulohazalarni ko‘p bora eshitganmiz. Chunki yurtimizda tug‘ilib, voyaga yetgan bir qancha malakali mutaxassislar hozirda xorijiy davlatlarda murabbiylik qilib, bu nafis sportning ommalashuviga o‘z hissasini qo‘shishmoqda. Musobaqa doirasida Germaniyadan kelgan murabbiy Stella Muhammedova Toshkentda voyaga yetgani, onasi shu yerda sinxron suzish bo‘yicha qizlarga saboq bergani haqida hayajonlanib so‘zladi:
– Onam uzoq yillar Toshkentda sinxron suzish bo‘yicha murabbiy bo‘lib, faoliyat olib borgan. Mazkur turnir tashkil etilishiga ham o‘z hissasini qo‘shgan. Sinxron suzish sportiga bo‘lgan mehr menga onamdan o‘tgan bo‘lsa, ajab emas. Hozir Germaniya terma jamoasiga murabbiylik qilaman. Mehmon sifatida Toshkentga kelib, bu yerdagi ijobiy o‘zgarishlardan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Mazkur musobaqada terma jamoamiz a’zolari solo, duet dasturlari bo‘yicha bronza, guruh chiqishlarida esa kumush medallarga sazovor bo‘lib, muxlis-u mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Sovrindorlar qatoridan joy olgan Gulsanam Yo‘ldosheva biz bilan suhbatda o‘z hayajonini yashira olmadi:
– Bu kabi musobaqalarda ishtirok etish zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Yil boshidan dasturimiz ustida ishladik. Turnirda uni mukammal ijro qilishga harakat qildik. Shu o‘rinda murabbiy, federatsiya xodimlariga biz uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Har bir musobaqa sportchi va murabbiylar uchun o‘ziga xos tajriba bo‘lishi, shubhasiz. Ammo suv havzasiga sportchilarimiz taklif qilinganda yuragimiz tub-tubida ular bilan faxrlanamiz. Atletlarimizning yuksak g‘alabalari yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijasi ekanligini anglaymiz. Jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol farzandlarimiz barcha sohalar kabi sportda ham yetakchilar safida e’tirof etilyotganidan quvonamiz.
Yulduz ORTIQOVA