Torch haqida nima bilamiz?
Homilador ayollar bundan ehtiyot bo‘lmog‘i lozim.
Ko‘pincha ayrim homilador ayollarning homilasi infeksiya sababli chala tushibdi yoki uning ichida rivojlanmay nobud bo‘libdi, deb eshitib qolamiz. Bunga TORCH infeksiyasi sabab bo‘ladi, deyishadi. Ular qanday viruslar bo‘ldi?
Toksoplazmoz – asab tizimini zararlaydigan, jigar va taloqning kattalashishi va limfa bezlarining o‘zgarishlari bilan kechadigan parazitli kasallikdir. Ayrim kishilarda bu kasallik belgilarsiz o‘tadi.
Organizmda immun javobning rivojlanishi natijasida qonda parazitlar kamayadi. Ammo parazit sistalari to‘qimalarda saqlanib qoladi. Bu sistalar organizmning immun tizimi sustlashganda qayta faollashishi mumkin (masalan, OIVni yuqtirgan homilador ayollarda). Kasallik qo‘zg‘atuvchisi tashqi muhitda 200 S haroratda 3 kungacha saqlanadi. Quritish, tik tushadigan quyosh nuri va yuqori haroratga ular chidamsiz bo‘ladi.
Birlamchi kasallik manbai mushuklar hisoblanadi. Odam, mushuk va itlardan tashqari barcha sut emizuvchi hayvonlar va qushlar toksoplazmoz bilan kasallanishi mumkin. Mushuklar ichagidan ajralib chiqadigan toksoplazma sistalari tuproqqa tushadi va suv, shamol, transport g‘ildiraklari orqali atrofga tarqaladi. Tuproq bilan ifloslangan yemish bilan bu sistalar boshqa qishloq xo‘jalik hayvonlari organizmiga va ularning go‘shtlari orqali odam organizmiga tushadi.
Insonning toksoplazmoz bilan zararlanishi odatda alimentar yo‘l bilan yuzaga keladi: xom yoki yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht, ayniqsa, quyon va qo‘y go‘shtlarini iste’mol qilganda (masalan, go‘sht qiymasini ta’mini tatib ko‘rganda), odam qo‘li qum, tuproq bilan ifloslanganda va mushuklarni parvarish qilganda yuqadi.
Toksoplazmalar bilan homiladorlik vaqtida yo‘ldosh orqali homila ham zararlanishi mumkin. Infeksiyaning onadan bolaga o‘tish xavfi homiladorlikning oxirgi bosqichlarida yuqori bo‘ladi. Hazm qilish a’zolari parazitning kirish darvozasi hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchi qonga ingichka ichakdan so‘riladi va butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Parazitlar asosan jigar, taloq, limfatik tugunlar, asab tizimi, yurak, skelet mushaklarini zararlantiradi. So‘ngra immunitet shakllana borishi bilan sista hosil bo‘ladi va ular organizmda o‘nlab yillar hatto, umr bo‘yi saqlanib qolishi mumkin.
Tug‘ma va orttirilgan toksoplazmoz farq qilinadi. Tug‘ma toksoplazmozning o‘tkir shakli og‘ir o‘tadi: jigar va taloqning kattalashishi, toshmalar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Ko‘pchilik bolalarda ensefalit va ko‘zning zararlanishi kuzatiladi. Bunday toksoplazmoz surunkali shaklga o‘tganda ensefalit asoratlaridan gidrotsefaliya (bosh hajmining kattalashishi) ko‘proq kuzatiladi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, toksoplazma yuqtirgan kishilarning yurish-turishi birmuncha o‘zgaradi. Ko‘proq ularda reaksiyalarning sustligi va o‘ziga ishonchsizlik hissining namoyon bo‘lishi xarakterlidir. Orttirilgan toksoplazmozda isitma, bosh og‘rig‘i, mushaklarda og‘riq va limfatik tugunlarning kattalashishi kuzatiladi.
Kasallikka tashxis qo‘yishda xastalik belgilari va laboratoriya usullari qo‘llaniladi. Toksoplazmoz bilan kasallangan bemorlarni davolash kompleks tarzda amalga oshirilishi lozim.
Uy hayvonlaridan ayniqsa, mushuklar bilan muloqotda bo‘lmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, xom va yetarli darajada termik ishlov berilmagan go‘shtni iste’mol qilmaslik ushbu dardning yuqishining oldini oladi. Bu qoidalarga ayniqsa homiladorlik vaqtida qa’tiy rioya qilish muhim.
(Davomi bor)
Allabergan BAYJANOV,
Samarqand viloyati klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori
Nargiza YARMUXAMEDOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi