Partiya fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi yangi qarorlarning ahamiyatiga bag‘ishlandi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida o‘tgan haftada Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qator qarorlarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Prezidentimizning 2017 yil 9 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur sohada yangi vazifalarni belgilab berdi. Qaror asosida maktabgacha ta’lim bo‘yicha yangi tizim shakllanadi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 sentyabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amalga oshirilishi qator ijtimoiy masalalar, xususan, bandlikni ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytiradi.
Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha alohida ish reja ishlab chiqish, uning bajarilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatishga kelishib olindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi hamda 15 sentyabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarini targ‘ib-tashviq etish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Nurillo Nasriyev,
O‘zA