O‘rganish, o‘rgatish va baholash
Mamlakatimizda chet tillarni o‘qitish tizimini jahon standartlari darajasida tashkil etish yo‘lida tinimsiz sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Bunda xorijlik mutaxassislar tajribasi bilan tanishish, ulardagi o‘qitishning eng ilg‘or metodlarini o‘rganish va uni yurtimiz ta’lim metodikasiga moslashtirgan holda amaliyotga joriy etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, uzluksiz ta’lim tizimining Davlat ta’lim standartlari «Chet tilini bilishning umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘rgatish va baholash» (CEFR) talablariga tayangan holda ishlab chiqilib, yaratilgan davlat ta’lim standartlarining har jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlash maqsadida xalqaro ekspertlar jalb etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Fransiyaning xalqaro pedagogika tadqiqotlar markazi va Versal Akademiyasi hamda o‘zbekistonlik pedagoglar ishtirokida videokonferensiya o‘tkazildi. Videokonferensiyada Fransiyadagi nufuzli Akademiya mutaxassislari va yurtimizning fransuz tili o‘qituvchilari fransuz tilini o‘qitish masalalari yuzasidan muhokamalar tashkil etilib, o‘zaro tajriba almashildi.
Bugungi kunda respublikada 1221 ta umumta’lim maktablarining 5-9 sinflarida 232 ming 645 nafar o‘quvchilar fransuz tilini o‘rganib kelmoqda.
Chet tilidan umumevropa kompetensiyalari asosida yaratilgan davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida umumta’lim maktablarining 1-sinflari uchun yangi «Hirondelle» – «Qaldirg‘och» darslik majmuasi yaratildi. Ushbu darslikni yaratishda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan yaqindan hamkorlik qilindi. O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti va Fransiyaning yurtimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda respublikada eng ilg‘or fransuz tili o‘qituvchilari malakasi oshirildi, maxsus kursni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga sertifikatlar berildi.
2013 yil 1 sentyabrdan 2 ming 045 ta sinfda 539ming 553 nafar 1-sinf o‘quvchilari chet tillarni o‘rganishni boshlashadi. Ulardan 12 ming 900 nafar o‘quvchilar fransuz tilini o‘rganadi. Chet tili, xususan, fransuz tilini o‘qitishni samarali tashkil etish maqsadida vazirlik tomonidan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. «Chet tilini bilishning umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘rgatish va baholash» (CEFR) talablari asosida ishlab chiqilgan maxsus kurslarida yangi o‘quv yilida 1-sinflarga chet tili fanidan saboq beradigan o‘qituvchilar malakasi oshirildi.