BMT binosida Registon maydonining maketi o‘rnatildi
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasining tuhfasi – Registon maydonining maketi topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Tadbirda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jen Bigl, Bosh Assambleya sessiyasiga kelgan diplomatlar, BMT axborot markazi xodimlari qatnashdi.
Insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan mamlakatimizda ilm-fan, madaniyat, savdo, me’morlik, hunarmandlik azaldan rivojlangan. Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan Samarqandda turli o‘lkalardan kelgan insonlar ahil-inoq yashagan. Registon esa ana shunday qadimiy va umumbashariy shaharning betakror ramziga aylangan. Majmua 2001 yilda YUNYeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Registon bugungi kunda ham dunyo sayyohlarini o‘ziga tortmoqda. Bu yerda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali uning dovrug‘i va xalqlar do‘stligidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Registon maydonining maketi yurtimizning qo‘li gul usta hunarmandlari tomonidan yasalgan bo‘lib, qimmatbaho metall va go‘zal milliy naqshlar bilan bezatilgan.
O‘zbekistonning «tashrif qog‘ozi» bo‘lmish ushbu eksponatning BMT shtab-kvartirasining eng gavjum joylaridan biriga, BMT Xavfsizlik kengashi va Bosh Assambleya zallari o‘rtasidagi foyega o‘rnatilganida o‘ziga xos chuqur ramziy ma’no bor, dedi davlatimiz rahbari.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jen Bigl shunday go‘zal va teran mazmunga ega tuhfa uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Marosim BMT kanallari orqali efirga uzatildi.
Nyu-York, 19 sentyabr.
O‘zA maxsus muxbiri
Anvar Samadov xabar qiladi.