Klimaks kasallik emas, ammo uning asoratiga befarq bo‘lmang!
Har bir ayolning yoshi ulg‘aygach, uning hayotida menopauza jarayoni – hayz davrining to‘xtashi kuzatiladi. Bu davr turli klinik ko‘rinishda o‘tadi. Ba’zilarda bu jarayon muammosiz kechadi. Klimaksning aniq belgilari bo‘lmaydi.
Ko‘pchilikda esa bu pallada boshga to‘lqinsimon harorat urilishi, a’zoi-badanning qizib ketishi va qattiq terlash kuzatiladi. Ayolning uyqusi buziladi. Unda qon bosimi o‘zgarib turadi va boshqa alomatlar, ya’ni menopauza sindromi rivojlanadi. Lekin bu davrda yana gipoestrogeniya, gormonlarning kamayishi ham barcha ayollarni bezovta qiladi.
Gipoestrogeniya turli xil asoratlarning paydo bo‘lishida boshlang‘ich nuqtadir. Bularga yurak-qon tomir, urogenital, osteoporotik va boshqa salbiy klinik belgilar qo‘shiladi. Ushbu davrda menopauza sindromi mavjud bo‘lgan barcha ayollar o‘z sog‘liqlariga e’tibor berishlari muhimdir.
Bu davrda ayollar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin? Birinchidan, bu urogenital asoratlardan peshob tutolmaslik, jinsiy a’zolar shilliq qavatining quruq bo‘lib qolishi kabi alomatlardir. Bu esa jinsiy faoliyatdagi buzilishlarga olib keladi.
Yurak-qon tomir kasalliklari – gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, ishemik yurak kasalligi rivojlanishi va keyinchalik bemor davolanmasa bu jarayon chuqurlashib insult va yurak infarktiga olib kelishi mumkin. Osteoporotik buzilishlar – bu osteopeniya va osteoporoz bo‘lib, u ham qonda ayollar gormoni, ya’ni estrogenning qonda pasayishi natijasida yuzaga keladi. Ammo agar urogenital va yurak-qon tomir tizimidagi asoratlar aniq belgilari bilan yuzaga kelsa, unda osteoporoz dastlab hech qanday alomat bermaydi. Ayol osteporoz (suyaklarning zichligi kamayishi natijasida uning mo‘rt bo‘lib qolishi) rivojlanishini bilmasligi ham mumkin. Shuning uchun bu kasallik makkordir. Bu o‘z-o‘zidan hech qanday alomat bermaydi. Ko‘pincha osteoporoz faqat suyaklar darz ketib yoki singandan keyin aniqlanadi. Osteoporoz rivojlangandan so‘ng suyaklarning oldingi zichligini tiklash mumkin emas. Uni davolash faqat keyingi jarayonni to‘xtatishi mumkin.
Xo‘sh, osteoporoz nima? Osteoporoz suyak to‘qimalarining tarkibida kalsiy va boshqa mikroelementlarning yetishmasligi natijasida suyak to‘qimalarining hujayralarining yo‘q bo‘lib ketishi tufayli ularning zichligini o‘zgarishiga olib keladi. Osteopeniya bu osteoporozning rivojlanishida birinchi qadam bo‘lib, u suyaklarning noziklashuvi bilan bir qatorda kamroq darajali bo‘ladi.
So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan, bizning mamlakatimizda ham osteoporoz bilan bog‘liq bo‘lgan genlar aniqlanib ushbu patologiyaning rivojlanishini taxmin qilish va o‘z vaqtida uning oldini olishga harakat qilish mumkin. Osteoporozning oldini olish va uni davolash uchun zarur bo‘lgan kalsiy va D vitamini kabi dori vositalari mavjud. Biz shifokorlar esa menopauza sindromi bezovta qilayotgan opa-singillarimizga zarur dori-darmonlarni va ularning dozalarini tanlashga yordam beramiz.
Odatda ayollarda kimdadir 35 yoshdan va yana kimdadir 55 yoshdan klimaks boshlanishi mumkin. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra reproduktiv a’zolari (bachadon va uning ortiqlari, ya’ni, tuxumdonlar hamda bachadon naylari) jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan bo‘lsa klimaks barvaqt boshlanadi. Axir kasallikning oldini olish keyinchalik uni davolashdan va uning asoratlaridan ham osonroq kechadi. Shuning uchun aziz ayollar o‘z vaqtida ginekologga murojaat eting. Tarkibida Ye darmondorisi mavjud vitaminlar (undirilgan bug‘doyning oqish maysasi, bedana tuxumi, uy tovug‘i tuxumining sarig‘i, dukkakli va donli mahsulotlar, xandon pista, shuningdek, kungaboqar pistasi) reproduktiv a’zolarga ijobiy ta’sir etadi. Ayol ko‘p terlasa uning organizmi suyuqlik yo‘qotadi. Shu sababli u gazsiz mineral suv hamda tabiiy meva-sabzavotlar sharbatlarini ichib yurishi zarur.
Dinara AZIZOVA,
tibbiyot fanlari nomzodi