Ta’lim uchun kredit. U qanday beriladi?
Farovon hayot kechirish uchun inson muttasil ravishda ilm olmog‘i kerak. Shubhasiz, olingan bilim insonning oilasi, yurti taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi.
Ta’lim sohasini rivojlantirish, uni tubdan isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birgina misol, bugungi kunda respublikamizda jami 78 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ulardan 7 tasi chet el oliy ta’lim muassasasi filiallari sanaladi. Joriy yilning o‘zida OTMlarining bakalavriat bosqichiga 66 ming 316 nafar, magistratura yo‘nalishiga esa 5000 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Ularning 18 ming 194 nafari bakalavriat, 1 ming 556 nafari magistratura yo‘nalishida davlat granti, 48 ming 122 nafar bakalavr hamda 3 ming 444 nafar magistr to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi qabul rejasiga kiritilgan.
Oliy ta’lim muassasasida tahsil olish har bir yosh yigit-qizning orzusi. Bejizga talabalikni “oltin davr”ga mengzashmaydi. OTMlarning test natijalari e’lon qilinishi bilan aksariyat yoshlarning sevinchi ichiga sig‘maydi. Axir, talabalik baxti hammaga ham nasib etavermaydi-da.
Ammo, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan ayrim yoshlar oldida iqtisodiy muammolar borligi ham hech kimga sir emas. Mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishiga yanada keng imkoniyatlar yaratish, oliy ma’lumot olayotgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi 318-sonli qaroriga muvofiq, “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan. Bu nizomning asosiy jihatlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish aksariyat talabalar, ularning ota-onalari uchun muhim sanaladi.
“Ta’lim krediti” qanday olinadi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi qarori yoshlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuning barobarida aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy muhofaza qilishga qaratilgani bilan ham muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Ushbu qaror Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlarning ta’lim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, oliy ma’lumot olayotgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditlari berish tartiblari belgilangan. Bu tartib mamlakatimizda 2001–2002 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etib kelinmoqda.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditlari berish, ularni qaytarish, to‘lovning ta’minlanganligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi. Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.
Ta’lim krediti qancha muddatga berilishi ko‘zda tutilgan?
– Ta’lim kreditlari, Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davri bu muddatga kirmaydi.
Ta’lim kreditlarini berishda imtiyozlar nazarda tutilganmi?
– Ta’lim kreditlari chin yetimlarga, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va III guruh nogironlariga foizsiz beriladi. Talabalarning qolgan toifalariga esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalari belgilanadi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit berishda ham imtiyozlar mavjud bo‘lib, ushbu toifadagi fuqarolarga berilgan ta’lim kreditlari bo‘yicha ko‘shilgan foizlarning 50 foizi mehnat, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy muhofaza qilish tuman bo‘limlari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Kredit uchun bankka qanday hujjatlar taqdim etiladi?
a) ta’lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. O‘qish uchun to‘lov miqdori keyingi yillarda o‘zgargan hollarda kontraktlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy ta’lim muassasasi o‘n kun muddatda bankka yozma ravishda ma’lum qiladi, so‘ngra qarz oluvchi, bank va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnoma;
g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanganlar, bolalikdan II va III guruh nogironlari, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
Olingan kredit qaytarilmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim, uning amalga oshirilishi unga qo‘yilgan asosiy talab hisoblanadi:
– mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
– bankning kafolati;
– uchinchi shaxsning kafilligi;
– sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;
– fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin etimlar va “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanganlar, bolalikdan II va III guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun).
Bank qarz oluvchi tomonidan kredit olish uchun taqdim qilingan ariza va boshqa hujjatlarni o‘rganib chiqadi.
Agar kreditni qaytarish ta’minlanishi sifatida kafolat yoki kafillik shartnomasi taqdim qilingan bo‘lsa, bank garant va kafilning moliyaviy ahvolini baholaydi. Taqdim etilgan hujjatlar bank talablariga javob bersa, bank, qarz oluvchi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.
Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so‘rab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan to‘la hujjatlar to‘plamini 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqishi va kredit shartnomasini imzolashi yoki kredit berilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi ko‘rsatilgan yozma xulosa berishi lozim.
Ta’lim krediti qarz oluvchining ssuda hisob raqamidan uning shaxsiy yozma topshirig‘i asosida oliy ta’lim muassasasining talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan beriladi.
Kreditni to‘lash shartlari qay tartibda amalga oshiriladi?
Ta’lim kreditlari bo‘yicha mablag‘lar kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda har yarim yilda o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini ikki teng qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Bunda yangidan qabul qilingan talabalar uchun birinchi yarim yillikda o‘qilganlik uchun boshlang‘ich to‘lov joriy yilning 1 oktyabrigacha, ikkinchi yarim yillik uchun navbatdagi kalendar hisobida yilning 15 martigacha to‘lanadi.
Ta’lim kreditlari uchun foiz to‘lash ta’lim muassasasiga o‘tkazilgan summa berilgan vaqtdan, asosiy qarzni qaytarish esa talaba tomonidan oliy ta’lim muassasasida o‘qishning ta’limning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddati tugallangandan so‘ng, ayrim kurslarda takroran o‘qish muddati hisobga olinmasdan, uch oy o‘tgandan so‘ng boshlanadi.
Qarzdor tomonidan kreditni qaytarish naqd pulda, shuningdek, naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hisobidan amalga oshiriladi.
Kredit olgan talaba biror sabab tufayli talabalar safidan chiqarilsa, to‘lov tartiblari qay yo‘sinda amalga oshiriladi?
Agar talaba o‘qish davri tugamasidan talabalar safidan chiqarilsa, ta’lim muassasasi rahbariyati – rektor (direktor)ning buyrug‘i chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bankka xabar berishi kerak. Qarz oluvchi esa o‘z navbatida uch oy muddatda ta’lim krediti va unga qo‘shilgan foizlar bo‘yicha qarzlarni to‘liq qaytarishi lozim. Talabaning talabalar safidan chiqarilishi oliy ta’lim muassasasi tomonidan bankka o‘z vaqtida ma’lum qilinmagan taqdirda, ta’lim muassasasi ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka to‘lashga majbur. Ushbu shartlar bank, qarz oluvchi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasida aks ettirilishi kerak.
Qonun hujjatlari asosida Xurshida HUSENOVA tayyorladi.