Quyoshim enam
Enam…
Enam uyda mol-hol so‘yilguday bo‘lsa yuragini avaylab oldirib qo‘yadi:
– Akalaring jeydi, jo‘raklari tovday bo‘lsin, iloyim.
Jigariyu bo‘yragini olib qo‘yadi volidam:
– Kelin, chalaroq qilib qovur, bolalarimning bo‘yrak, jigari sov bo‘lsin. Otang aytuvdi Ibn Sino yozganakan, odam qaysi a’zosi sov bo‘lishini xohlasa mol, qo‘yning ana shu a’zosini tez-tez jeb turishi keragakan, – deydi mehribonim.
Bu mehrli gaplarni eshitib akalarimning ko‘zlarida yana chaqmoq chaqnaydi:
– Ota, ena, bila jeymiz, – deyishadi ular.
Dasturxon yozilib, ovqat suzilib, tovoq keltirilsa, enam hovlining to‘riga ovoz beradi:
– Bobo-yov, kelag‘ang, ovqat sovidi…
Otam qotma, bo‘yi o‘rtadan baland, yuzi zahiltob, malla-yashil aralash ko‘zlari o‘tkir, qoshlari o‘siq, har bir so‘zidan aql va mantiq aks etib turadigan odam. U qarashlari ma’nili, ma’rifatli, bilimli, gapi keskir, adolatsizlikni yomon ko‘radigan, yetim-esirni, ojizlarni qo‘llaguvchi, ana shu masalada qarshilik ko‘rsatganlarga nisbatan shafqatsiz odam. Otam o‘zining obro‘sini biladi. O‘ylamay, mulohaza qilmay gapirmaydi. Gapi o‘tkir va achchiq, toshni kesadi. O‘n to‘rt yoshida hashar yo‘li bilan maktab qurdirgan, qishloqning birinchi ziyolisi. O‘n sakkiz yoshidan maktab rahbari lavozimida ish boshlagan. Elning oldi otam. Otam tufayli bizning uy maslahatxonaga o‘xshaydi. Biz bilgan, bilmagan odamlar boshiga yaxshi yoki yomon kun tushsa, otamni daraklab kelaveradi. Va ular hech mahal bizning uydan non-nasibasiz chiqib ketmaydi. Yaxshiyu yomonga, tanishu notanishga dasturxonimiz hamisha ochiq.
Ana shu elning oldi otam ovqat suzilganini eshitsa ham shoshilmay, xotirjamlik bilan uy tomon yuradi. Xotirjamlik bilan ust-boshini qoqadi. Yanada xotirjamlik bilan qo‘l-betini yuvadi, shoshilmay artinadi. O‘ziga ishonch bilan dasturxonning to‘ridan joy oladi. Ana shunday. Bizning uyda otam dasturxon boshiga kelmaguncha tovoqqa qo‘l cho‘zilmagan hech mahal. Bularning bari bizning ongu shuurimizga saboq bo‘lib singigan. Bu enamning sabog‘i.
***
Enam…
Rahmdil, kishining haqidan hamisha qo‘rqadigan enam. Har kuni oqshom cho‘kib, poda qaytib, mol-hollar ega-egasiga topshirilgach, Badaxshonning gurpillagan tuproqli ko‘chalarida Norqobil podachi – Dalov buvaning tovushi yangraydi:
– Osh, halol-hov, osh-halol…
Badaxshonlik ayollar odat bo‘yicha kechki ovqat uchun nima pishirgan bo‘lsalar bir kosadan podachi haqi uchun olib qo‘yadilar. Ertadan kechgacha elning mol-holini boqqan Dalov podachiga ayollar quyuq-suyuq ovqatlarni ilinadilar. Kimdir sho‘rva, kimdir palov, kimdir shirguruch, kimdir moshkichiri, yana kimdir g‘ilmindi…
– Bolam, podachi buvangga oshni go‘shtliroq qilib opqo‘yinglar, – deydi enam.
Biz bolaligimizga borib ijirg‘anganday bo‘lamiz. Enam bu qilig‘imizga norozi qaraydi:
– Shuncha moldi tuyog‘iga xiyonat qimay boqish osonma? Kelin, go‘shtini uyub sol, – deydi enam chechamga. – Narigi dunyoda qorz bo‘mayiq. Bechora Dalov buva Badaxshonning molini bu yog‘i To‘rtog‘ayin, bu yog‘i Nagahan, bu yog‘i “Madaniyat” qilib aylantirib bog‘adi. Ichayatgan sut-qotig‘ing, qaymog‘ingning mazzasi ana shundan. Betingdi tosh olma jeganday burishtirma, bolam. O‘zlaring shuytib bog‘alasilarma? O‘qishdan kechib…
Biz jim bo‘lamiz. Xursand, Bo‘ston degan qizlariyu Fotima otlig‘ kampiri bilan yashaydigan Dalov buva enamni juda uzoq duo qiladi.
– Bolam, bolalaring rohatini ko‘r, kam bo‘magin, Omonqul bilan qo‘shsha qarigin, ilohi omin. Elding molini bog‘ayotganimga mingdan-ming roziman. O‘lsam shular ko‘madi-da, bolam, – deb uyiga jo‘naydi.
Enam podachi ketgach xomush bo‘lib qoladi:
– Xudo har bir odamni bandam, desin. Qarigan chog‘ida mol boqish bu kishiga osonma? Xudo Potma chechamga bittagana ul berganda-ku, buytib qiynalib jo‘rmayidi, – enam ko‘ylagining yengi bilan ko‘zlarini artib qo‘yadi.
***
Enam…
Avlodining sog‘lom bo‘lishini hamma narsadan ustun bilguvchi enam. Erkin akamning ayoli Anorxol yangam to‘ng‘ichiga yuk ko‘tardi. Enam yangamga parvona bo‘ladi. Tilaganini yetkazdiradi.
– Bunday payt ayol kishi nima xohlasa yeyishi kerak. Bo‘lmasa bolaning sog‘lig‘iga ta’sir qiladi, – deydi enam. So‘ng bizga yuzlanadi: – Yangang biror narsa jeyayotganda tirg‘ilmanglar. O‘z erkida, to‘yib jesin.
Shuncha asrab-avaylansa ham bola tug‘ilish muddatidan o‘tib ketdi. Endi otam, enamning xotirjamligi buzildi. Yangamni katta-katta do‘xtirlarga ko‘rsatishdi. Xullas, ona qornida o‘n bir oylik bo‘lgan bola sun’iy yo‘l bilan tug‘dirib olindi. Polvon bolaga Husniddinjon deb ism qo‘yildi.
– Xolajon, tug‘ilayotganda miyasi ozroq siqilgan. Endi ona-bolaga alohida e’tibor, ko‘proq toza havo kerak, – dedi Havo opa degan do‘xtir ayol.
Do‘xtirdan qaytgan yangam bilan chaqaloqni uyda xonni kutganday kutib oldik. Endi yangamning har bir kuni, soati xursandchilik bilan o‘tishiga e’tibor qaratdi enam. Qo‘lini sovuq suvga urdirmadi. Erkin akam ishi tufayli uyga kech qaytar, ovqatlanib, besh-o‘n daqiqa dam olardi. Keyin yangam, chaqaloq uchchalovi kechki sayrga chiqib ketishardi.
Qish o‘tdi, bahor o‘tdi, yoz keldi. Qamashida yozning issig‘iga uncha-muncha odam dosh berolmaydi. Otam bilan enam maslahatni bir joyga qo‘yishdi. To yoz o‘tib kunlar salqinlaguncha yangam bilan chaqaloq G‘urjobda, quda buvamnikida yashaydigan bo‘lishdi.
– Bola bir yoshga yetguncha xatar bor, degan do‘xtir. Unga toza havo kerak. – dedi enam.
– Ota, ena odamlar nima deydi? – istihola bilan dedi Erkin akam.
– Odamlar bilan ishing bo‘masin. Bolaning sog‘lig‘i bizga kerak. Qudamning qishlog‘i salqin, hovli to‘la mevali daraxt, yonlaridan katta kanal oqadi. Bolaga shunday havo kerak. Tez-tez borib xabar olib turamiz. Ularga malol kelmasligi uchun yaxshilab xarajat qilinglar. Bolam, silarding bolalaring bizning avlodimiz. Falonchining nevarasi kasalmand ekan, degan isnod nimaga kerak? – gapini qat’iy qildi enam.
– Ena, ro‘zg‘ording ishi nima bo‘ladi? – yana xijolatomuz dedi akam.
– Ay, bolam ro‘zg‘orda nima tashvish bor? Shu to‘rtta odamning ovqati, kir, supir-sidirma? Ana Momogul yangang eplab turadi. Ro‘zg‘or tashvishi deb bola nimjon bo‘p qolsa, bu tashvish bir umr tugamaydi.
Ertasi bir mashina bo‘lib yangam va jiyanchamni quda buvamnikiga tashlab keldik.
– Bolam, nevaram bilan kelinimdan tez-tez xabar olib turamiz. Hamsoyalari gap ko‘paytirsa, Anorxol xafa bo‘ladi. Emizikli ayol xafa bo‘lsa, suti bolaga zarar qiladi, – ta’kidlaydi enam.
Har yakshanba kuni bozor-o‘char qilib enam boshchiligida G‘urjobga jo‘naymiz. Ertalabdan kechgacha mehnatkash, jannatiy quda xolam, mehribon, mehmondo‘st quda buvamning bog‘ida yayraymiz.
Ana shunday qilib bola bir yoshga to‘ldi. Ammo jiyanim to besh yoshga yetguncha har yili yozda yangam bilan G‘urjobga jo‘naydigan bo‘ldilar.
– Xudoga shukur, Husniddinjon otday yigit bo‘ladi. Otang bilan mening ajdodlarimiz baquvvat bo‘lgan, ana shu narsa silarding bolalaringda davom etishi kerak. Xudo sharmanda qilmasin, – deydi enam.
Kelinlarini arzimagan kamchilik uchun o‘tdan olib o‘tga soladigan qaynonalarni ko‘rib bag‘rikeng enamdan faxrlanib ketaman.
Guljahon MARDONOVA