Qayta tayyorlov – zamon talabi
Har qanday soha rivoji undagi mavjud kadrlarning kasbiy mahoratiga bog‘liqligi bugungi kunda hech kimga sir emas.
Shu ma’noda istiqlolimizning dastlabki yillaridanoq jamiyatimizning barcha jabhalarini yetuk xodimlar bilan ta’minlash, ularni kasb ko‘nikmalariga o‘rgatish borasida sezilarli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz tomonidan 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi bu borada chinakam katta qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dasturda o‘quvchi-yoshlarni milliy ta’lim tizimi asosida zamonaviy fanlarga o‘rgatish, ular qalbida o‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, pedagoglarning yetishib kelayotgan yosh mutaxassislarga o‘z kasb sirlarini chuqurroq singdirib borish kabi eng asosiy jihatlar o‘rin olganligi ham diqqatga sazavordir.
Mazkur masalalarning ijrosi sifatida Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Pedagog kadrlar malakasini oshirish tarmoq markazida ham bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda o‘qitishning noan’naviy shakllarini rivojlantirish borasida ham zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, shu kunlarda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti pedagoglari terapiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘z malakalarini boyitmoqda. Tinglovchilar maxsus bo‘limlarga ajralgan holda professor D. Norqulov va dotsent N. Niyozovalarning ma’ruza va amaliy darslarida qatnashmoqda. Boshqa modul tizimi bo‘yicha pedagoglar M. Bazarbayev, E. Mirsaidov, P. Toshxodjayeva, B. Atbosarova, J. Anvarovlarning ilmiy salohiyati tinglovchilarning bilimlarini mustahkamlash uchun xizmat qilmoqda. Mazkur ma’ruza va amaliy darslar natijasida turli tor mutaxassisliklarga ega soha vakillari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha zamon talablariga mos yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, kelgusidagi yosh mutaxassislarni tayyorlashda munosib hissalarini qo‘shishiga umid qilamiz.
Z. SHEROVA,
ToshPTI UASH terapiya va klinik farmakologiya kafedrasi assistenti
A. QURBONOV,
ToshPTI ftiziatriya kafedrasi assistenti