Qiziqarli dars o‘quvchining fikrlashini o‘stiradi
Bola qalbini anglash mushkul vazifa. Yosh avlodning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uni to‘g‘ri yo‘lga solish, shunga qarab tarbiyasi hamda bilimini mustahkamlab borish lozim.
Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim tizimida o‘quvchilar bilan ishlash o‘qituvchidan ko‘proq izlanish, o‘z ustida ishlashni talab etadi. Biz ustozlar endilikda rejada belgilangan tartib yoki shunchaki mavzudan kelib chiqqan holda saboq bera olmaymiz. Aytmoqchimanki, o‘quvchi qancha yosh bo‘lsa, darsda qo‘llanadigan qiziqarli o‘yin elementlari ham shunchalik ko‘p bo‘lishi lozim. Chunki, bunday didaktik o‘yinlar bir tomondan ayrim bolalar tabiatiga xos bo‘lgan qiziquvchanlik, sho‘xlik kabi xususiyatlarga muvofiq kelsa, ikkinchi tomondan, ba’zi bolalardagi odamovilik, indamaslik va uyatchanlik kabi jihatlarni bartaraf etadi.
Birgina matematika darsidagi “kim birinchi hisoblay olish” musobaqasining o‘zi bolani tezkor fikrlashga o‘rgatadi, zehnining o‘sishiga yordam beradi. Biroq, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ona tili fanini o‘qitishda ustoz zimmasiga bir qator muhim talablar qo‘yilmoqda. Xususan, mashg‘ulotlarni pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, davlat ta’lim standartlari talablarini bajarish, bolalarning fikrlash darajasini muntazam ravishda o‘stirib borish, o‘quvchilarning nutqiy va imloviy savodxonligini to‘la ta’minlash ana shu vazifalar sirasiga kiradi. Shu bois, ona tili darsida o‘quvchining fonetik, grammatik va orfografik bilimlarini mustahkamlash, uning nutqini shakllantirishda fandagi belgilangan mashqlar bilan bir qatorda turli qiziqarli o‘yinlarni qo‘llash muhim o‘rin tutadi. Ta’lim yo‘nalishidagi o‘yinlarni boshqa mashqlardan farqi shundaki, bunda o‘quvchilarning zerikishi, charchog‘iga barham beriladi. Ularning fikrlash jarayoni tezlashadi. Shu bilan birga she’r, ertak, hikoya, topishmoq, tez aytishlar, turli rebus va boshqotirmalardan unumli foydalanish ham yaxshi samara beradi.
Bu kabi o‘yinlarning yana bir afzallik jihati shundaki, u o‘quvchi psixologiyasida keskin o‘zgarishlar yasaydi. Ya’ni, o‘yin davomida bola mavhum grammatik-orfograk tushunchalar mohiyatini anglaydi. Uning xotirasida ko‘pgina so‘zlar uchun umumiy bo‘lgan belgilar o‘rin ola boshlaydi hamda yozma nutqidagi nuqsonlar kamayadi. Eng asosiysi, dars samaradorligining ortishiga xizmat qiluvchi bunday qiziqarli mashg‘ulotlar o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi mehr va ishonch hissini ortishiga xizmat qiladi.
Malika NAJMIDDINOVA,
59-DIUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi