Mutaxassislar fikri: chekishni tashlash uchun yugurish bilan shug‘ullanish kerak
10 haftaga mo‘ljallangan Run to Quit dasturida 2016 yili Kanadada 178 nafar chekuvchi ro‘yxatga olindi. Ushbu dastur yugurish (uning tub maqsadi besh kilometr yugurishdan iborat), chekishdan tiyilish yoki ochiq havoda sayr qilish bo‘yicha maslahatlarni, shuningdek mutaxassislarning telefon orqali beradigan maslahatlarini o‘z ichiga oladi, deb xabar beradi Deccan Chronicle nashri.
72 nafar ko‘ngilli oxirigacha dasturda qolishdi. Ishtirokchilarning 91 foizi chekishni kamaytirdi. 37 nafar qatnashchi esa chekishni butunlay tashlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu uglerod monooksidini tekshirib ko‘rish orqali aniqlandi. Ular oradan olti oy o‘tgandan so‘ng ham qaytib chekmadi. Dasturda qatnashish davomida ishtirokchilar organizmidagi uglerod monooksidining o‘rtacha darajasi uch hissa kamaydi. Bundan tashqari, dastur odamlarning ruhiy salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ilgariroq olimlar chekish ruhiyatga salbiy ta’sir qilishini, masalan, o‘ziga ishonchsizlikni keltirib chiqarishini isbotlagan edi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.